«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Barselona» darvozasiga gol urganidan keyin kataloniyaliklar forvardi Lionel Messining gol nishonlash uslubini takrorladi.
Ispaniya superkubogi doirasida «Kamp Nou»da bo'lib o'tgan dastlabki uchrashuvning 80-daqiqasida portugaliyalik futbolchi chiroyli zarba bilan Ter Shtegen qo'riqlayotgan darvozani ishg'ol qildi va shundan so'ng futbolkasini echib, o'z familiyasini stadionga namoyish qildi.
"Barsa" hujumchisi Lionel Messi o'tgan mavsumda La liganing 33-turi doirasida «Santyago Bernabeu»da bo'lib o'tgan o'yinning so'nggi daqiqalarida "Real" darvozasiga gol urib, xuddi shunday ishni amalga oshirgandi.
Sariq kartochka bilan yakunlangan bu gol nishonlash Ronalduga qimmatga tushdi. Oradan 2 daqiqa o'tib hakam uning navbatdagi harkatini simulyatsiya sifatida baholab, Krishtianuni maydondan chetlatdi. Endi portugaliyalik futbolchi Ispaniya superkubogining javob o'yinida ishtirok eta olmaydi.