Bu yigit 25 yoshga qadam qo'yishiga qadar hayotning jiddiy sinovlariga yuz tutdi. Deylik, vaqtida nogironlar aravachasida o'tirishiga to'g'ri keldi va shifokorlardan hattoki, umidsizlik botqog'iga tushiradigan maslahatni ham eshitdi: «Yigitcha, endi futbolni unutishing kerak». Muhimi, u shunda ham tushkunlikka berilmadi, to'laqonli hayotga qayta olishiga ich-ichidan ishondi. Mana, ayni o'sha qat'iyati unga nafaqat yurish, balki «Real»dek grand klub tarkibida to'p tepish imkoniyatini berdi. Quyidagi maqola «Qirollik klubi» safiga qo'shilgunicha ko'p ko'rgiliklar oldida bo'yin egmagan iqtidorli himoyachi Ferlan Mendi haqida.
***
Ferlan Mendi hozir o'z taqdiridan xursand, albatta: «Madridga kelishimdan oldinoq qachondir buyuk futbolchilar bilan yonma-yon to'p sura olishimni teran tushunib turardim. «Qirollik klubi»ga kelgach, uyatchanlik avvaliga biroz xalaqit berdi. Yaxshiki, tez orada yigitlar bilan tanishib, jamoaga kirishib ketdim, o'yin uslubiga ham moslashib oldim. Mana, hozir tobora ko'proq maydonga tushyapman, etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lyapman. To'g'ri, hali asosiy tarkibning doimiy a'zosi emasman, bunga biroz erta. Umuman olganda, futboldan voz kechishga yaqin turgan yigitning «Real» safidan joy olgani aqlga sig'maydi. Shuning o'zi ulkan muvaffaqiyat».
***
Xo'sh, Ferlanning futboldan ayrib qo'yishiga sal qolgan muammo nima edi? «Hozirga qadar futbolda eng katta imkoniyatga «PSJ» safida ega bo'ldim. Kamtarin «Ekeviyi» klubida o'zimni ko'rsatolmaganimga qaramay, Parij grandidan taklif oldim. Bu - baxt qushining boshga qo'nishi. Shu tariqa 2004-2012 yillar oralig'ida poytaxtda yashadim, «PSJ» tizimida shug'ullandim. Shu davr mobaynida eng yaxshi himoyachi maqomiga erishdim, asosiysi, yoqimsiz xastalikni engdim, keyin jamoa safiga qaytib, yana eng kuchlilar qatoriga qo'shildim», - deya xotirlaydi Ferlan yoshligini. U 2010 yili oyoqlarida tushunib bo'lmas og'riqni his etadi. Tomirlar tortishishimi yoki boshqa sababi bor - buni bilmasdi, ammo sanchiqli og'riq sira tinchlik bermasdi. Barchasidan xabar topgan «PSJ» murabbiylari Ferlanni asosiy tarkib bosh shifokori huzuriga jo'natishadi. Tibbiy xizmat vakillari tekshiruvdan keyin bolakayga massaj muolajasini tavsiya etishadi. Yosh futbolchi avvaliga uqalash natijasi o'laroq, oyoqlari engil tortganini his qiladi. Biroq sovuq kunlarda og'riq yana kuchayib ketadi. Oxir-oqibat, Mendining shifoxonada to'liq tekshiruvdan o'tishiga to'g'ri keladi. Tashhis vahimali - tos-son suyaklarining yallig'lanishi. Keyinroq shifokorlar qo'shimcha ko'rik vositasida futbolchi organizmida infektsiya borligini ham aniqlaydilar. Ular barchasini o'rganib chiqib, avvaliga Mendining 2-3 oy muddat maydonga tusholmasligini aytishadi. Lekin 2 haftadan so'ng Ferlan palatasiga kirgan shifokor ma'yus ohangda o'z xulosasini bildiradi: «Tushun, buni aytishim juda og'ir, ammo burchim shu, bekitishga haqqim yo'q. Afsus, endi boshqa o'ynolmaysan. Futbol - shunchaki, o'yin. Hattoki, yana oyoqqa turib, yurishingga ham kafolat yo'q...».
***
O'sha vaqt Ferlan qanday holatga tushganini tasavvur qilish qiyin emas: «Keyingi 2-3 oy oyog'imda gips bilan yotdim. Shuncha vaqt davomida haligi shifokorning so'zlari qulog'imdan ketmadi. Eng asosiysi, hattoki, tahlillar natijasi sog'ayib ketish imkoniyati juda kamligini ko'rsatganida ham, oyoqqa turish va to'laqonli hayotga qaytishdan umid uzmadim. Shunga yarasha ham ruhan, ham jismonan faqat yaxshi intihoga intildim. Nihoyat, gipsdan xalos bo'lgach, shifokor yana qattiq uqtirdi: «Ferlan, juda-juda ehtiyotkor bo'lishing kerak. O'rningdan qo'zg'alishga aslo oshiqma». Shu lahzada ko'nglimdan bir fikr o'tdi: «Nahotki, yurolmasam...». Keyin o'rnimdan turishga ahd qildim va yiqilib tushdim. Gips borligida faqat shiftga qarab yotgandim. Shuning uchunmi, oyoqlarimda mutlaqo mador qolmagandi. Ular butunlay bemajol ekanligini bilsamda, ishonchni aslo yo'qotmadim. Avvaliga yana qanchadir muddat krovatda yotdim, keyin nogironlar aravachasiga o'tdim. Oradan ko'p o'tmay, qo'ltiqtayoq eng yaqin ko'makchimga aylandi. Xullas, o'ta yoqimsiz azoblarni boshdan kechirdim».
***
Og'ir xastalikdan 1 yil o'tgach, irodali Ferlan Mendi futbolga qaytdi. Shu asnoda yana 1,5 yil davomida oyoqlarida yoqimsiz og'riq bilan shug'ullandi, uchrashuvlarda ham ishtirok eta boshladi. Bora-bora parijlik fizioterapevtlarning izchil muolajalari ta'sirida og'riqdan butunlay qutuldi: «Haqiqat shuki, sevimli mashg'ulotimga qaytish borasida 1 soniya ham shubhaga bormadim. Hattoki, shifokor endi hech qachon mustaqil yurolmasligimni aytganida ham, ortga chekinishni istamadim».Umuman, Ferlan 25 yillik umrida 2ta o'ta jiddiy sinovdan o'tganini ko'p bora takrorlaydi. Biri - aynan oyoq qo'yolmaslikka bog'liq noxush xastalik. Mendi uni qat'iyat va iroda evaziga bartaraf etdi. Ikkinchisi - otasining vafoti. Futbolchi etimlik qismatiga shikastlanishidan ancha avval ko'nikma hosil qilgandi. Biroq jarohatdan forig' bo'lish jarayonida otasining yonida emasligi tufayli ruhiy depressiya holatini ham boshdan kechirdi. Qarang, Ferlan kattalar futbolida doimiy o'yin amaliyoti hosil qilish ilinjida «PSJ»dan ham voz kechdi. U salomatligini to'liq tiklab olgach, Parij grandi safiga qaytgandi. Shunda «PSJ» yigitchaga sport formasini tiklab olishi uchun 1 yil muhlat berdi. Biroq bu muddat himoyachi uchun kamlik qildi. Natijada u 2012 yili poytaxt klubi bilan xayrlashib, havaskorlar ligasida to'p suradigan «Montua» jamoasi safiga qo'shildi. Himoyachi o'sha davrni tushdek xotirlaydi: «Shaxsiy agentimdan vaqtincha bo'lsa ham, biror jamoa topishini so'radim. Keyinroq u qo'ng'iroq qilib, «Montua» klubi vakili men bilan bog'lanishini aytdi. Natijada tezda ma'lumot qidirishga tushdim va bu jamoa yarim professional maqomiga egaligini aniqladim. Avvaliga biroz shubhalandim. Biroq men bilan aloqaga chiqqan kishi dastlabki muloqotdayoq jamoaga juda kerak ekanligimni ta'kidlab, etakchilik rolini va'da qildi. Shu tariqa taklifga ijobiy javob berdim».
***
Ferlan «Montua»da 1 yilcha o'ynadi va «Gavr» e'tiboriga tushdi. Keyin shu jamoa bilan Liga 1 yo'llanmasini qo'lga kiritdi. «Gavr»dan «Lion»ga o'tishi ham o'z tarixiga ega. Aslida futbolchi «to'quvchilar» safiga qo'shilmasligi ham mumkin edi. Chunki u «Lion»ning qiziqishidan bexabar edi, jamoa bosh murabbiyi telefon raqamini ham bilmasdi. Xullas, transferga aynan Mendining o'zi beixtiyor xalal bergandi. 2017 yili Lion klubini boshqargan Bruno Jenezioning shaxsan o'zi himoyachi bilan alohida gaplashib olish ilinjida unga bir necha bor qo'ng'iroq qilgan. Lekin harchand urinsa ham, bog'lanolmagan. Chunki Ferlan notanish raqamni ko'rgach, gaplashishni istamagan. Futbolchi buni keyinchalik oddiy izohlagandi: «Bir kuni agentim aloqaga chiqib, birdaniga o'shqirib ketdi: «Ferlan, nimalar qilib qo'yganingni bilasanmi, o'zi? «Lion» bosh murabbiyining qo'ng'iroqlariga nega javob bermayapsan? U seni o'z jamoasiga taklif qilmoqchi». Bu gaplarni eshitgach, bir zum nima deyishni bilmay qoldim. Keyin o'zimni qo'lga olib, murabbiyga qayta qo'ng'iroq qilib, uzr so'radim. Muhimi, o'sha kuniyoq kelishuvga erishdik». «Lion» tarkibida 2 yil to'p surgan Mendi endi bu jamoadan qarzdor ekanligini bot-bot ta'kidlaydi: «Hayotimdagi asosiy klub shu. Aynan «Lion»da chinakam taraqqiyotga erishdim va etuk futbolchi darajasiga ko'tarildim. Buning uchun jamoadan abadiy qarzdorman. Qachondir ortga qaytish imkoniyati tug'ilsa, bundan foydalanaman, albatta».
***
Mana, Ferlan Mendi 2 yildan buyon «Madrid»da. U bu muddat ichida sezilarli taraqqiyotga erishdi, jamoaning muhim o'yinchilari qatoridan joy oldi. Deylik, frantsiyalik futbolchi joriy mavsum La Liganing o'zida 20 (!) martadan ko'p maydonga tushishga ulgurdi. Xullas, yaqin o'tmishda hattoki, shunchaki, yurishi so'roq ostida qolgan vaqtincha nogiron yigit hozir «Qirollik klubi»da javlon urmoqda! Ha, umid va ishonchda hikmat ko'p.
Sodiq SOBIR tayyorladi