Futbol tarixida shunday o'yinchilar borki, bolaligida ertalab nima eyishini bilmas edilar. Hatto, oyog'iga butsa olishga ham puli yo'q bo'lgan. Sevgan insonini xursand qilish uchun futbolga qaytib, mashhurlik darajasigacha erishgan. Hozir shunday og'ir sinovlarni mardonavor engib o'tgan futbol yulfuzlari haqida hikoya qilamiz.
Diego Maradona
Maradona afsonaga aylanishdan oldin Buenos-Ayresdan tashqaridagi shinamgina Villa Fiorito shahrida o'sgan. U erda bitta xonada etti aka-uka birga yashashgan. Yashaydigan joyi shunchalik harob ediki, ba'zan Diegoning o'zi ham bu joylardan bosh olib ketishni xohlab qolardi. "Unda futboldan boshqa hech narsa yo'q edi", deydi shu erdagi mahalliy aholi. "O'qimagan, ko'ylaksiz va yalangoyoq edi. U shunchaki xudoning in'omi bilan tirik qolgan". Kambag'allikda o'sgan Maradona o'n besh yoshida o'zining birinchi professional shartnomasini imzoladi. Shundan keyin uning oilasida ham ko'plab eguliklar paydo bo'lishni boshladi. Yigirma bir yoshda juda katta pul evaziga "Barselona" jamoasiga qo'shildi. Ha, yaxshi kunlari hali oldindaligini sezar edi. Maradonadan 100000 dollar atrofida meros qolgan.
Aleksis Sanches
Oddiygina Sanches nomi bilan ham tanilgan chililik professional futbolchi, A seriyaning "Inter" klubi hujumchisi. Futbolchilik faoliyati davomida "Udineze", "Barselona", "Arsenal", "Manchester Yunayted" kabi jamoalarda to'p tepgan futbolchining bolaligi juda achinarli ahvolda kechgan. Sanches Chilining kambag'al konchilar shahri — Tokopillada o'sgan. Uning iste'dodiga qaramay, oilasi futbolchiga butsa sotib olib berishga qurbi etmadi. Sanchesning onasi o'zi o'qiydigan maktabida farroshlik qilgan. "Oyim maktabda farroshlik qilayotganida, meni uni u erda ko'rishni yoqtirmaganim uchun yashirinardim", deb eslaydi Aleksis. Sanchesning o'zi ham ishlar edi. Ko'chada mashinalarni yuvib, oilasi uchun qo'shimcha daromad keltirishga harakat qilardi. Hozirgi paytda chililik futbolchining boyligi taxminan 50 million dollarni tashkil etadi.
Neymar
Kichik Neymar yoki shunchaki Neymar nomi bilan tanilgan. “PSJ” va Braziliya terma jamoasining hujumchisi. Neymar o'ta kambag'al oilada tug'ilgan, uning rekord darajadagi transfer narxi 222 million evroni tashkil etgan. Bularning hammasi Braziliyaning janubidagi kichik tumanidagi axlatxonadan bir necha chaqirim naridan boshlangan. Neymarning oilasi shunchalik og'ir ahvolda yashardiki, ba'zida chiqindixonadagi qoldiq ovqatlar bilan qorin to'ydirishgan. Futbolchining iqtidori yoshligidan namoyon bo'la boshlagan. Junior 12 yoshida birinchi shartnomasini imzolaganidan so'ng Neymarga aylandi. Ko'pincha u ancha yoshi katta raqiblarga qarshi o'ynardi. Futbolchi "Palmeyras" klubiga muxlislik qilib ulg'ayganiga qaramay, u "Santos" futbolchisi bo'lgan. Keyinchalik "Barselona" jamoasida ham to'p tepgan. Neymarning boyligi hozirda taxminan 185 million dollarni tashkil etadi.
Dani Alvesh
Oilasidagi besh farzanddan biri bo'lgan Alvesh qishloqda tug'ilgan. Danining oilasi dehqonchilik bilan kun o'tkazgan. Alvesh har kuni elkasiga belkurakni qo'ygancha dalaga ishlagani ketar, ishdan bo'shaganidan futbol maydoniga yugurar edi. Uning kunlari shu tarzda o'tgan. Dani Alvesh tug'ilgan qishloq Braziliyaning shimoliy-sharqida joylashgan mittigina tumanda joylashgan bo'lib, u joylarga e'tibor juda kam bo'lar edi. Futbolchi shu joydan mashhurlikka erishgan juda oz kishilardan biridir. Hozirgi paytga kelib, braziliyalik iqtidorning futbol orqasidan to'plagan mablag'i 60 million dollarni tashkil etadi.
Krishtianu Ronaldu
"Yuventus" klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi. Ronaldu Portugaliyaning Madeyra shahridagi qashshoq San-Antonio mahallasida tug'ilgan. Onasi Dolores Aveyro Ronaldu tug'ilishidan oldin uni abort qilmoqchi ham bo'lgan, chunki oilasidagi etishmovchilik sabab yana bir farzand tug'ilishi ortiqchalik qilardi deb o'ylagan. Ronalduning otasi bog'bon, onasi esa oshpaz bo'lib ishlardi. 14 yoshida u o'ziga nisbatan hurmatsizlik qilgani sabab o'qituvchisiga stul otgani uchun maktabdan haydalib ketadi. Keyin, Ronaldu oilasini boqish uchun ishlashga majbur bo'ladi. Ronaldu 8 yoshida "Andorino" havaskorlar jamoasida to'p tepishni boshlaydi. Biroz vaqtdan keyin Ronaldu Lissabonning "Sporting" jamoasi tarkibiga qo'shiladi. Faoliyatining boshida murabbiylar Ronalduning nozikligidan xavotirda edilar va shu sababli unga mashg'ulotdan so'ng qo'shimcha ovqat berishardi. 2003-yilda Ronalduni "Manchester Yunayted" bilan shartnoma imzoladi. U klubga qo'shilgach, 28-raqamni so'radi, ammo uning o'rniga 7-raqamni berishgan. Ular bo'lajak yulduzga raqamini hurmat qilishga va CR7 sifatida tanilishiga undaydi. Hozirgi kunda Ronalduning boyligi taxminan 460 million dollarni tashkil qiladi va bu uni dunyoning eng boy sportchilaridan biriga aylantirgan.
Luka Modrich
Bolalik yillari Xorvatiya mustaqillik urushi avj olgan payt to'g'ri kelgan. U yoshligida juda ko'p qiyinchiliklarni ko'rgan. Biroq, Luka o'sha davrlarda ham futbol o'ynashni davom ettirdi. Ota-onasining moddiy ahvoli yomonligi sababli Modrich bolaligining ko'p qismini bobosi va buvisinikida o'tkazgan. U 5 yoshida echki boqadigan cho'pon bo'lib ishlagan, keyinchalik uning bobosi serbiyalik isyonchilar tomonidan qatl etilgan. Ularning uyi yonib ketgan va natijada oila ushbu hududni tark etishga majbur bo'lgan. Modrich bolaligidanoq futbolga qiziqib qolgan. U o'zining bo'yi past va ozg'in bo'lsa-da, hatto "sendan futbolchi chiqmaydi", deb ayishganda ham ortga chekinmagan. Modrich ilk shartnomasini "Dinamo Zagreb" jamoasi bilan imzolagan. Keyinchalik, Londonning "Tottenxem" jamoasiga qo'shilgan. 2012 yilda Luka dunyoning eng yaxshi futbol klublaridan biri "Real Madrid"ga o'tadi. Ha, Modrich qashshoqlikdan qirollikkacha ko'tarildi. Bu uning faoliyatidagi eng muvaffaqiyatli davr bo'lgan. Modrich o'z terma jamoasini bilan 2018-yilgi Jahon chempionati finaligacha chiqdi va musobaqaning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan "Oltin to'p" mukofotini oldi. Xabarlarga ko'ra, Modrichning boyligi 75 million dollarni tashkil qiladi.
Luis Suares
Suaresning bolalik yillari Salto shahridagi chang ko'chalarda, poyabzalsiz to'p tepish bilan o'tgan. Uning otasi shu shaharda yuk tashuvchi bo'lib ishlardi. Shuning uchun ham Suaresning bolalik yillarining ko'p qismini olti aka-ukasi bilan ishlashga sarflagan. Suares har doim futboldagi muvaffaqiyatini yoshligida duch kelgan qiyinchiliklar bilan izohlagan. Suares Urugvayning Montevideo shahridan qariyb 500 kilometr shimolda joylashgan Salto shahrida o'sgan etti aka-ukaning o'rtanchasi edi. Ularning oilasi etti yoshida poytaxtga ko'chib o'tishadi. Luisning ota-onasi to'qqiz yoshida ajralib ketishdi va u bu narsa unga juda ta'sir qilgan. Bu hodisadan so'ng Suares futboldan ketishga qaror qiladi. Ammo, u yoqtiradigan Sofiya ismli qiz, agar men bilan bo'lishni xohlasang futbolga qaytasan degan shartni qo'yadi. Keyinchalik, "Groningen" jamoasi safiga qo'shilgan. Shundan so'ng uning hayotida ham yorqin kunlar boshlangan. Hozirda Suares va Sofiya ikkita farzandning ot-onasidir. Taxminlarga ko'ra, hozirda Suaresning boyligi 70 million dollarni tashkil qiladi.
Anxel Di Mariya
Argentinada bolaligi kambag'allikda o'tgan Di Mariya oilasiga pul topishda yordam berish uchun ko'mir konida ishlashga majbur bo'lgan. Ular juda kambag'al edilar, hatto uning futbol o'ynash uchun poyabzali ham yo'q edi. Uning oilasining daromadi kamligi sababli, futbol butsalarini sotib olish va Di Mariyaning sevimli mashg'ulotlarini bajarishi uchun sharoit yaratib berish ota-onasiga juda qiyin bo'lgan. Di Mariya oilasi oldin oziq-ovqat do'koni bo'lgan uyda yashagan. "Bu narsa men doimo ichimda saqlab kelaman. Mening futbol o'ynashim va butsa kiyishim uchun mening ikki singlim uysiz qolishi kerak edi" , - degan Di Mariya intervyusida. "Men va opa-singillarim ko'mir konida ham ishlardik, yashash nihoyatda qiyin edi". Anxel giperaktivlikdan aziyat chekkan, shuning uchun ota-onasi shifokor bilan maslahatlashib, uning sog'lom holatiga qaytishga faqat sport yordam berishi mumkinligini maslahat berishdi va shu tariqa Di Mariya futbol futbol o'rtasidagi sevgi hikoyasi boshlangan. Keyinchalik katta futboldan daromad olishni boshlagandan so'ng, shunday degan: "Futbol nafaqat mening hayotimni, qolaversa, butun oila-a'zolarimni hayotini saqlab qolgan. Uysizlikda, ochlikda, azoblanishlardan... Argentinalik professional futbolchining boyligi 22 million dollarni tashkil etadi.
Sadio Mane
Senegalda juda qashshoq oilada tug'ilgan, shu sababli uning ota-onasi hatto uni ta'lim olishiga ham mablag' topib berolmasdi. Sadio ham futbolni butsasiz boshlagan futbolchilar qatorida. U futbolga bo'lgan ehtirosini hayotda juda erta topgan, chunki maktabga borishga pul yo'qligi sababli, mahalladagi boshqa bolalar bilan futbol o'ynash eng yaxshi to'g'ri yo'l edi. 15 yoshida frantsuz skauti uni Senegalda tasodifan uchratib qolib, uning ajoyib iste'dodi borligini sezadi va o'zi bilan Frantsiyaga olib ketadi. Mane Frantsiyaning "Metts" jamoasida o'ynay boshlaydi. Bolaligida ko'p qiyinchilikni ko'rganligi sababli, Senegaldagi qashshoq va nochor oilalarga yordam berib keladi. Mane o'z intervyusida "Nega men o'nta Ferrari, 20 dona olmosli soat va ikkita reaktiv samolyotni xohlamayman? Bu narsalar dunyo uchun nima qilardi? Men ochlikdan qiynaldim, dalada ishladim, yalangoyoq futbol o'ynadim va men maktabga bormaganman. Endi men odamlarga yordam bera olaman. Men maktablar qurishni va kambag'allarga ovqat yoki kiyim-kechak berishni afzal ko'raman. Biz maktablar, stadion qurdik, biz juda qashshoq odamlarni kiyim-kechak, poyabzal va oziq-ovqat bilan ta'minladik. Bundan tashqari, men juda kambag'al Senegal mintaqasidan bo'lgan odamlarga oilaviy iqtisodiyotiga o'z hissalarini qo'shish uchun oyiga 70 evro beraman", — degan edi Sadio. Mane haftasiga o'rtacha 90 ming funt ishlab topadi, bu haftasiga 121 ming dollar. Uning taxminiy boyligi 24 million dollarni tashkil etadi.
Zlatan Ibrahimovich
Zlatanning otasi ichkilikboz edi, shuning uchun ota-onasi u atigi ikki yoshida ajralib ketishgan. Bir kuni Ibrahimovichning velosipedini o'g'rlab ketishadi. Shundan so'ng u o'g'irlik yo'liga o'tib ketadi. Ustozlari bu narsani sezib qolib, unga tanbeh berganidan so'ng, o'g'irlik qilmay qo'yadi. Agar, u do'stlari bilan ovqatlanishga kirsa, faqat bitta gapni qaytarardi, "Men hech narsa buyurtma bermadim, hatto uni to'lash uchun pulim ham yo'q”, deb aytardi.
"Men butun dunyoga qarshi turishni va mendan shubhalanadigan har kimga haqiqatan ham kimligimni ko'rsatishni istadim", deb yozgan Zlatan "Men Zlatan" avtobiografiyasida. "Hech meni to'xtata oladigan odamni tasavvur qila olmadim". Ha, Zlatanga bunday xarakter yarashar edi. Kambag'al bo'lib tug'ilgan futbolchi hozirda qariyb 90 million dollar miqdorida mablag' yig'di, bu uni dunyodagi eng boy 14-futbolchiga aylantiradi.
Jamshidjon Mahmudov.