«Real» himoyachisi Serxio Ramos o'zining yangi jarohati haqida ma'lumot berdi. Ispaniyalik futbolchi ushbu jarohat sababli «Barselona» va «Liverpul»ga qarshi o'yinlarni o'tkazib yuboradi.
«Kechagi mashg'ulotda men chap oyog'imda og'riq his qildim. Bugun esa tibbiy ko'rikdan o'tdim. Mushagim jarohat olgani tasdiqlandi.
Muhim o'yinlarda jamoaga yordam bera olmasligim meni g'azablantiradi. Shuningdek, siz menga beradigan mehrni men maydon tashqarisida turib qaytara olmayman.
O'z fikrimni ochiq aytishim kerak. Ko'p ishlashda va chin qalbdan jamoaga muxlislik qilishda davom etaman», – dedi Ramos.
Ramos avvalroq joriy mavsumda tizzasidan olgan jarohat tufayli 2 oy davomida maydondan tashqarida qolgandi.