"Barselona" Neymarning o'rniga munosib futbolchini qidirishda davom etmoqda. Kataloniyaliklar o'z e'tiborlarini "Real" futbolchisiga qaratishdi.
Filippe Koutino va Usmon Dembelening transferi yuzasidan "Liverpul" va "Borussiya" bilan muzokaralar cho'zilib ketgani bois, "Barsa" boshqa nomzod — Marko Asensioni qo'lga kiritishni maqsad qilmoqda.
"Ko'k-anorranglilar" 21 yoshli ispaniyalik futbolchining vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi. "Barselona" Asensioning "Real" bilan shartnomasida ko'rsatilgan 80 million evro badal pulini to'lashga tayyor. Bu haqda Diario Gol xabar tarqatdi. Ammo "Real" Asensio bilan yangi shartnoma imzolab, uning badal pulini 350 mln evroga ko'tarib qo'ymoqchi.
Qiziq tomoni, 2 yil avval ham kataloniyaliklar futbolchi bilan muzokara olib borishgandi, ammo Marko "Real"ni tanlagandi. "Qaymoqranglilar" o'yinchi uchun "Malorka"ga 4 mln evro to'lagan bo'lsa, "ko'k-anorranglilar" 3,5 mln evro taklif qilishgandi.
O'tgan mavsumda Asensio "Real" safida barcha musobaqalarda 38ta o'yinda maydonga tushib, 10ta gol urdi va 4ta golga uzatma berdi.