Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Umurtqasi singan afsonaviy o'yinchi 39 yoshda!

18 yoshida nogiron bo'lib qolishiga bir bahya qolgan, keyinchalik esa jahon yulduziga aylangan kun qaxramoni Kaka haqidagi maqolani etiboringizga qayta havola etishga qaror qildik.

.
- Yuklab olish

Har tomonlama u jahon futbolining eng yaxshi o'yinchisi bo'lmasligi kerak edi. Umuman olganda, u futbol o'ynamasligi ehtimoli ham yuqori edi. CHunki XXI asrning eng iqtidorli braziliyalik o'yinchisi umrbod nogironlar aravachasiga mixlanib qolishi mumkin edi. U hammasidan voz kechib, ortga chekinishi hech gap emasdi. Ammo u aqlbovar qilmas karera qila oldi. Faoliyatini yakunlagan afsonaviy o'yinchi bugun 39 yoshni qarshiladi. SHu munosabat bilan, uning hayoti va faoliyatiga bog'liq qiziqarli malumotlarni etiboringizga taqdim etamiz.

18 yoshli Kaka kasalxonada yotib, yaratgandan yana futbol o'ynashini yolvorib so'radi. SHifokor o'yinchi yurib ketganidan xursand bo'lishi, unga o'xshaganlar oyoqqa ham tura olmayayotganini aytib, endi futbol o'ynash mumkin emasligini takidladi.

Voqea aslida shunday bo'lgan: Kaka basseynga sakrab, umurtqasini sindirib olgan. Do'sti uni suvdan olib chiqib, tez yordam chaqirdi. Kasalxonada unga oltinchi umurtqa pog'onasi singan deb tashhis qo'yishdi.

Kaka shifoxonadaligida chin dildan ibodat qildi. Ota-onasi unga yoshligidan xudo uni ko'rib turishi va astoydil yordam so'rasa, barcha ishi o'ngidan kelishini ko'p bor takidlashgandi. Kaka bunga chin dildan ishonardi. Davolanish vaqtida u o'z oldiga 10ta maqsad qo'ydi. Ularning birinchisi — yana futbol o'ynash edi.

Qandaydir mo'jiza tufayli, oradan ikki oy o'tib, Kaka oyoqqa turdi va mashg'ulotlarga qaytdi. Umurtqasi endigina tuzalayotgan yigit “San-Paulu” yoshlar jamoasiga bordi. O'sha payt birinchi jamoa murabbiyiga hujumchi va yarim himoyachi zarur edi. “Yoshlar” murabbiyi asosiy hujumchisini berishi, ammo nima bo'lgan taqdirda ham yarim himoyachisini berolmasligini, chunki u sardor va jamoa etakchisi ekanini aytdi. Murabbiy o'rindiqda o'tirgan bolakayni ko'rsatdi va asosiy tarkib bosh murabbiyi ixtiyoriga o'sha, zaxira futbolchisini bera olishini tushuntirdi. Bu Kaka edi. U hujumchi bilan birgalikda bir nechta mashg'ulotlarda ishtirok etdi va “yoshlar jamoasi”ga boshqa qaytmadi.

Kaka kamtar va og'ir-bosiq, kelishgan yigit edi. Boshqa do'stlaridan farqli o'laroq, u o'ziga to'q oilada voyaga etgandi. Ota-onasi farzandi yaxshi maktabda o'qishi uchun barcha sharoit yaratib berardi. Ammo bularning barchasi bolakayning ustidan kulish uchun sabab bo'la olmasdi. Do'stlari uning uyiga asosan kompyuter o'ynash uchun kelishardi. Hattoki, u uyda bo'lmasa ham kirib boraverishardi. Bazi bolalarning uyga qaytishga puli bo'lmagan paytlarda Kakaning uyida tunab qolishardi.

SHuningdek, Kaka yoshligidanoq ajoyib futbol o'ynardi. Ko'zi yaxshi ko'rmasligi va suyaklari bilan bog'liq muammolarga qaramay, to'pni yaxshi boshqarardi. U 12 yoshida “San-Paulu” maktabiga borgan. Avvaliga ertalablari o'qir, kechki payt shug'ullanardi. Keyinchalik esa mashg'ulotlar ertalabki vaqtga ko'chirildi va Kaka maktabini almashtirishiga to'g'ri keldi. Bu ham etmagandek, biroz vaqtdan so'ng, ertalab va tush paytida mashg'ulotlar bo'la boshladi. Maktab uchun esa faqat kechki payt qoldi. Endi u uyda dars tayyorlab, o'qiy boshladi.

“Milan” skauti Leonardo jahon chempionatiga qadar Kakaning iqtidorini sezgandi – yigitcha har ikki o'yinning birida gol urar va o'zidan katta o'yinchilar ichida ajralib turardi. “San-Paulu”da Kakani erkatoy deb atashardi — chunki u oppoqqina, to'q oilaning farzandi va “onasining o'g'ilchasi” edi. Ha, braziliyaliklarning fikricha u shunday edi. Ammo bizning nazdimizda u hech qachon bunday bo'lmagan. 23 yoshida uylandi va yanada ko'proq gollar ura boshladi “San-Paulu”ning 125 bahsida 47ta gol. “Milan” o'ylab ham o'tirmay, o'yinchi uchun 8,5 mln evro sanab berdi.

Vaqtida "San-Paulu" tomonlarga Arsen Vengerning ham yo'li tushgan, lekin o'shanda yosh futbolchi francuz etiboridan chetda qolgan. Kaka 17 yoshida Turkiyada bo'lishi mumkin edi. Biroq “Gaziantepspor” unga arzimagan 1.5 mln to'lashdan bosh tortdi. JCH-2002dan so'ng, hamma narsa o'zgarib ketdi. Umurtqasi shikastlanganidan yarim yil o'tib, Kaka Ronaldo, Ronaldino va boshqa yulduzlar bilan eng muhim turnirda Braziliya termasining beshinchi g'alabasini nishonladi.

Bu narsalar rostdan ham sodir bo'layotganiga Kakaning hech ishongisi kelmasdi. U bilan Florentino Peres aloqaga chiqdi va uning klubiga o'tish taklifini berdi. Lekin 20 yoshli futbolchi allaqachon “Milan”ga rozilik berib bo'lgan edi.

2007 yil may oyi. Tun. Kaka Afinadagi “Olimpiya" stadionidagi chim ustida osmonga qarab tizzasi bilan o'tirdi. Ko'zlari yumuq, qo'llari esa ko'kka ko'tarilgan. Futbolkasida esa quyidagi yozuv bor edi: “Men Iisusga ishonaman”. Bir necha daqiqa avval hakam Xerbert Fandel final hushtagini chalgan. ECHL finalida “Milan” raqibi “Liverpul” ustidan g'alaba qozongan edi!

Minglab tomoshabinlarning ko'zi maydonga qarab turar, barcha kameralar esa bir insonga yo'naltirilgan edi. Kaka bir necha yil ichida Dida, Kafu, Maldini, Pirlo, Indzagi, SHevchenko va boshqa afsonaviy futbolchilar jamlangan klubning etakchisiga aylana olgandi. Uning “Old Trafford”da “Manchester Yunayted”ga urgan goli u buyukligini tan olish uchun kifoya bo'lgandi.

Kaka tez orada “rossoneri” o'yiniga moslashib ketdi hamda yarim himoya va hujum o'rtasidagi asosiy o'yinchiga aylandi. Avvaliga u Ruy Koshta va Rivaldodan "dars" oldi. Faxriy o'yinchilar yosh umidli Kakaga qanday harakatlanish kerakligi, hujumda o'ynash va shu kabi futbolning bazi sirlarini o'rgatdilar. Kaka “Milan”ga kelishi bilanoq Italiya chempioni bo'ldi. Braziliyalik A Seriyada 10ta gol urdi. Keyin mamlakat chempionati, CHempionlar Ligasida g'alaba qozondi hamda “Oltin to'p” mukofotiga sazovor bo'ldi. 2007 yil u Messi va Ronalduning umumiy yig'gan ovozlaridan ikki barobar ko'proq ovoz to'plagan.

Kaka hech qachon janjallarga qo'shilmagan. U kuniga 3 mahal ibodat qilar, cherkov va hayriya jamg'armalariga pul berar, hamda o'yin va mashg'ulotdan so'ng oilasi bag'riga shoshilardi. SHu sababli, matbuot xodimlari u haqida ko'p yozishmasdi. Lekin bir kuni, ECHLdagi g'alabadan ikki yil o'tib, Kaka “Santyago Bernabeu” zalida jurnalistlar qurshovida qolib ketdi. Krishtianu Ronalduning yonidagi tabassum qilgan “oppoq tishli futbolchi” “Real” bilan shartnoma imzolagan va dunyoning eng qimmat o'yinchilaridan biriga aylangan edi.

“Milan” moliyaviy tomondan qiyin ahvolga tushib qolgani uchun etakchisini 68 mln evroga sotishga majbur bo'lgandi. Bundan yarim yil avval “Manchester Siti” o'yinchi uchun 100 mln taklif qilgan. Ammo Kaka u jamoaga o'tishni xohlamagan. "Real" — esa dunyoning eng mashhur klubi, istalgan futbolchining orzusi, tanishtirish marosimidagi 60 ming muxlis, Raul, Kasilyas va boshqa yulduzlar bilan elkama-elka to'p tepish imkoniyati… va yana bir dunyo muammolar. 

Kaka yulduzli tarkibda o'z o'rnini egallay oldi va Krishtianu bilan yaxshi chiqishib o'ynardi, lekin avvalgi darajasida o'yin ko'rsatmasdi. Bu barcha o'rgangan, qizil-qora libosdagi Kaka emasdi. Madridda braziliyalik asosiy figura emasdi, u shunchaki "yulduzlardan biri" edi. Bundan tashqari ko'plab kichik jarohatlar tufayli futbolchi qator o'yinlarni o'tkazib yuborishga majbur bo'ldi. Kaka ikki bor tizzasini operaciya qildirdi va tabiiyki bundan keyin yana shu kabi jarohat olish qo'rquvi tufayli u bor kuchi bilan harakatlana olmasdi.

Kunlarning birida Florentino Peres Kakaning oldiga kelgan va futbolchiga nima halaqit qilayotganini, zarur bo'lsa muammoni hal qilishini aytgan. Bunga javoban futbolchi gap uning o'zida ekanligini aytgan. Kaka maydonda o'zini avvalgidek erkin \is qilmasdi. Avvallari barchasi o'z-o'zidan o'xshagan bo'lsa, malum vaqt Kaka oddiy futbolchilar qatoriga tushib qolgandek bo'ldi va uning harakatlarini deyarli istalgan raqib avvaldan "o'qiy olar", hamda ortiqcha imkon qoldirmasdi. Manuel Pellegrinining qo'llab-quvvatlashi, uning o'rniga kelgan Joze Mourinyuning g'amxo'rligi, portugaliyalik murabbiy doim Kakani himoya qilar, u bilan iloji boricha ko'proq suhbatlashar, qo'ng'iroq qilar, o'ziga ishonishi va barchasi yaxo'i bo'lishini takidlashi ham vaziyatni o'zgartira olmadi.

Kaka qo'lidan kelgancha harakat qildi, o'zining eng yaxshi sport formasiga qaytish uchun – ortiqcha narsalar tanovvul qilmas, rejimga rioya qilar, mashg'ulotlarda bor kuchi bilan mehnat qilardi. Bazan o'yindan so'ng, Kaka uyiga qaytar va yana shug'ullanardi. Ammo o'yin ko'ngildagidek bo'lavermasdi. Keyinroq futbol osmonida Mesut Ozil yulduzi porlay boshladi va endi braziliyalikning Madridga safari qarigani aniq bo'lib ulgurgandi.

2013 yil Kaka "Milan"ga qaytdi. Afsus, bu endi o'sha barchamiz o'rgangan kuchli va tarkibida yulduzlar harakat qiladigan "Milan" emasdi. Jamoa A Seriyaning o'rtamiyona klubiga aylanib qolgandi. "San Siro"dagi mavsum uncha yomon o'tmagan bo'lsada, Kaka Evropada ortiq qolishni istamadi va okean ortiga yo'l oldi – "Orlando Siti" klubiga. "Milan" uchun u umrbod eng yaxshilaridan biri bo'lib qoladi.

AQSHda Kaka ko'proq media uchun muhim rol o'ynardi. Undan har o'yinda bor kuchi bilan o'ynash, o'zini ortiqcha qiynashi ham talab qilinmasdi. U shunchaki maydonga tushsa, yillar o'tsada, mahorati evaziga ajoyib harakatlari bilan mahalliy aholini xushnud qilsa etarli edi. Uch yil davomida Kaka shunchaki mazza qilib futbol o'ynadi va faoliyatining oxirgi oylarini o'tkazdi. So'nggi uchrashuvlarda Kaka maydonga tushgan har uchrashuvda og'riq his qilar va yillar davomida xizmat qilgan organizm haqli dam olishga chiqishi kerak edi. Buni Kakaning o'zi ham tushunib turardi. O'zining professional faoliyatidagi so'nggi uchrashuvida Kaka ko'z yoshlarini tiyib tura olmadi.

U har doim yaratgan uni to'g'ri yo'lga yo'naltirayotgani va har bir ishida qo'llab turishiga ishonardi. Qarashlar turli bo'lishi mumkin, lekin bir narsa, Kaka faoliyati deyarli ideal bo'lganini tan olmay ilojimiz yo'q. Kamtar va sog'lig'ida muammolar bo'lgan bolakay hayotda asosiysi mehnat, orzuga ishonish va hech qachon tanlagan yo'lidan qaytmaslik zarurligini isbotlay oldi.

Kaka 35 yoshida katta futbolni tark etdi. Uyog'iga o'ynash qiyin edi. Faoliyati davomida unga hamrohlik qilgan jarohatlar bunga imkon bermasdi. Endi Kaka murabbiy bo'ladimi yoki hayriya ishlari bilan shug'ullanadimi faqatgina o'zi va yaratgan biladi. Lekin millionlab muxlislar Kakani istalgan o'yinni o'zgartira olgan, unga qandaydir sehr bera olgan futbolchi sifatida eslab qoladi.

Nozima Zaripova tarjimasi

BestMaster
22 Aprel 2021, 12:45
umurtqasi, singan, afsonaviy, oyinchi, yoshda!,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads