Ernesto Valverde kelganida boshida “Barselona”ning taktikasi o'zgarar deb o'ylagandik. Biroq superkubokni ko'rdig-u, Valverde ham Kataloniya klubining qon-qoniga singib ketgan taktikani buzib tashlay olmasligini angladik. Xo'sh, “Barselona” nega yutqazdi? Keling, mag'lubiyat sabablarini izlab ko'ramiz.
NEYMARNING YO'QLIGI
Bu aniq edi. Chunki ayni damda Neymarning o'rnini bosadigan futbolchi nafaqat “Barselona”da, balki boshqa jamoalarda ham yo'q. Valverde Neymarning o'rnini Angliyada tajriba orttirib kelgan Delafeu bilan to'ldirmoqchi bo'ldi, biroq u deyarli ko'zga tashlangani yo'q. Neymarning oldingi el klasikolardagi o'yinlarini eslang. Bugungi o'yinda “Barselona”ga Neymarning ajoyib fintlariyu zargarona uzatmalari kamlik qildi.
ESKIRGAN TAKTIKA
O'yin davomida “Barselona” ustunlik qildi. Odatdagidek. To'p bilan muomala qilish, burchak to'plari va hokazo. Ammo aniq zarbalaru xavfli vaziyatlar borasida unchalik ustunlik qayd etgani yo'q. Valverde “Real”ni to'psiz qoldirish kerakligini uqtiribdi-yu, ammo raqib darvozasini ishg'ol etishni o'rgatmabdi, shekilli. Birgina gol ham Suaresning ayyorona aktyorligi natijasida ishlangan penaltidan kiritildi. “Barselona” hamon eskirgan taktikasining jabrini tortyapti — ustunlik bor, natija yo'q. Aftidan, Gvardiola tiki-takasini jamoaning qon-qoniga singitib yuborgan ko'rinadi.
VALVERDENING E'TIBORSIZLIGI
“Real”ning asosiy quroli — qarshi hujum. Buni Valverdening bilmasligi mumkin emas. Axir uning o'zi Madrid jamoasi bilan ilgari ham to'qnash kelgan. Qolaversa, klasikodan oldin “Real”ning o'yinlarini kuzatgan bo'lishi kerak. “Real”ning ikkita goli qarshi hujumdan kiritildi. Bu esa Valverdega munosib jazo bo'ldi, u qarshi hujumga qarshi qurol tayyorlab qo'ymagani uchun jazolandi.
OMADSIZLIK
Ha, “Barselona”ning mag'lubiyatiga omadsizlik, aniqrog'I, “Real”ning omadi kelgani ham sabab bo'ldi. Ayniqsa, Asensioning super goli ko'rsatdiki, bugun “Barselona”ning kuni emasdi. Klasikoga har tomonlama yaxshi tayyorlangan “Barsa”ning oyog'iga omadsizligi ham tushov bo'lgani aniq.
MAJBURIY TANLOVLAR
“Barselona” tarkibi hozir u qadar kuchli emas, boisi el klasikoda maydonga tushgan ayrim futbolchilarni bu o'yinga tayyor deb bo'lmaydi. Bizningcha, agar yaxshiroq varianti bo'lganida Valverde Neymarning o'rniga Delafeoni tushirmasdi. To'g'ri, Jerar tajribali futbolchi, ammo uning tajribasi el klasikoda o'ynash uchun, baribir, kamlik qiladi. Zahiradan tushirilgan futbolchilar ham “Barselona” darajasida emasdi.
Javob o'yinida “Barselona”ga qiyin bo'lishi tayin. To'g'ri, Kataloniya klubi “Real”ni yirik hisoblarda yutgan, ammo hozirgi “Barselona” o'sha paytdagi “Barselona” emas, shuningdek, “Real” ham. To'g'ri, javob o'yinida hakam tomonidan nohaq chetlatilgan Ronaldu maydonga tusha olmaydi. Ammo Zidan uning o'rnini bosadigan futbolchi topib qo'ygan. Bu Asensio, bu Vaskes yoki boshqa bir futbolchi. Ko'ramiz javob o'yini qanday bo'larkin? Aytgancha, umid qilamizki, keyingi o'yinni nima qilayotganini biladigan va futbolni yaxshiroq tushunadigan hakam boshqaradi.
Nizomjon ISLOMOV