Belgiyalik Eden Azar «Real» safiga qo'shilganidan buyon asosan raqiblar emas, balki jarohatlar bilan olishyapti. Mana, u yaqinda hisob bo'yicha 10-marta safdan chiqdi. Bu yana bir oy minus deganidir. Hattoki, Azarning Evro-2020da qatnashishi ham so'roq ostida qolyapti. Umumiy hisobga ko'ra, «Chelsi»dan katta umidlar bilan xarid qilingan belgiyalik yarim himoyachi «Qirollik klubi» ixtiyorida naq 320 kunni «lazaret»da o'tkazdi...
***Ha, Eden Azar «Real»ning butun tarixidagi bosh tibbiy falokatga aylandi. Madridliklar 2019 yilning yozida «Chelsi» superyulduzini 115 million evro (norasmiy ma'lumot, real summa - chamasi 160 million) evaziga o'z tomonlariga og'dirishgandi. Biroq Azar amalda tarkibni kuchaytirish o'rniga jamoa tibbiy shtabiga mislsiz yuk bo'ldi.
***Belgiya termasi etakchisi «Real» mashg'ulotlariga ortiqcha vazn bilan qo'shildi va fastfudga muhabbatini yashirmadi. Keyin adog'i yo'q jarohatlar ketma-ketligi boshlandi. Eden jarohatdan qochish uchun trenajyor zalida maxsus dastur asosida ishladi, hattoki, o'ziga ruhshunos ham yolladi, biroq barchasi befoyda.
***Eden Azar «Real»dagi 1,5 yil davomida 10 marta jarohatga yo'liqishdan tashqari, koronavirusga ham chalindi va naq 50ta o'yinni o'tkazib yubordi. Boshqacha aytganda, jami 320 kun davomida qaydnomadan chetda qoldi. Taqqoslash uchun aytsak, u «Chelsi»dagi 7 yilda 7 marta jarohatlanib, 21ta o'yinda qatnasholmagandi.
***Eden Azar joriy mavsum atigi 9ta o'yinda ko'rinish berdi. Futbolchi oxirgi oylarda mushak paylariga bog'liq jarohatlardan aziyat chekdi: tiklanish jarayonidan keyin necha marta umumiy guruhga qo'shildi va yana qayta chetga chiqdi. Orada Azarning «Elche» yoki «Atalanta»ga qarshi bahsda maydonga tushishi taxmin qilindi, hattoki, Zayniddin Zidan ham unda eng yomoni ortda qolganini tasdiqladi: «Eden jismonan va ruhan tayyor. Hozir hammasi joyida. Ishontirib aytaman, u sport formasini tiklashi bilan barchani o'z atrofida o'ynatadi». Biroq yana o'xshamadi - «Atalanta» bilan o'yinga 1 kun qolganida, Azar mashg'ulotlarda qatnasholmadi. Bu safar unga bel paylari cho'zilishi pand berdi.
***O'ng to'piq - Edenning eng nozik joyi. «Azar faoliyatining oxirigacha to'pig'ini alohida avaylashi kerak — o'yinlardan oldin ham, keyin ham», — degandi Belgiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines bir yilcha oldin.
***Belgiyalik yarim himoyachi o'tgan yili operatsiya stoliga yotdi (bunga qadar asosan konservativ yo'l bilan davolangan), biroq doimiy og'riqlar yo'qolgani yo'q. Endi futbolchi yana jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezayotgandek. Agar «Real» buni ma'qullasa, unda Azar joriy mavsum boshqa o'ynolmasligi mumkin. Demakki, bunday taqdirda uning Evro-2020da ishtirok etishi ham so'roq ostida qoladi.
Azarning «Real»dagi barcha jarohatlari
19.08.2019-14.09.2019
Son va tizzaoldi paylarining shikastlanishi
(25 kun yoxud 3ta o'yinni o'tkazib yubordi)
27.11.2019-05.12.2019
To'piqning lat eyishi
va shishib ketishi
(8 kun yoxud 1ta o'yinni
o'tkazib yubordi)
05.12.2019-10.02.2020
To'piq suyagining kichik
darz ketishi
(67 kun yoxud 17ta o'yinni
o'tkazib yubordi)
23.02.2020-09.05.2020
Tizzaosti suyagining
darz ketishi
(76 kun yoxud 3ta o'yinni o'tkazib yubordi)
29.06.2020-09.07.2020
To'piqning shikastlanishi
(10 kun yoxud 2ta o'yinni o'tkazib yubordi)
01.09.2020-28.09.2020
To'piq sohasidagi og'riq
(27 kun yoxud 2ta o'yinni o'tkazib yubordi)
30.09.2020-27.10.2020
Pay cho'zilishi
(27 kun yoxud 6ta o'yinni o'tkazib yubordi)
07.11.2020-20.11.2020
Koronavirus
(13 kun yoxud 1ta o'yinni o'tkazib yubordi)
28.11.2020-28.12.2020
Pay cho'zilishi
(30 kun yoxud 8ta o'yinni o'tkazib yubordi)
03.02.2021-12.03.2021
Pay cho'zilishi
(37 kun yoxud 7ta o'yinni o'tkazib yubordi)
15.03.2021-???
Pay cho'zilishi*
(kamida yana 30 kun dam olishga mahkum)
* - hozirgi jarohat