Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Futbol va dizayn: Esda qolgan chiroy... "Real", "MYu", "Inter"...

Vaqt atalmish qudratli kuch hech narsaga parvo qilmay, o'z yo'lida bardavom.

.
- Yuklab olish

Vaqt atalmish qudratli kuch hech narsaga parvo qilmay, o'z yo'lida bardavom. Futbol olamiga qarasak, jamoalarning sovrinlarga boy davrlariyu, ne-ne buyuk yulduzlari shu vaqt bitgan tarixda yashirin. Yana katta klublarning ko'pchilik xotirasida qolgan formalari ham. Demak, bugungi retro-futbolkalar to'plami aynan yaqin o'tmishni qo'msaganlar uchun.

«MYu» va Sharp (1982-2001 yillar)

Angliya klubi libosida Sharp yozuvi paydo bo'lgan vaqtda Aleks Fergyuson hali bosh murabbiy lavozimini egallagan emasdi. Lekin ushbu homiyning shuhrat qozongani aynan ser Aleksning muvaffaqiyatli ishi bilan bevosita bog'liqdir. Fergi oltin davrining birinchi yarmi, 92-yil sinfi, Erik Kantona ijrosidagi kung-fu zarbasi, «Arsenal» bilan go'zal raqobat, raqobatchilarga shafqatsiz munosabat... Voqeotlar juda ko'p. Ayniqsa, sov­rinlarga to'la va butun osmonni charog'on qilgan «Bavariya»ga qarshi ChL finalini o'z ichiga olgan sehrli 1999 yil... Xullas, Sharp yozuvli libos bularning hammasiga guvoh va hattoki, sherik ham. Tarixga qarasak, Yaponiyaning elektronika firmasi o'tgan asrning 70-yillariyoq Manchester shahrining Nyuton Xit tumanida o'z zavodini ochgandi. 1982 yili sharq brendi va Britaniya klubi butun dunyoni zabt etish maqsadida birlashdi va shu asosda samarali davrga qadam tashlandi. Nima bo'lmasin, bu go'zal va juda muvaffaqiyatli ittifoq - chiroyli metafora. «MYu»ning ramziy yozuvli libosini katta yulduzlar kiyib, uning dovrug'ini yanada oshirishdi. Deylik, Erik Kantona, Mark Xyuz, Rayan Giggz, Andrey Kanchelskis, Pol Skoulz, Devid Bekxem, Peter Shmeyxel, Gari Nevill...

 

«Real» va Teka (1992-2001 yillar)

90-yillar boshida «Real» bosh homiylari «la'nat»ga uchragan: Teka brendidan oldin madridliklar bilan hamkorlik qilgan firmalar birin-ketin inqirozga yuz tutgan. Ya'ni ular yirikroq va muvaffaqiyatliroq kompaniyalar oldida o'z nufuzini ko'tarolmay, qarzga botgan, turli sudlashuvlardan esa hech qanday natija chiqmagan. Germaniyaning santexnika va oshxona jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan firmasi bu vaqtda irim-sirimlarga parvo qilmay, «Qirollik klubi» hamkoriga aylandi va unga muhim davrda hamroh bo'ldi. Ehtimol, 9 yil uchun 9ta sovrin «Real Madrid» standarti bo'yicha uncha ko'p emasdir. Lekin muhim fakt bor - «Qirollik klubi» ko'kragida aynan Teka yozuvli formada Evropa Chempionlar kubogi (ChL)da naq 32 yilga cho'zilgan g'alabasiz urinishlariga chek qo'ydi. Madridliklar yana 2 yildan keyin evroarenadagi muvaffaqiyatni takrorlashdi. Umuman, Teka 3ta texnik homiy (Hummel, Kelme va Adidas) davrida sobit turib, buyuk klub tarixida alohida o'rin egalladi. Teka yozuvi bor futbolka Emiliano Butrageno, Fernando Yerro, Manolo Sanchis, Roberto Karlos, Mikael Laudrup, Fernando Redondo, Klarens Zeedorf, Guti, Raul, Davor Shuker, Predrag Miyatovich, Luish Figu va boshqalarga rosa yarashgandi-da o'ziyam...

 

«Liverpul» va Carlsberg (1992-2010 yillar)

18 yil - bu muayyan bosh homiyning APL klubi bilan hamkorlik qilishi bo'yicha rekord muddat. To'g'ri, Sharp va «MYu» ittifoqi bundan bir yil ko'proq davom etgan, ammo sheriklik APL yo'lga qo'yilishidan ancha oldin boshlangan edi. Umuman, Carlsberg bosh homiylar orasida APL «ota»laridan biridir. Diqqat qiling, bu brend qariyb 20 yil davomida «Liverpul»ga sodiq qoldi. Ha, «qizillar» Daniya brendi bilan hamkorlik davomida chempionlik maqomiga erisholmadilar, lekin klub tarixidagi eng unutilmas va dramatik g'alabani aynan ko'kragiga ushbu ajoyib logotip tushirilgan formada nishonlashdi. Ha, gap o'sha mo''jizaviy Istanbul finali haqida ketmoqda: avvaliga 0:3 hisobida ortda borish, keyin barchasini penaltilar seriyasiga cho'zish, yakunda «Milan»ga mislsiz armon ulashish... ChLdek turnirning oxirgi o'yinida-ya! Carlsberg yozuvli libosda o'zgacha o'ynagan eng sara futbolchilar - Robbi Fauler, Stiven Jerrard, Maykl Ouen, Stiv Makmanaman, Xabi Alonso, Xaver Maskerano, Eji Dudek, Pepe Reyna, Jimmi Karrager...

 

«Milan» va Opel (1994-2006 yillar)

«Milan» - bu uslub, Germaniya avtomobil kontserni - ishonchlilik va ommaviylik ramzi. Qarang­ki, shu ikkisi o'tgan asrning 90-yillari o'rtalari samarali sheriklikni boshladi va bu ittifoq ancha davom etdi. Alohida ta'kidlash kerak, Opel o'sha vaqt parallel ravishda «Bavariya» va «PSJ»ga ham homiylik qildi, ammo aynan «Milan» bilan aloqasi unutilmas lahzalarni taqdim etdi. Diqqat qiling, «rossonerlar» Germaniya avtokontserni homiyligi ostidagi 12 yil ichida 4ta skudetto yutishdi, qolaversa, Italiya kubogi va Chempionlar Ligasida ham zafar kuyini chalishdi. Ayniqsa, Frank Barezi, Paolo Maldini, Alessandro Nes­ta, Kafu, Andre Pirlo, Andrey Shevchenko, Kaka, Klarens Zeedorf, Yap Stam va Filippo Inzagi bejirim, ko'zga yaqin futbolkada katta shuhrat qozonishdi.

XOTIMA TOPAYoTGAN HAMKORLIK

 

«Inter» va Pirelli (1995—2021 yillar)

Pirelli ijrochi-direktori Marko Tronketti Provera yaqinda so'nggi oylarda rosa «aylanayotgan» mish-mishlarni rasman tasdiqladi: dunyo miqyosida avtomobillar shinasi ishlab chiqarish bo'yicha eng yirik kompaniyalardan biri «Inter» bilan hamkorlikni to'xtatadi. Demak, kelasi mavsumdan «neradzurralar» libosida yangi bosh homiy belgisi paydo bo'ladi. Sabab nima? Shunchaki, Italiya klubi o'zining jozibali reklama «maydoncha»si huquqidan tushadigan daromadni keskin ko'paytirishni istamoqda. Ko'pchilik «Inter»ni Pirelli yozuvisiz faqat arxiv kadrlarida ko'rgan, xolos. Binobarin, Milan klubi va shinalar kontserni o'rtasidagi mustahkam ittifoq naq chorak asrdan ko'proq davom etdi - uzoq 1995 yili birinchi homiylik shartnomasi rasmiylashtirilgan edi. Asosiysi, «Inter» Pirelli bilan hamkorlik davrida 5ta skudetto yutdi, Evropa Chempionlar Ligasida g'alaba qozonib, «Oltin trebl»ga ham erishdi. Afsona darajasiga ko'tarilgan formada Roberto Karlos, Pol Ins, Ronaldo, Diego Simeone, Ivan Samorano, Xaver Zanetti, Franchesko Toldo, Kristian Veri, Zlatan Ibragimovich, Samuel Eto`O, Uesli Sneyder, Adriano va Romelu Lukaku kabi yulduzlar ko'rinish berishdi. Gap nafaqat libosning sifati yoki chidamliligida, bu o'zgacha estetika - Pirelli yozuvi, cho'zinchoq R harfi «Inter» formasi va klubning rasmiy ranglari bilan shunchaki, organik tarzda uyg'unlashib ketgandi...

BestMaster
4 Aprel 2021, 13:00
futbol, dizayn, esda, qolgan, chiroy, real, inter,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads