Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Zinedin Zidan Ispaniya chempionati 35-turi doirasida «Sevilya»ga qarshi kechgan o'yindan (2:2) keyin o'z fikrlarini bildirdi.
"Bu erda yuz foiz adolatsizlik bo'ldi. Men hech narsani tushunmadim. Agar Militaoda qo'l bilan o'ynash holati qayd etilgan bo'lsa, undan avval «Sevilya»da ham xuddi shunday vaziyat bo'lgandi.
Hakamning izohlari meni ishontira olmadi. Men hech qachon hakamlar haqida gapirmaganman, biroq bugun jahlim chiqdi.
Nima bo'lishidan qat'i nazar o'tgan ish o'tdi. Biz hech narsani o'zgartirmoqchi emasmiz. O'z o'yinimizdan qoniqyapmiz, biroq yaxshiroq natijaga loyiq edik, sababi ikkinchi bo'limni tajovuzkor o'tkazdik.
Men ortiq hakamlik haqida gapirmoqchi emasman. Bu vaziyatga hech qanaqasiga tushuntirish bo'lmaydi va bu meni bezovta qiladi. Hakam menga qoidalarni tushuntirsin, bori shu", - deydi Zidan.