“Borussiya D” yaqinda ECHLdan chiqib ketdi, Bundesligada esa avvalroq "Ayntraxt"ga mag'lub bo'ldi. "Arilar" mavsum yakunlariga ko'ra, ECHL yo'llanmasinin beruvchi zonaga kira olmasliklari ehtimoli kam emas! Evropaning asosiy musobaqasisiz esa Xoland qolib ketishni istamasligi turgan gap. SHu sabab, o'sishdan to'xtab qolmaslik uchun futbolchi yozdayoq jamoasini o'zgartirishi mumkin. Mish-mishlar oz emas. Ammo ikki asosiy variant mavjud – "Siti" yoki "Real". Manchesterda u dunyoning eng yaxshi hujumchisiga aylanishi mumkin, lekin shu bilan birga Erlingning o'zi Madridda o'ynashni xohlaydi...
Angliyaga yo'l olish uchun sabablar:1) "Manchester Siti”ning maromiga etkazilgan hujumkor futboli
"Real"da Zinedin Zidan hamon avlodlar almashinuvini qilib ololmayapti va yaqin orada nima bo'ladi, hech kimga malum emas. "SHaharliklar” esa hozirning o'zida top-darvozabon, mustahkam himoya, mahoratli yarim himoyachilar va aniq bir tizimli futbolga ega. Aynan shu sababli klub ispaniyaliklardan ko'ra, ko'proq vaziyat yaratmoqda va ko'proq gol urmoqda. Yani Xoland Angliyada shunchaki golli imkoniyatlarga ega bo'lishi mumkin. Qo'shimchasiga yozda jamoani Aguero tark etadi va norvegiyalik yaqin 10 yilga dunyoning eng boy klublaridan birining hujumdagi etakchisiga aylanadi!
2) Gvardiola qo'l ostida rivojlanish
Bu salohiyatli futbolchi orzu qilishi mumkin bo'lgan eng ideal variant! CHunki Zizu futbol o'ynashni o'rgatmaydi, u o'z ixtiyorida bo'lgan futbolchilarning kuchli jihatlaridan maksimal ravishda foydalanishni biladi. Pep esa futbolchilarni o'sishida katta rol o'ynaydi, ularning amplualarini o'zgartiradi, maydonda harakatlanish borasida ko'rsatmalar beradi va tezroq fikrlashga undaydi. Uning qo'l ostida o'zi shundoq ham top futbolchi bo'lgan Lam yoki Levandovski to'pga egalik qilishda yoki jamoaviy harakatlarda o'sishga erishdi. Yosh Erling esa hali ko'p jihatlarda o'sishi kerak, o'sa oladigan salohiyatga ega. Ispaniyalik murabbiy uni dunyoning eng ideal hujumchisiga aylantirishi mumkin!
3) U "Siti"da APL asosiy yulduziga aylanishi mumkin
Angliyaga o'zining Messi, Neymar yoki Levandovskisi etishmayapti. Asosiy yulduzlar De Bryuyne va Keyn deb oladigan bo'lsak, media olamida ularga talab u qadar yuqori emas. Xolland tumanli albionga ko'chib o'tishi bilanoq birinchi planga chiqishi aniq! Sababi bu mavsum futbolchi ulkan marketing salohiyatiga egaligini ko'rsatib berdi – misol uchun “Sevilya" posboni bilan "mojaro" yoki bir qancha shov-shuvli intervyular. Qo'shimchasiga Britaniyada forvard top-raqiblarga qarshi ko'proq maydonga tushadi va bu hamma uchun foydali bo'ladi.
4) "Man Siti"ga ham hozir Erling juda zarur
"SHaharliklar" tarkibida hujumlarni yakunlay oladigan top, sof hujumchi ko'rinmayapti. Aguero butun yil davomida davolanish bilan ovvora edi, Jezus va Sterling esa bazida 100% imkoniyatlarni ko'kka sovurishmoqda hamda bu bazida ECHLda pand berib qo'ymoqda. O'tgan mavsum "Lion"ga qarshi o'yin so'ngida Raxim qulay imkoniyatdan unumli foydalana olmagani va inglizlar musobaqani tark etgani futbol muxlislarining yodidan ko'tarilmagan bo'lsa kerak. Norvegiyalik bu muammoni hal qila oladi – hujumda Xoland bilan "Siti” deyarli kuchsiz nuqtasi yo'q jamoaga aylanadi! "Real"da Zidanning yoqimtoyi Benzema bor va oxirgi yillarda "Real Madrid"ga ne-ne hujumchilar kelib ketmadi deysiz. Erling Ispaniyaga yo'l olsa, kamida Karim bilan til topishishiga to'g'ri keladi.
5) Erlingga ruhan Manchester ko'proq mos keladi
"SHaharliklar” safida vaqtida futbolchining otasi Alf-Inge to'p tepgan va muxlislar uni iliq xotiralar bilan eslashadi. SHuningdek, "Siti"da asosiy bo'lishga intiluvchi yulduzlar deyarli yo'q. Erling u erda haqiqiy afsonaga aylanishi, klub tarixidagi va vaqt o'tishi bilan APL tarixidagi eng yaxshi to'purarga aylanishi mumkin. "Real" tarixidan joy olish esa norvegiyalikka qiyinlik qilsa kerak. Sababi Ronalduni quvib o'tish (hech bo'lmasa, unga etish) deyarli imkonsiz, klubga esa muntazam ravishda yangi-yangi yulduzlar keladi va Xoland Madridda "zo'rlarning biri" bo'lib qolaveradi.
"Real Madrid"ga o'tish uchun sabablar1) Zidanning futboli norvegiyalik uchun juda mos tushadi
Erlingning ustun jihatlari bo'sh zonalarga ega bo'lish, himoyachilar ortidagi bo'shliqqa katta tezlikda ochilib, to'pni qabul qilishdir. "Real"da esa bu ishni ustalari jamlangan. Fikrimiz isboti sifatida, Vinisiusning ECHL doirasida "Liverpul" darvozasiga urgan golini eslash kifoya. To'pni olib qo'yib, tezkor hujumlar, uzoq masofalarga to'p oshirishlar - "qaymoqranglilar" yarim himoyasining bu kabi hislatlari Xolandga katta yordam berishi turgan gap. Benzema esa asosiy yordamchi rolini qanday qoyillata olishini Ronaldu davridan yaxshi bilasiz. "Siti"da esa Xoland o'z o'yinini biroz o'zgartirishi, Gvardiolaning o'ziga xos futboliga moslashishi talab etiladi. SHunda ham "Siti"da o'zini topib keta olishi va hozirgidek "yondirishi"ga kafolat yo'q.
2) "Real" uchun "Yangi Ronaldu" bo'lish
Xoland - "Real" uch yildan buyon topa olmayotgan Krishtianuning ideal o'rinbosari. Norvegiyalik ham mashg'ulotlarda o'zining yangi qirralarini ochishni xush ko'radi va maydonda etakchilik sifatlarini ham ko'rib ulgurganmiz. Erling "qaymoqranglilar"ga mavsumdagi o'sha hozirda etishmayotgan 40 golni taqdim etadi va hujum chizig'idagi asosiy figuraga aylanadi. O'yin uslubi, harakatlari bo'yicha o'xshashliklari ham yo'q emas - Xoland ham ajoyib tarzda bo'sh hududlarni izlab topadi va jarima maydonchasiga yorib kiradi. Xoland Ronalduning rasmga tushishda unga uncha o'xshamagan, o'ziga xos versiyasi.
3) "Real"da Xoland titullar va individual sovrinlarga yaqinroq bo'ladi
Madridda u har yili qandaydir sovrinlarni kollekciyasiga qo'shib qo'ya oladi, lekin murosasiz APLda bunday kafolat hattoki Gvardiolada ham yo'q. Ko'rsatgan karomati, qilgan xizmatlari bir xil bo'lgan taqdirda "Real" vakillari, misol uchun "Oltin to'p" uchun ovoz berish jarayonida, "Man Siti" futbolchilaridan ustunroq qo'yiladi. Angliyada eng yaxshi to'purarlar mavsum davomida 20-25 ta gol ursa, Ispaniyada Erling stabil ravishda 30-40 ta to'p kirita oladi!
4) CHempionlardek fikrlash va etakchilik sifatlarining o'sishi
Madridda jamoa o'zagi katta g'alabalarga erishgan yigitlardan tashkil topgan: Ramos, Modrich, Benzema va boshqalar juda ko'p sovrinlarni boshlari uzra ko'tarishgan. Va ular Xoland bilan aynan shu tajribalarini bo'lishishadi. Yangi "Real" norvegiyalik atrofida qurilishi ham hech gap emas. "Siti"da esa Erling jamoaviy tizimning kichik bir detali bo'ladi xolos. "Qirollik klubi”da individual mahoratga doimo alohida etibor berib kelingan va shunday jamoa sening atrofingda qurilsa – bu ulkan obro' hisoblanishi aniq!
5) Florentino Peres
"Manchester Siti"ning hozirgi loyihasini Gvardiola boshqarmoqda. Biroq murabbiy yana qancha jamoada qolishi aniq emas. Pep ketgach, "shaharliklar"ning ishlari qanday rivojlanadi hech kim aniq ayta olmaydi. Biroq don Florentinoni yaqindagina qayta saylashdi va u kamida 2025 yilgacha "Real"da qoladi. UEFA bilan mojaro va tashkilotning Peres prezidentlikdan ketishini istashigina, tajribali Florentino kursisini bo'shatib qo'yishiga sabab bo'la olmaydi. Yaqinda klubning stadioni qayta qurib bitkaziladi. SHuningdek, jamoaga Kilian Mbappe olib kelinishi haqida gaplar borgan sari balandroq yangramoqda. Mabodo franciyalik futbolchi Ispaniya poytaxtiga ko'chib o'tmasa ham, Xolandni doim kuchli jamoadoshlar qo'llab turishiga shubha qilmasak bo'laveradi.
Xo'sh, "Championat.asia"ning qadrli o'quvchilari, sizning fikringiz qanday? Erling faoliyatini qaerda davom ettirgani yaxshiroq?Nozima Zaripova tarjimasi