Londonning "Tottenxem" klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Zinedin Zidan iste'foga chiqarilganidan so'ng, Madridning "Real" klubiga qaytishi mumkin.
Avvalroq Maurisio Pochettino Zidanning o'rnini egallashi mumkin bo'lgan yagona nomzod sifatida tilga olinayotgandi. Biroq, bugun Ispaniya matbuotining tarqatgan ma'lumotiga qaraganda, «qaymoqranglilar» prezidenti Florentino Peres Joze Mourinoni ortga qaytarish variantini ko'rib chiqmoqda. Hattoki, Peres portugaliyalik murabbiy bilan telefon orqali suhbatlashishga ham ulgurgan.
Qayd etilishicha, Mourino «Real»ga qaytish niyatida bor ekanligini bildirgan, biroq, hozirda u bor e'tiborini «Tottenxem» bilan sovrinlarni qo'lga kiritishga qaratganini ham yashirmagan.
Mourino "shporlar" bilan joriy mavsum Premer-Ligada g'olib chiqishga ishonayotganini bildirmoqda.
Eslatib o'tamiz, Mourino «Real» klubida 2010 yildan 2013 yilgacha faoliyat olib borgan.