Men etti yoshimdan keyingi xotiralarni yaxshi eslayman. Garchi, qiyin ahvolda yashagan bo'lsakda, ammo oilamiz bilan juda baxtli yashaganmiz.
O'sha paytlarda futbol bilan jiddiy shug'ullanishni boshlaganman. Ungacha Madeyra ko'chalarida faqat do'stlarim bilan to'p o'ynardim. Ko'cha deganda, men shunchaki majoziy ma'noda emas, balki haqiqatan ham ko'chani nazarda tutayapman: Biz o'ynaydigan joyda darvoza yo'q edi va har safar mashinalar o'tganida futbolni to'xtatar edik. Men har kuni bunday holatda to'p tepishdan juda xursand edim. Ammo otam meni «Andorinya» klubining bolalar jamoasida o'ynashimni xohlagan. Otam menga buyuk futbolchi bo'lishimni va bundan faxrlanishi haqida aydi, men esa uning niyatini amalga oshirish uchun bor kuchim bilan harakat qildim.
Birinchi kuni men tushunmaydigan juda ko'p qoidalar bor edi, lekin bu menga yoqdi - o'yin tuzilishi va g'alabalar hissini o'zimda his qildim. Har bir o'yinimni uzun soqolli, ishchi kiyimdagi otam tomosha qilardi. U futbolni juda yaxshi ko'rardi, ammo onam va opalarim bunga qiziqish bildirishmadi. Har oqshom, kechki ovqat paytida, otam ularni o'yinimni tomosha qilishga borishi uchun ko'ndirishga harakat qilardi. U mening birinchi agentim edi.
Bir kuni o'yindan keyin uyga qaytganimizda otam oila a'zolarimga: «Krishtianu gol urdi» dedi. Ular esa: «Xo'sh, nima bo'libdi», deb javob berishdi. Ammo ularda futbolga nisbatan qiziqish paydo bo'lmadi. Ikkinchi kuni otam yana: «Krishtianu ikkita gol urdi», dedi. Va yana, shu holat edi. Ular shunchaki: «Oh, haqiqatan ham bizning Krish buyuk futbolchi», deyishdi. Men yana nima qilishim mumkin edi? Men yana gol urishda davom etdim. Bir kuni ota uyga kelib: «Krishtianu uchta gol urdi. Siz buni borib ko'rishingiz kerak.» dedi, ammo shunga qaramay har bir uchrashuvda otamni maydon chetida yolg'iz ko'rardim. Bir kuni ular stadionga, o'yinimni tomosha qilish uchun borishdi. Men bu kunni hech qachon unutmayman. O'yin boshlanishidan oldin, atrofga nazar tashlagan edim, to'satdan onam va opalarimni ko'rdim . Ular tribunada o'tirishardi. Ular meni qo'llab-quvvatlashmadi, hatto qarsak ham chalishmadi, shunchaki menga qarata qo'l silkishdi, xolos. Garchi, ular ilgari hech qachon futbolga borishmagan bo'lsada, hozir ular tribunada o'tirishgan edi va shu narsa meni hayajonga solardi.
O'sha kuni men bundan juda xursand bo'ldim. Bu men uchun juda katta ahamiyatga ega holat edi. Axir, onam va opamlar ishonch bildirishgan edi. Go'yo tomog'imda bir narsa tiqilib qolganday edi. Men o'shanda juda baxtli edim. Shu kuni jamoa rahbariyatlari butsa olishim uchun menga pul berishdi, men esa pulni oyimga berdim. Madeyrada hayot juda qiyin edi. Shu sababli, men amakivachchalarimdan biri sovg'a qilgan eski butsada to'p tepardim. Ammo pulga uncha ahamiyat bermadim, muhimi, oilamga yordamim tekkanidan xursand edim. Shu kuni o'zimni oilasiga foydasi tekkan inson kabi his qildim.
Bu xotiralarni hech qachon esdan chiqarmayman, chunki ular hayotimdagi eng ajoyib kunlardan biri edi. Futbol menga hamma narsani berdi, ammo o'sha to'p meni juda erta uyimni tark etishimga ham sabab bo'ldi. 11 yoshimda Madeyradan, Lissabonning «Sporting» akademiyasiga ko'chib o'tdim, bu esa mening hayotimdagi eng qiyin davr edi.
Hozir bu haqda o'ylashni aqlimga sig'dira olmayman. O'g'lim, kichik Krishtianu hozir etti yoshda. Men to'rt yildan keyin uni Londonga yoki Parijga ketishini tasavvur ham qilolmayman. Bu imkonsiz ko'rinadi. Ishonchim komilki, ota-onam ham shunday o'ylagan. Ammo men uchun bu orzuimni amalga oshirish uchun imkoniyat edi, shuning uchun ular meni qo'yib yuborishdi va men «Sporting»ga yo'l oldim.
Lissabonga borganimda, xuddi boshqa mamlakatga kelib qolgandek tuyuldi. U erdagi odamlarning tili menga mutlaqo begona bo'lib tuyuldi. Madaniyat ham boshqacha edi. Men hech kimni tanimasdim va o'zimni juda yolg'iz his qilardim. Oilam to'rt oyda bir yoki ikki marta meni ko'rgani kelishar edi. Men ularni shunchalik sog'inardimki, har bir kun o'tishi juda azobli edi.
Men futbol o'ynashni davom ettirdim. Sporting akademiyasidagi boshqa bolalar qila olmaydigan ishni maydonda qila olishimni bilardim. Esimda, bir marta bir bola boshqasiga: «Siz uni nima qilayotganini ko'rdingizmi? Bu yigit odammas», deb aytayotganini eshitib qoldim. Keyin shunga o'xshash gaplarni murabbiylar orasida ham bo'lib turardi.
Tashqi tomondan ko'rinishim juda oriq edi, mushaklarim ham yo'q edi. . Men juda iste'dodli ekanligimni bilardim, lekin 11 yoshimda men boshqalardan ko'ra ko'proq va qattiqroq ishlayman deb o'zimga-o'zi, va'da berdim, yosh boladek o'ynashni, o'zimni boladek tutishni to'xtataman. Dunyoda eng zo'r futbolchidek mashg'ulot o'tkazaman deb qaror qildim. Bu motivatsiya o'zimda qayerdan paydo bo'lganini bilmayman. Menimcha, bu ichki his-tuyg'ular ortidan paydo bo'lgan. Bu tugamaydigan futbolga nisbatan ochlik tuyg'usi edi.
Kechqurun o'z ustimda ishlash uchun yotoqxonadan yashirincha chiqib keta boshladim. Men jismoniy holatim ancha baquvvatlashib borar edi. Shug'ullanish uchun jamoaga qo'shilganimda, ilgari mening oriqligim haqida gapiradigan odamlar, menga nisbatan hayron ko'zlari bilan boqishar edi.
15 yoshli paytimda, mashg'ulot payti jamoadoshlarimga qarata: «Bir kuni men dunyodagi eng zo'r futbolchi bo'laman», deb aytdim. Ular kulib yuborishdi. Axir, o'sha paytda men hatto «Sporting»ning ham asosiy tarkibida ham bo'lmaganman, lekin o'zimga juda qattiq ishonardim.
«Sporting»da asosiy tarkib o'yichisi bo'lganimdan so'ng, ko'proq narsa haqida o'ylay boshladim. Men Portugaliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted»da o'ynashni xohlardim, chunki Premer-ligani televizor orqali har doim tomosha qilardim. U erdagi tezlik va muxlislarning hayqiriqlari meni hayratga solardi. «Manchester Yunayted» futbolchisiga aylanganimda, men o'zim bilan nihoyatda faxrlanardim, ammo oilam bundan ham faxrlangan bo'lsa kerak.
Avvaliga sovrinlar yutgan paytimda, juda katta hayajon bo'lardi. «Manchester Yunayted» bilan Chempionlar Ligasidagi birinchi g'alabam haamon esimda. Men shunchalik hayratda edimki, o'zimga-o'zim: «Nahotki erishdim.» degan gapni aytardim. Birinchi «Oltin to'p»ni yutganimda ham shunday holat bo'lgan. Ammo men hech qachon orzu qilishdan to'xtamaganman. Orzularning mohiyati aslida, shunday emasmi? Keyinchalik, o'zim uchun yangi chaqiriqni xohladim. Har doim "Real Madrid" jamoasiga qoyil qolganman, shuning uchun ularning taklifini tezda qabul qildim. "Real" bilan sovrinlarni yutib, barcha rekordlarni yangilab, klub afsonasiga aylanish haqidagi hayollarni sura boshladim. So'nggi yillar davomida Ispaniyada men aql bovar qilmaydigan ishlarni bajardim. Ammo, rostini aytsam, vaqt o'tishi bilan medallar menga boshqa his-tuyg'ularni bera boshladi, ayniqsa so'nggi ikki yilda.
Otalik bu butunlay boshqacha tuyg'u. Men buni tasvirlab berolmayman. Shuning uchun Madriddagi hayotim o'zgacha bo'lgan. U erda ham futbolchi, ham ota edim.
Chempionlar Ligasi tarixga kirgan kunimiz, Kardiffdagi finalda o'g'lim ham bor edi. Kubokni qo'lga kiritganimizda, kichik Krishtianu mening atrofimda yugurib yurardi. O'g'lim bilan kubokni ko'tarib, keyin uning qo'lidan ushlab, maydon bo'ylab aylantirdim. Bu qanday quvonchligini sezayapsizmi? Men ota bo'lgunimgacha buni tushunmasdim. Biz shu qadar baxtli edikki, buni tasvirlashga so'zlar topish imkonsiz. Buni faqatgina Madeyradagi o'yin oldidan isinayotganimda va onam va opalarim tribunada o'tirgan holatni ko'rganimdagi xursandchilik bilan taqqoslashim mumkin.
"Santyago Bernabeu"ga qaytib, muxlislar bilan bayram qilayotgan kunimiz, o'g'lim Marselo bilan hammaning ko'z o'ngida to'p tepdi. Bu xolat mening ko'chada to'p tepishimdan ancha farq qilardi. Ammo umid qilamanki, o'g'il menga o'xshab o'zini baxtli his qilgan.
Hozir, men har doimgidek yana maqsadga egaman. Turinda rekordlarni yangilashni, imkon qadar ko'proq sovrin yutishni xohlayman. Bu mening qonimda bor.
Ammo Ispaniyada o'ynagan vaqtim, men uchun eng muhimi, chempion bo'lganimda, o'g'limning qo'lidan ushlab, maydon bo'ylab piyoda yurganim. Bu haqda nevaralarimga 95 yoshimda aytib beraman.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.