Baribir Ispaniyada kimdir chempion bo'ladi, lekin, bu yil haqiqiy chempionlarga xos o'yin ko'rsatayotgan jamoa La Ligada yo'q degan bo'lardim.
Nimadan bilish mumkin? Masalan, «Atletiko»da oxirgi 45 o'yinda atigi 2 yirik g'alaba bor, «Real»da oxirgi 35 o'yinda bir dona. «Barselona» umuman oxirgi 8 o'yinda atigi bir marotaba ishonchli o'yin ko'rsatdi xolos - ikki mag'lubiyat, ikki durang, ikki kambek.
Ishonchli, boshqacha aytganda, «ishchi g'alabalar» har qanday chempionda ko'p bo'lishi kerak. Bu barqarorlikdan darak - aytaylik, 10 o'yindan 6 tasi mana shunday «ishchi g'alaba», 2 tasida qiynalib yutiladi, 2 tasida mayli, ochko yo'qotilishi mumkin.
Ispaniya grandlari esa, hamma o'yinda qiynalishmoqda, demak, ochko yo'qotish ehtimoli ham oshadi. Bu shuni anglatadiki, hali «Real» ham, «Atletiko» ham, qolgan nechtadir o'yinni yutadi, deyish mushkul. Katta ehtimol, bu mavsum chempionlik bir jamoa tomonidan yutilmaydi, ikki jamoa tomonidan yutqaziladi.
Tolstoy aytganidek, baxtsiz oilalarning har biri o'zgacha baxtsiz, sabablar har xil, lekin umumiylik bor. Pandemiya o'z ta'sirini ko'rsatmay qolmadi. Aynan shu faktordan kelib chiqsak, «Manchester Siti», «Bavariya» va «Inter»ga qoyil qolish kerak.
Qahramon Aslanov.