Ispaniya superkubogi doirasida "Barselona"ga qarshi javob o'yini oldidan "Real" bosh murabbiyi Zayniddin Zidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Faxr tuyg'usi
«Futbolchilar amalga oshirgan ishdan faxrlanaman. Bunday vaziyatga etib kelish oson bo'lmadi. Bizda iqtidorli futbolchilardan tashkil topgan jamoa bor. Ammo buning ortida ulkan mehnat yotibdi. Yaxshi qilingan mehnat samara beradi. Bunda nafaqat murabbiylar shtabi yoki futbolchilar ishlashmoqda, balki yana ko'pgina insonlar mehnat qilishmoqda. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Bu uzun va qiyin mavsumning boshlanishi. Kundan-kunga qiyinlashib boraveradi».
Hakamlar haqida
«Men g'azab qilmayman, ammo vaziyatdan hafsalam pir bo'ldi. Hozir hakamlar ishini muhokama qilmoqchi emasman. Lekin bo'lib o'tgan voqeani ko'rib chiqib Krishtianu 5ta o'yinda ishtirok etmasligini o'ylay boshlaysan... Bu erda nimadir bo'lyapti. Bu mening jahlimni chiqarmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatdan hamma g'azabda. Kichik vaziyat uchun u bunday jazoga munosib emasdi.
«Bo'lar ish bo'ldi. Lekin vaziyatni diqqat bilan kuzatib, savol berishni boshlaysan: buning uchun unga qanday qilib 5ta o'yin berish mumkin? Umid qilaman, ishni qaytadan ko'rib chiqishadi. Bitta narsani xohlardim — vaziyatni diqqat bilan o'rganishsin. Diskvalifikatsiya haqida o'ylasam — jahlim chiqyapti».
«Nima bo'lishini bilmayman. Men shunchaki o'yinni qayta ko'rib chiqqanimdan keyin o'z fikrimni aytyapman. Bundan jahlim chiqishi — normal holat. Men hakam haqida gapirmayapman. Boisi, bu qiyin vaziyat va u xato qilishi mumkin.
Marko Asensioga beriladigan o'yin amaliyoti haqida
«Beyl va Asensio yaxshi ishlashmoqda. Oldinda hali o'yinlar ko'p, yil davomida rotatsiya bo'ladi. Maydonga turli tarkib tushadi. Har bir futbolchi o'ziga imkoniyat berilganida yaxshi o'ynashi uchun harakat qilyapmiz».
Krishtianuning holati haqida
«Men Suares bilan bog'liq vaziyatga izoh bermayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, Krishtianu ham g'azabda. Boisi, u o'ynashni xohlaydi. U o'ynamasa, bundan norozi bo'ladi».
Jamoaning tayyorgarligi haqida
«Men o'z jamoam va barcha futbolchilarning holatidan qoniqish hosil qilyapman. Ularning barchasi jamoada qoladi. Lekin 31 avgustgacha hamma narsa yuz berishi mumkin. Buni men nazorat qilmayman. Shuni aytishim mumkinki, ixtiyorimdagi futbolchilardan qoniqish hosil qilyapman».
Krishtianuni safdan chiqarishga urinish haqida
«Bilmayman, bu haqida o'ylamayapman. Umid qilaman, aslida bunday emas. Hakam bu ishni toza vijdon bilan amalga oshirganiga umid qilaman. Men faqat 5ta o'yindan iborat diskvalifikatsiya haqida o'ylayapman. U erda buncha o'yinga chetlatishga mos ish bo'lmagandi. Har kim o'z ishini bajaryapti. Men futbolchilar bilan o'z ishimni qilyapman. Ammo Krishtianu uzoq vaqt bizga yordam bera olmasligidan barcha g'azabda».
«Kutamiz, ertaga Qo'mita yig'iladi va vaziyatni muhokama qiladi. Shundan so'ng bir qarorga kelamiz».
«Barselona»ning kambeki haqida
«Futbolda oldindan hal qilingan ish bo'lmaydi. Oldimizda javob bahsi kutib turibdi. Uni yaxshi o'tkazishimiz kerak. «Barsa» – ajoyib jamoa, u bizga istalgan paytda muammo yaratishi mumkin. Dastlabki o'yinda ular bir qancha vaziyatlarni yaratishdi. Superkubokda g'alaba qozonish uchun eng oxiriga qadar o'ynashimiz kerak».
Jamoaning o'yini haqida
«AQShdagi yig'in paytida 8 avgust kuni yaxshi o'ynash uchun tayyorgarlik ko'rayotganimiz haqida gapirgandik. Yakunda o'z maqsadimizga erishdik: biz g'alaba qozondik, xarakter namoyish qildik. Yig'in davomida natijalarimiz yaxshi bo'lmagan bo'lsa-da, ajoyib ish amalga oshirildi. Hozir yangi mavsum boshlanmoqda va biz jamoaning holatidan qoniqyapmiz. Hali oldinda qiladigan ishlarimiz ko'p, ammo biz hozircha bugun haqida o'ylayapmiz».
«Barselona»dagi o'zgarishlar haqida
«Ertaga ko'ramiz. Ertaga maydonga tushadigan tushadigan jamoa yaxshi o'ynashga va g'alaba qozonishga harakat qiladi. Lekin biz bo'shashmaymiz — bizni yanada qiyinroq o'yin kutib turibdi».