2020/21-yilgi mavsum boshidanoq taqvim jamoalar uchun zich kelishi ma'lum edi. Pandemiya sabab oddiy dam olishga ham, to'liq tayyorgarlik ko'rish uchun ham vaqt muammo bo'lishi va bu jismoniy tomonlama ba'zi jamoalar qiyin ahvolga tushib qolishi kutilgan edi. Hozir ko'pgina chempionatlar 20-turni ham tugatishdi, demak, jamoalarning jismoniy holati, yarim mavsum davomida ko'rsatayotgan o'yini va boshqa holatlar yuzasidan tegishli xulosalarni chiqarish mumkin. Kuchli beshlik chempionatlarida ba'zi jamoalar mavsumni shunday boshlashdiki, ko'rsatayotgan o'yinidan bu yilgi o'z chempionatining asosiy da'vogari sifatida e'tirof etildi, ammo qandaydir sabablarga ko'ra hozirda jadvalda o'rtamiyonalar qatorida turibdi. Hozir biz sizlarga mavsumni yaxshi boshlab, keyinchalik o'z o'yinini yo'qotib qo'ygan jamoalar haqida so'z yuritamiz.
"ChELSI"
"Chelsi" yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rayotgan paytidan boshlab, 2020/21 mavsum chempionligiga asosiy da'vogar sifatida ko'rilayotgan edi. Ular bir qancha ajoyib transferlarni amalga oshirganligi, jamoa muxlislari bir necha yildan beri xohlayotgan APL chempionligini qo'lga kiritadigandek ko'rindi. Kutilganidek, "aristokratlar" mavsumni yaxshi boshlashdi. "Ko'klar" APLda ham, Chempionlar ligasida ham mavsumning birinchi yarmida ajoyib o'yinlar ko'rsatishdi. Premer-ligada 8 o'yindan iborat mag'lubiyatsiz seriya ko'rsatishgan bo'lsa, Chempionlar ligasida "Sevilya"ni ortda qoldirib, guruhda birinchi o'rinni qo'lga kiritishdi.
Ammo, 2020-yil oxirida londonliklar to'xtab qolishdi. "Chelsi" g'alabalarni mag'lubiyatlar va duranglarga almashtirib, muntazam ravishda ochko yo'qotuvchi jamoaga aylanib qoldi. Turnir jadvalida har turda pastroqqa tushib boraverdi. Jamoaning ko'rsatayotgan bu o'yinidan, Frenk Lempard mavsum oxirigacha Londonda qolmasligi, deyarli aniq bo'lib ulgurgan edi. Murabbiy ehtimol 200 million funtdan ortiq pul sarflab, amalga oshirilgan transferlarda ba'zi bir xatolarga yo'l qo'ygandir yoki jamoaning barqaror o'yin ko'rsatishda ba'zi ishlarni amalga oshirmagandir. Ha, albatta bu murabbiylik salohiyatiga bog'liq. Mutaxasislarning fikriga qaraganda, Lempardga bir nechta jihatlar etishmadi. Ya'ni, tajriba, vaqt, futbolchilar bilan muloqot qilishda to'g'ri yondashuv. Yaqinda jamoa ruliga kelgan Tomas Tuxelning murabbiylik salohiyati "Chelsi"ning barqaror o'yin ko'rsatishiga qanchalik yordam berishi noma'lum, ammo undagi tajriba orqali jamoa yuqori o'rinlar uchun kurashishi aniq.
"TOTTENXEM"
"Shporlar"ning chempion bo'lishi uchun har yili nimadir etishmaydi. Ular Premer-ligada ikkinchi o'rinni egallashgan, Chempionlar ligasi finaligacha chiqishgan, ammo asosiy sovrin, chempionlik kubogini qo'lga kiritishga kelganida qoqilib qolmoqda. Joze Mourino kelishi bilan hamma narsa o'zgarishi kerak edi. Mutaxassisi boshchiligida "Tottenxem" Liga kubogi finaliga qadar etib bordi va Evropa ligasida g'oliblik uchun asosiy da'vogarlardan biri hisoblanadi. Ammo har qanday ingliz jamoasining maqsadi, Premer-liga chempionligidir. Londonliklar kundan kunga chempionlik poygasida cho'kib boryapti. Joriy mavsum "Tottenxem" uchun juda yaxshi boshlangan edi. Premer-liganing 1-turida "Everton"ga yutqazib qo'ygan "shporlar" ichki chempionatda mag'lubiyatsiz 11 uchrashuvni o'tkazdi va bir qancha muddat APL turnir jadvalida birinchi o'rinni egallab turishdi. Ko'pchilik "Tottenxem"ni Angliya chempionligi uchun asosiy da'vogar sifatida qarashdi, ammo jamoa ma'lum vaqtdan so'ng o'z o'yinini yo'qotib qo'yishni boshladi. Mourino jamoasi omadsiz davr dekabr oyining o'rtalarida "Liverpul"ga qarshi o'yinda boshlandi. Londonliklar "Enfild"da "Liverpul"ga 1:2 hisobida yutqazib qo'yishdi. Shundan so'ng, "shporlar" muntazam ravishda ochko yo'qotib kelishmoqda. Endilikda London klubi peshqadamdan 14 ochko ortda qolib, Premer-liga jadvali 8-o'rinni egallab turibdi. Chempionlikdan umidini uzgan "Tottenxem" buyog'iga faqat Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurashib ko'rsa kerak.
"REAL MADRID"
Zayniddin Zidan "Real"ni har yili medallar qo'lga kiritishga o'rgatib qo'ydi. Frantsiyalik murabbiy jamoada ish boshlagandan so'ng, "qaymoqranglilar" Chempionlar Ligasida uch marta va ikki marta UEFA Superkubogi, Ispaniya Superkubogi, klublar o'rtasidagi jahon chempionati va La-ligada g'olib chiqqan. O'tgan mavsumda jamoa Chempionlar Ligasini erta tark etishdi, ammo Ispaniya chempionligini qo'lga kiritishdi. "Real Madrid" bu yilgi Superkubok va Ispaniya kubogidan chiqib ketishdi. La-ligada ham birinchi o'rindagi "Atletiko"dan 5 ochko ortda bormoqda, ammo "matraschilar" hamshaharidan ikkita o'yin kam o'tkazishgan. Zidan shogirdlarining EChLda ham imkoniyatlari unchalik yuqori emas, garchi musobaqada favorit hisoblansa-da, ammo madridliklarning imkoniyati ancha past. Ammo Zidanning taqdiri jamoaning Chempionlar ligasidagi o'yiniga bog'liq. Garchi "Real Madrid" ko'p jabhalarda qiyin kunlarni boshidan kechirayotgan bo'lsa-da.
Yozda "qirollik klubi"ni nafaqat murabbiy, balki jamoaning uzoq yillik etakchisi Serxio Ramos ham tark etishi mumkin. "El-kapitano"ning ketishi "qaymoqranglilar"ga frantsuzni ishdan bo'shatishdan ko'ra ko'proq ta'sir qilishi mumkin. Ispaniyalikning maydonda yo'qligi nafaqat madridliklar himoyaviy o'yiniga, balki jamoaviy ruhga ham putur etkazishi mumkin.
"ATALANTA"
A Seriyaning o'tgan ikki mavsumida "Atalanta" turnir jadvalida sovrinli o'rinlardan joy olgan. Bu vaqt ichida bergamoliklarni deyarli butun dunyoda yoqtirib qolishdi. Hammasidan ham Gasperini jamoasining Chempionlar ligasidagi ajoyib o'yinlari sabab muxlislar ko'nglidan joy olishdi. Ammo joriy yilgi mavsumdagi "Atalanta"ning natijalari qoniqarli emas. A seriyada 21-turdan so'ng, 37 ochko bilan 7-o'rindan joy olishgan. Chempionlar ligasiga yo'llanma beruvchi o'rinlarga qadar masofa uncha katta emas, ammo jadvalda etakchilik qilayotgan Milan jamoalaridan tashqari, "Yuventus", "Roma", "Latsio" va "Napoli" jamoalari ham EChL yo'llanmasiga asosiy da'vogarlardan biri hisoblanadi.
Ushbu mavsumda "Atalanta" bir tekisda o'yin namoyish eta olmayapti. Bergamo jamoasining autsayder jamoalarga qarshi o'yinlarda ochko yo'qotishi, mavsum yakunida bo'ladigan hisob-kitob paytida afsus chekib qolishiga sabab bo'lib qolishi mumkin. Hech bo'lmaganda, Chempionlar ligasida qatnashish uchun da'vogar bo'lgan jamoaning bunday o'yin ko'rsatishi, muxlislarini ham xafa qilishi mumkin. Har qanday turnirda muvaffaqiyat kaliti bu — barqarorlikdir. "Atalanta" atigi bir necha yil ichida Italiyadagi eng yaxshi klublardan biriga aylandi. Agar jamoa qolgan o'yinlarda yana oldingi kabi o'yinlarini namoyish etmasa, keyingi yil EChLda qatnashishi ham so'roq ostida bo'lib qoladi. Bu yil ham "Atalanta"da kuchli uchlikka kirish imkoni bor, bundan tashqari jamoa hali ham Chempionlar ligasi va Italiya kubogidagi ishtirokini davom ettirmoqda.
"BORUSSIYa DORTMUND”
Mana 8 yildirki, butun futbol olami Germaniya chempionligi uchun kurashda kimdir "Bavariya"ga qarshi jiddiy kurashadgan jamoaning paydo bo'lishini kutishmoqda. Yurgen Klopp "Borussiya" Dortmundni tark etganidan so'ng, mana necha yildirki myunxenliklar chempionlikni hech qaysi jamoaga bermay kelmoqda. Bundesligada "Leyptsig" "Bavariya" bilan raqobatlashishga harakat qilib ko'rdi. Ammo "buqalar"ning ham salohiyati Myunxen jamoasini taxtdan tushirishga etmayapti. Hamma "Bavariya" bilan ichki chempionatdagi kurashni "Borussiya" Dortmund jamoasiga yuklaydi. Ammo necha mana yildirki, "arilar"ning ham ishlari joyida emas. O'tgan mavsumda "Borussiya" Germaniya chempionatida 2-o'rinni egalladi. Joriy yilgi mavsum jadvalida esa, 20-turdan so'ng 6-o'rinda joylashgan. "Bavariya" bilan oradagi farq 12 ochkoni tashkil qilmoqda. Dortmundliklar bu yil ham chempionlikka emas, Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurashayotgan jamoadek taassurot uyg'otmoqda. Yo'llanma uchun Bundesligada "Borussiya"ning ko'plab jiddiy raqiblari bor. Ayni damda Germaniyada Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurash qizg'in davom etmoqda. Balki, dortmundliklar chempionlik uchun kurashni davom ettirar, ammo optimist fikrlaydigan odamlar bu juda-juda qiyinligini bilishsa kerak. Ha, biz oldingi "Borussiya" Dortmund jamoasining o'yinlarini sog'inib qoldik.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.