Evropa Chempionlar Ligasi o'zining eng qizg'in pallasiga chiqdi. Poygada faqat to'rt jamoa qoldi. Ulardan ikkisi bugun o'zaro to'qnash keladi — Madridda haqiqiy titanlar jangi bo'lib o'tadi.
Futbol olamida inqilob qilishga urinish barbod bo'ldi, Superliga loyihasi bir necha kun ichida muvaffaqiyatsizlikka yuz tutdi. Florentino Peres taslim bo'lmayapti va Superligani tashkil qilish g'oyasidan kechmayapti, bu orqali u UEFAning asosiy dushmaniga aylandi. Biroq madridliklarni Chempionlar Ligasidan chetlatish haqidagi gaplar hozircha faqat gapligicha qolmoqda. Bu shuni anglatadiki, Evropaning eng nufuzli musobaqasidagi «Real» va «Chelsi» jamoalari o'rtasidagi uchrashuv avvaldan belgilangan vaqtda bo'lib o'tadi.
Murabbiylar to'qnashuvi
Zinedin Zidan va Tomas Tuxel qarama-qarshiligi muxlislar orasida u qadar mashhur emas. Biroq ular bunga qadar o'zaro to'rt bor to'qnash kelishga ulgurgan va ularda Tuxel frantsiyalik hamkasbiga yutqazmagan. Tuxel qo'l ostidagi «Borussiya» 2016 yilda EChL guruh bosqichida «Real» bilan ikki bor 2:2 hisobini qayd etgan. 2019 yilda esa «PSJ» boshqaruvida 3:0 hisobidagi yirik g'alaba va 2:2 hisobidagi durangni qayd etgan. To'rt o'yinda 15 ta gol (bir o'yinda o'rtacha 3,75) qiziqarli kurashni kafolatlaydi.
Qayd etish joiz, «Chelsi» Tuxel qo'l ostidagi birorta safar o'yinida hali yutqazmadi. Shuningdek, Tuxel Zidan Chempionlar Ligasida mag'lub etolmagan uch murabbiydan biri hisoblanadi.
«Real»
B guruhi avvaldanoq «o'lim guruhi» deb atalgandi. «Real» bu guruhni birinchi o'rinda yakunladi. Ammo bu ishni juda qiyinchilik bilan uddaladi. Guruhda qolib ketish xavfi so'nggi turga qadar saqlanib qoldi, yakunda 10 ochko «Borussiya M», «Shaxtyor» va «Inter»ni ortda qoldirishga etarli bo'ldi. 1/8 finalda Madrid jamoasi «Atalanta»ni qiyinchiliksiz taslim etdi (1:0, 3:1), chorak finalda esa «Liverpul» (3:1, 0:0) dog'da qoldirildi.
Eden Azar aynan sobiq jamoasiga qarshi o'yin arafasida safga qaytdi. Deyarli ikki yil avval Eden Azar «Chelsi»ni jahonning eng yorqin yulduzlaridan biri sifatida tark etgandi. Biroq belgiyalik futbolchining Ispaniyadagi ishlari yurishmadi. Salkam ikki mavsum davomida Eden 358 kunni jarohat bilan o'tkazishga majbur bo'ldi. U narx va daraja borasida «Real» tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz transfer sifatida e'tirof etilmoqda.
Azarning so'nggi jarohatini tiklashga 38 kun vaqt ketdi, nihoyat Eden «Betis»ga qarshi kechgan shanba kungi o'yinda maydonga tushdi va 14 daqiqa harakat qildi. Bu vaqt ichida Azar samarali harakatlarni amalga oshira olmagan bo'lsa-da, muhim o'yin oldidan o'yin amaliyotiga ega bo'ldi. Balki belgiyalik iqtidor egasi ushbu qarama-qarshilikdan keyin sobiq jamoasida qolib ketgan jangovarlik ruhining bir bo'lagini qaytarib olar...
Almashtirib bo'lmas yarim himoya triosi. Toni Kroos, Kazemiro va Luka Modrichni muammolarga ko'milib yotgan «Real»ni ushlab turgan tayanchlarga qiyoslasa bo'ladi. Ushbu trio nafaqat yorqin o'yini bilan, balki o'rinbosarlar yo'qligi uchun ham ushbu uchrashuvda maydonga tushishi deyarli aniq. «Real»ning o'yin uchun qaydnomasiga nazar tashlansa, bu uch futbolchidan boshqa Isko, Arribas va Blanko nomlarini uchratish mumkin. Biroq shuni unutmaslik lozim, Kroos kichik jarohat sabab madridliklarning so'nggi uch o'yinini o'tkazib yuborib, endigina safga qaytdi. Biroq Marca xabariga ko'ra, bu o'yinda ishtirok etish uchun germaniyalik futbolchiga hech narsa xalal bermaydi.
Bunday sharoitda Federiko Valverdening qo'shimcha kuch sifatida bo'lishi ayni muddao bo'lardi, biroq urugvaylik futbolchi koronavirusga chalinib qolgani bois ushbu bahsni o'tkazib yuboradi. Shuningdek, Lukas Vaskes, Ferlan Mendi va Serxio Ramos ham «Real»ga yordam bera olmaydi.
«Chelsi»
Londonliklar «Sevilya», «Renn», «Krasnodar» bilan bir guruhdan joy oldi va osonlikcha pley-off masalasini hal qildi. Nimchorak finalda «Chelsi» «Atletiko»ga ikkita o'yinda javobsiz uchta gol holda keyingi bosqichga yo'l oldi. Qur'a «ko'klar»ga yana omadli keldi va yarim final yo'lida «Portu» taslim etildi.
Hujumchilarga boy klub aynan oldingi chiziqda muammo sezmoqda. Tomas Tuxel jamoasi avvaliga ajoyib pragmatik o'yinlari bilan natijalar qayd etdi. Biroq so'nggi o'yinlarda bu pragmatizm kichik inqirozga olib keldi. «Aston Villa»ga urilgan to'rtta goldan keyin barchasi yaxshi tomonga o'zgarishiga umid tug'ilgandi, biroq «Chelsi» shundan keyingi to'rtta o'yinda bor-yo'g'i ikkita gol urdi. Jamoaning «Brayton»ga qarshi o'yindagi «xG» (kutilgan gollar) ko'rsatkichi 0,81 ni tashkil etgan bo'lsa, «Vest Hem» bilan o'yinda 2,52 ni ko'rsatdi. Bu o'yinlarda London klubi bor-yo'g'i bitta gol urdi. Biroq alohida ta'kidlash joiz, golga Timo Verner mualliflik qildi. Germaniyalik iqtidor egasining APL va «Chelsi»ga moslashish jarayoni qiynalayotgani va uzoq davom etgan quruq seriyasi — bu endi alohida mavzu.
Meyson Maunt Tuxel davrida ham asosiy o'yinchi bo'lib qolmoqda. Frenk Lempard «ko'klar»ni tark etganidan keyin muxlislarni xavotirga solayotgan sanoqli jihatlar biri Mauntning kelajagi edi. Sababi «Chelsi» tarbiyalanuvchisi «Derbi Kaunti»da ijarada yurgan vaqtdayoq Lempard qo'l ostida yorqin o'yin namoyish qilgandi. Mutaxassis Londonga kelgandan keyin ham Maunt asosiy tarkib o'yinchisiga aylandi. Tomas Tuxelning kelishi futbolchining jamoadagi holatiga salbiy ta'sir o'tkazmadi: Meyson hamon asosiy tarkibning ajralmas qismi bo'lib qolmoqda. U hali «Chelsi»ning «yuragi» bo'lishga ulgurmadi, ammo bu temp bilan yaqin orada bu darajaga etishiga shubha yo'q.
Ehtimoliy tarkiblar:
«Real»: Tibo Kurtua, Dani Karvaxal, Eder Militao, Rafael Varan, Nacho, Kazemiro, Luka Modrich, Toni Kroos, Marko Asensio, Vinisius Junior, Karim Benzema.
«Chelsi»: Eduard Mendi, Sesar Aspilikueta, Tiago Silva, Antonio Ryudiger, Ris Jeyms, Ben Chiluell, Ngolo Kante, Kristian Pulishich, Meyson Maunt, Kay Haverts.