Bugundan Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi 1/8 final doirasidagi javob uchrashuvlari davom ettiriladi. Mazkur bosqich doirasidagi eng markaziy uchrashuvlardan biri bo'lgan o'yin Madridda o'tkaziladi. Shu munosabat bilan ushbu qarama-qarshilik atrofidagi yangiliklar, yo'qotishlar va ehtimoliy tarkib haqidagi qisqacha prevyuni taqdim etamiz. "Real Madrid" o'z maydonida Bergamoning "Atalanta" jamoasini qabul qiladi. Mazkur qarama-qarshilikning birinchi Italiyada o'tkazilgan uchrashuvida "qirollik klubi" 1:0 hisobidagi g'alaba bilan ortga qaytishgan. O'yinnning 86 daqiqasida burchakdan oshirilgan to'pdan keyin, kombinatsion o'yin tashkil qilgan mehmonlar hujumini Ferlan Mendi gol bilan yakunlashga erishgan. Bergamoda kechgan uchrashuvda mezbonlar bir kishi kam bo'lib o'yin o'tkazgan edi. Uchrashuvning 16 daqiqasida "Atalanta" futbolchisi Froyler Ferlan Mendi boshlayotgan hujumni to'xtatib qo'ygani uchun qizil kartochka olib, maydondan chiqib ketgan edi.
Bugungi bahs avvalida ikki jamoaning ham kayfiyati yuqori ko'rinishda. Sababi, mazkur ikki klub ham, o'tgan turdagi ichki chempionatida g'alaba qozonishdi. "Real Madrid" o'z maydonida "Elche"ni qabul qilib, irodali g'alabani qo'lga kiritgan bo'lsa, "Atalanta" Madrid safari oldidan, Bergamoda "Spetsiya"ni qabul qilib 3:1 hisobida g'alaba qozonishgan.
Madridda kechadugan javob uchrashuvi qiziqarli o'tishi tayin. Sababi, mazkur bahsda mehmonlarni faqatgina g'alaba qanoatlantirsa, Zidan shogirdlari iloji boricha raqibidan gol o'tkazib yubormaslikka harakat qilib ko'rishadi.
"Real Madrid"
Ayni paytda "Real Madrid"da yangi-yildan keyin boshlangan jarohatlar epidemiyasi biroz chekingandek, sababi bir necha etakchilar "Atalanta"ga qarshi uchrashuvda maydonga tushish ehtimoli bor. Bergamoda kechgan bahsda Serxio Ramos va Karim Benzema "qaymoqranglilar" tarkibida maydonga tusha olishmagan edi. Ikkalasi ham jarohat sabab ushbu o'yinni o'tkazib yuborishgan edi. Umuman olganda "qirollik klubi"ning o'yiniga jamoa sardorining ham, frantsuz futbolchisining ham ta'sirini juda yuqori. Ikkalasi ham - yoshidan qat'i nazar, "Real"ning asosiy figuralaridan hisoblanadi. Kelayotgan uchrashuvda "qaymoqranglilar"ning ikki etakchi futbolchisi ham, o'yinni asosiy tarkibda boshlashi kutilmoqda. Bugungi bahs avvalida "Real"da jiddiy yo'qotish mavjud. "Qaymoqranglilar" tayanch yarim himoyachisi Kazemiro diskvalifikatsiya tufayli o'yinni o'tkazib yuboradi. Bu holat esa "Atalanta"ga qarshi uchrashuvdan oldin, eng katta bo'shliq bo'lsa kerak. Sababi, hozircha Madrid jamoasi tarkibida Kazemiroga teng keladigan o'rinbosar yo'q. Bugungi bahsda maydon markazida katta ehtimol bilan, Valverde, Kross va Modrich uchligi tashkil etishi mumkin.
Qolaversa, Madrid jamoasi tarkibidagi Eden Azar, Karvaxal, Mariano Dias, Odriosola kabi o'yinchilar ham maydonga tusha olmaydi.
Uchrashuvdan oldin "Real Madrid" murabbiyi quydagi fikrlarni aytiib o'tdi:
"Bugungi o'yinni biz deyarli yo'qotishlarsiz boshlaymiz. Bu albatta yoqimli holat. Biz jamoamiz bilan chorak finalga chiqishni xohlasak, "Atalanta"ga qarshi o'yinda juda anq va intizomli o'yin ko'rsatishimiz ta'lab qilinadi. Birinchi uchrashuvdagi g'alaba muhim ahamiyat kasb etsada, bu bizni keyingi bosqichga 100 foiz o'tdik degani emas, chunki qarshimizdagi raqib Italiyaning ko'zga ko'ringan jamoalaridan hisoblanadi.", deydi Zinedin Zidan
"Atalanta"
Jan-Pero Gasperini jamoasida bu so'ngi imkoniyat hisoblanadi. Ular qanday bo'lmasan, Madriddan g'alaba bilan ortga qaytishi ta'lab etiladi. Aks holda, Chempionlar Ligasidagi safari shu erda yakuniga etadi. Bergamo jamoasi ushbu mavsumda bir tekis o'yin ko'rsata olmayapti. EChLda ham, ichki chempionatda ham ba'zi paytlarda ochko yo'qotishdi. Ayni paytda "ko'k-oqlar" A seriya turnir jadvalida 27 o'yindan so'ng, 52 ochko to'plab, 4 o'rinda joylashgan. Garchi, Gasperini shogirdlari birinchi uchrashuvda mag'lubiyatga uchragan bo'lsada, bu vahima qiladigan holat emas. Sababi 0:1 hisobi unchalik katta emas. Bugungi bahs oldidan "Atalanta" jamoasida bir qancha yo'qotishlar mavjud. Xususan, Viktor Kovalenko, Remo Froyler, Hans Xatebur, Boshko Shutalo kabi o'yinchilar bugungi bahsda maydonga tusha olmaydi. Ayniqsa, birinchi uchrashuvda qizil kartochka sabab maydondan chetlatilgan Froylerning yo'qligi, bugungi bahsda ta'sirini ko'rsatishi mumkin.
Bugungi bahs oldidan tashkil qilingan matbuot anjumanida "Atalanta bosh murabbiyi Jan-Pero Gaspireni quyidagi fikrlarni aytib o'tdi:
"Real Madrid" birinchi o'yinda juda tartibli o'yin namoyish etishdi. Ammo biz hali keyingi bosqichdan umidimizni uzganimiz yo'q. Chunki, bizda hali etarlicha imkon bor. Shuning uchun Madridda kechadigan uchrashuvda g'alaba qozonmoqchimiz. Jamoada hozir kayfiyat alo darjada. Iloji boricha mazkur uchrashuvda g'alaba bilan ortga qaytamiz" deydi Gaspireni
Ehtimoliy tarkiblar.
"Real Madrid" (4-3-3): Kurtua, Mendi, Varan, Ramos, Nacho, Modrich, Valverde, Kross, Junior, Benzema,Asensio.
Oldingi bahslarda tarkib borasida yo'qotishlar sabab, Zidan jamoasi 3-4-3 taktik ko'rinishda o'ymashayotgan edi, ammo Ramosning qaytishi "qaymoqranglilar" himoyasidagi bo'shliqni to'ldirdi. Shuning uchun ham, "Real Madrid" bugungi bahsda avvalgi ko'rinishiga, ya'ni 4-3-3 shaklida o'ynashini taxmin qilish mumkin.
"Atalanta" (3-4-1-2): Gollini, Toloi, Jimsiti, Palomina, Mele, Pashalich, De Ron, Gosens, Ilichich, Murel, Sapata.
"Atalanta" o'yin sxemasi bilan bog'liq savollar deyarli yo'q. Bergamo jamoasi odatda 3-4-2-1 yoki 3-4-1-2 kabi ko'rinishda ko'ramiz. Jan-Pero Gasperini jamoasining o'yin uslubi deyarli o'zgarmasa kerak.
Xulosa o'rnida shuni aytishimiz mumkinki, bugungi uchrashuv qiziqarli o'tishiga shubha yo'q, sababi "Real Madrid" ham, "Atalanta" ham keyingi bosqichga chiqish uchun harakat qilishadi. chunki birinch uchrashuvdan keyin farq katta emas 1:0 hisobini o'zgartirib yuborish har ikki jamoaning ham qo'lidan keladi. Mazkur qiziqarli bahs, bugun seshanbadan, chorshanbaga o'tar kechasi soat 01:00da boshlanadi.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.