«Real Madrid» va jamoa sardori Serxio Ramos o'rtasidagi shartnomani uzaytirish bo'yicha muzokara boshi berk ko'chaga kelib ulgurgan.
Marca nashrining yozishicha, ushbu masaladagi vaziyat yanvardan beri o'zgarmagan. Ispaniyalik 2 yillik shartnoma xohlamoqda va klub unga taklif qiladigan maosh juda muhim emas. Ramos o'zining ko'rsatgan o'yini klubda yana 2 mavsum qolishiga loyiq ekanligiga ishonmoqda.
Madrid rahbariyati esa shartnoma muddatini uzaytirmoqchi emas. Uning amaldagi shartnomasi joriy yilning yozida yakunlanadi.
«Qirollik klubi» ayni vaqtda Rafael Varan hamda Nacho Fernandesning shartnomalarini uzaytirish bo'yicha muzokara o'tkazmoqda. Ularning shartnomasi kelasi yilning yozida tugaydi.
Frantsiyalik bilan muzokara oson o'tayotgani yo'q. «Real» yana bir bor o'yinchiga taklif bilan chiqadi, agar u rad etsa transferga qo'yiladi. Nacho bilan esa muammo yo'q. U «Real»da qolishni istaydi.