Eden Azar «Real» safiga qo'shilganidan buyon ilk marta sobiq klubi - «Chelsi» stadioniga tashrif buyurdi va madridlik muxlislardan o'ziga nafrat «sotib oldi». «Qirollik klubi»ning o'yinda 0:2 hisobida yutqazib, ChL finalidan chetda qolgani belgiyalik yarim himoyachi reaktsiyasida uncha sezilgani yo'q.
«Real Madrid» muxlislari hozirda boshqa o'yinchilar va Azarning mag'lubiyatga reaktsiyasini solishtirib, belgiyalikka g'azab bilan qarashmoqda: «Krishtianu Ronaldu 2012 yili «Bavariya»ga yutqazilganidan keyin «Real»dan ChLdagi 1ta g'alaba uchun qarzdor ekanligi va boshqa yutqazishni xohlamasligini aytgandi. U shunga yarasha, keyinchalik ChL bosh sovrinini 4 marta boshi uzra baland ko'tardi. Endi Azarning mag'lubiyatga munosabatiga qarang...».
Eden Azarning ChL yarim finalidan o'rin olgan «Chelsi»ga qarshi birinchi o'yindagi statistikasi: 24 daqiqa harakat, zarba yo'q. O'sha bahsda kuchlar teng keldi - 1:1. Madriddagi uchrashuvdan keyin suratkashlar Azarning jilmayib turgan holatini «ushlashdi». Belgiyalik yigit quvnoq holda, eski jamoadoshlari bilan suhbatlashib, ularni samimiy quchoqladi.
5 may kuni esa Eden Azar «Real» tarkibida ilk marta «Stemford Brij»ga tashrif buyurdi. «Qirollik klubi» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan o'yindan oldin aynan belgiyalikka alohida to'xtaldi: «U bu erga tayyor holda keldi, bu quvonarli hal, albatta. Eden bizga kerak, qanday salohiyatga egaligini yaxshi bilamiz. Umid qilamanki, u jamoaga yordam bera oladi».
Amalda Azar «Real»ga aytarli yordam berolmadi. Uning javob o'yinidagi statistikasi: 89 daqiqa harakat, 1ta zarba, bu ham noaniq. Qolaversa, Azar 3ta vaziyatda yaqqol xato qilib, to'pni raqiblarga oldirib qo'ydi, 5ta yakkakurashda engildi. Yakunda «Real» 0:2 hisobidagi mag'lubiyatni tan olib, ChLdan chiqib ketdi. Bunday holatda har qanday futbolchi kiyinish xonasida jamoa alamiga sherik bo'lishi kerak. Biroq Azar boshqacha yo'l tutdi - yana «Chelsi» vakillari yoniga oshiqdi, ular bilan kulishib, chaqchaqlashdi. U hattoki, o'ziga tanish bo'lmagan Eduar Mendi bilan ham hazillashdi (to'g'ri, bunda asosan Kurt Zumaga qarab kuldi).
M.PO'LATOV tayyorladi