Madridning “Real” klubi yakuniga etayotgan mavsumda juda muhim o'yin yoki o'yinlar arafasida turibdi. “Yoki” deb ajratishimizga sababi Toshkent vaqti bilan aytilsa, 14 may soat 01:00da boshlanadigan “Granada”ga qarshi o'yinning natijasi keyingi uchrashuvlarning qiymatini belgilaydi. G'alaba kurashning faol tarzda davom etishini anglatsa, ochko yo'qotilishi “Atletiko”ning chempionligiga yarim qadam qoldi, degani bo'ladi.
Nima bo'lgan taqdirda ham mavsumning oxirida turibmiz. Nazdimda, ba'zi birlamchi tahliliy xulosalarimizni qilsak bo'ladi. Xususan, Zidan jamoasiga butun mavsum davomida nima ko'proq muammo keltirdi? Birinchi bo'lib xayolga keladigani bu shubhasiz – JAROHATLAR! Ularning soni koronavirus yo'qotishlarini hisoblamaganda – 53 ta. Ko'p. Ancha ko'p.
Tahlillar jarohatlarning aksari jismoniy tayyorgarlikdagi xatolar va yuklamaning noto'g'ri taqsimlanishi bilan bog'liq ekanini ko'rsatmoqda. Bunday vaqtda jismoniy tayyorgarlik murabbiyi bosh javobgarga aylanadi. “Real”da esa bu lavozimda 2019 yil yozidan buyon Gregori Dyupon ishlab kelmoqda. Undan avvalgi uch mavsumda esa – Antonio Pintus Ronaldu etakchiligidagi klubning jismoniy holatiga mas'ul edi. Pintus Madriddan so'ng Milanga ko'chib o'tib, “Inter” bilan joriy mavsum Italiya chempioniga aylanib ulgurdi. Ammo “Real”da ishlar aynan shu jabhada keskin oqsay boshladi.
Eden Azar bilan bog'liq holatni misol keltirib o'tirmayman. Buni hammamiz shundog'am yaxshi ko'rib turibmiz. Serxio Ramos, Lukas Vaskez, Ferland Mendi, Federiko Valverde, Isko va Karvaxal kabi futbolchilarning surunkali jarohat-u asoratlar ta'sirida yurishi Dyuponni eng kamida o'ylantirishi lozim. Qo'shimchasiga jarohatlar soni bo'yicha chempionlik kurashidagi raqobatchilari bilan solishtirib chiqilsa “Real” eng kamida 10+ ko'rinishida oldinda borayotganini ko'rish mumkin bo'ladi. Albatta shu holatda ham klubning EChL ½ finaliga borgani, La Ligada birinchilik uchun kurashayotgani yomon natija emas, biroq “Qirollik klubi” muxlislariga bu kamlik qilishini hammamiz yaxshi tushunamiz.
Adolat o'rnida jamoa tarkibidagi asosiy futbolchilarning yoshi o'tib borayotganini eslatib o'tish zarur. Ya'ni, “Real” umumiy avlodlar almashinuviga muhtoj. Madridda bunday jarayon boshqa joylardagi kabi akademiya vakillari bilan emas, yirik transferlar bilan amalga oshadi. Yoz esa yaqin. Peres futbolchilar bilan birga jismoniy tayyorgarlik murabbiyi lavozimini ham bir yaxshilab o'ylab ko'rishi kerak menimcha.
Orif Tolipov.