"Real" himoyachisi Marselo Evropa chempionlar ligasi yarim final bosqichidan o'rin olgan "Chelsi"ga qarshi javob o'yinida ishtirok eta olmasligi mumkin. Eslatib o'tamiz, javob uchrashuvi 5 may kuni Londondagi "Stemford Brij" stadionida bo'lib o'tadi.
"Marca" tarqatgan xabarga ko'ra, "qaymoqranglilar"ning braziliyalik himoyachisi 4 may kuni bo'lib o'tadigan Madrid assambleyasi saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun taklifnoma olgan. Shu bois, u jamoa bilan Londonga bora olmaydi.
"Real" rahbariyati ushbu taklifnomani bekor qilish yuzasidan apellyatsiya berdi, ammo futbolchini ushbu vazifadan ozod qilish borasida yakuniy qaror hali qabul qilinmadi.
Marselodan tashqari "Real"ning yosh himoyachisi Viktor Chust ham ushbu saylovga taklif etilgan.