Tunda malum sabablarga ko'ra, uxlab qolganlar ham erta tongdan o'yinlar natijasi va quyida so'z yuritmoqchi bo'lganimiz, bahs-munozaralarga sabab bo'lgan "qizil kartochka" haqida bilib ulgurgan bo'lishsa ajab emas.
Uchrashuvdan avval ispanlar Zizu shogirdlariga vaziyat naqadar og'ir bo'lmasin, safdagilar bilan ham bellashuvda g'alaba qozonmoqchiligini takidlagani haqida, italiyaliklar esa Gasperini va shogirdlariga raqibning kim bo'lishi ahamiyatsiz ekanligi, qo'shimchasiga, jarohatlar sabab kuchsizlanib qolgan "Real"ni hozir engmasa, keyin bunday imkoniyat bo'lmasligi haqida bong urishardi.
O'yinning ilk daqiqalarida chindan ham bergamoliklar ECHL bosh sovrini bir necha marotaba yutib qo'ygan futbolchilar o'zlariga qarshi harakat qilayotganini ongldi ravishda unutgan hamda taslim etilishi zarur bo'lgan oddiy bir raqib sifatida harakat qila boshlashdi. Markazda De Ron va Sapata ishtirokidagi harakatlar, goh u qanotdan, goh bu qanotdan uzatmalar "Real"ningda himoyachilarini shoshirib qo'yayotgandek edi. Lekin shu kuni tajribaga suyangan Zinedin Zidan shogirdlari, bunga sof markaziy hujumchi Mariano Dias emas Isko asosiy tarkibda tushgani ham bir ishoradek, sarosimaga tushib qolishmadi. Va daqiqalar o'tgani sari o'yindagi tarozi pallasini tenglashtirib olishdi.
17-daqiqada esa o'sha epizod yuz berdi...
Bahsli holat, qoida buzilgan, lekin jarima maydoni tashqarisida, demak, penalti yo'q. Yangi qoidalarga ko'ra, qoida buzilishi o'ta keskin va atayin amalga oshirilgan harakat bo'lmasa, bitta jazoni qo'llash tavsiya qilingan. Mendi va Froyler vaziyatiga kelsak... Katta ehtimol bilan hakam kontaktni to'liq ko'ra oldi. Tobias SHtiler uzoq o'ylab o'tirmay, qizil ko'rsatdi va "VAR"ni ko'rishni ham istamadi. Qoida buzilishi so'zsiz bor edi, qoidalardan kelib chiqsak, hakam o'sha qizil kartochkani ko'rsatishga asoslarga ham ega edi, ammo...
SHaxsiy fikrim, Remo Froyler aslida to'pga intilgani (juda kech qolgan bo'lsada), o'yinning ilk daqiqalari ekanligini inobatga olib, o'sha kartochkani boshqa rangdagisini ko'rsatsa, menimcha hech kim o'sha vaziyatni hozirgidek "chaynamasdi".
Lekin qaysidir hakam aytgani ham yodimda: "Qoida buzgan futbolchi harakati uchun kartochka ko'rsatiladi, o'yinning nechanchi daqiqasi ekanligi esa bunda butkul ahamiyatsiz". Bu bir mutaxassis fikri, lekin shu qizil o'yinga juda katta tasir o'tkazdi va "Atalanta" bir kishi kam bo'lib qolgani "Real" uchun ham muammo keltirib chiqardi.
Nega deysizmi?
Birinchidan, qizil o'yinning umumiy kartinasiga tasir ko'rsatdi.
Ikkinchidan, qizil sabab "Atalanta" o'z o'yinini ko'rsata olmadi. SHaxsan men bergamoliklar kechagidek himoyaviy o'ynaganini, butun jamoa bo'lib himoyalanganini ko'rmaganman.
Uchinchidan, qizil sabab "Real" bittagina gol urdi. Ha, to'g'ri o'qidingiz - bittagina gol urdi. Tasavvur qilib ko'raylik, agar kamchilikda qolib ketmaganida "Atalanta" kechagidan ko'ra ko'proq hujum qilardi va oldinga o'tardi. Bu esa "Real" futbolchilari uchun bo'sh zonalarni vujudga keltirardi. Gasperini shogirdlari hujumda samarali harakat qilsalarda, aksariyat o'yinlarda o'z darvozasidan ham gol(lar) o'tkazib yuboradi.
Flo Peres germaniyalik hakamga o'yindan avval "sovg'a" berganidan xabarim yo'q va shu gapni aytayotganlarning ham bunga isboti yo'q. Lekin nima bo'lganda ham qizil kartochka ko'rsatgan SHtilerning qarori har ikki jamoa hamda neytral muxlislar zarariga ishladi.
Oradagi farq bor yo'g'i 1 ta golni tashkil etishi, javob o'yinidan ko'proq narsa kutish uchun zamin yaratadi. Gasperini va Zidan aytganidek hali hech nima tugamadi, barchasi javob o'yinida hal bo'ladi.