Hozirgi kunda Evropaning ko'pgina top-klublari kabi «Real» ham iqtisodiy jihatdan murakkab vaziyatni boshidan kechirmoqda. Agar jamoa Evropa chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqa olmasa, klub yanada qiyin ahvolga tushib qoladi.
«Santyago Bernabeu» stadioni mart oyidan buyon yopilgan, unga muxlislar kirmayapti. O'yingoh kelasi yilning iyun oyiga qadar yopiq bo'ladi. Klubga qarashli "Adidas" do'konida savdolar hajmi kamaygan.
Teletranslyatsiyalar huquqidan tushadigan daromad ham 15-20%ga pasaydi. Shu bois, Menxengladbaxning «Borussiya» klubiga qarshi o'yin «Madrid» uchun o'ta muhim ahamiyatga ega ekanini barcha tushunib turibdi. "Qaymoqranglilar" EChLda pley-offga chiqa olishmasa, jamoaning joriy mavsumdagi daromadi yana 20-25 foizga kamayib ketadi.
Jamoa 2018 yilda Chempionlar ligasida g'olib chiqish orqali Evropa superkubogi, klublar o'rtasidagi JCh kabi musobaqalar yordamida qo'shimcha 12 million evro ishlab olgan edi.
Shuning uchun Florentino Peres o'yinchilardan maoshlarning pasaytirilishiga rozi bo'lishlarini so'ramoqchi. Futbolchilar o'tgan mavsumda maoshlarning 10%ga kamaytirilishiga rozi bo'lib, Ispaniya superkubogi va La ligadagi g'oliblik uchun mo'ljallangan bonuslardan voz kechishgandi.
Chempionlar ligasi 1993 yilda qayta tashkil etilgan paytdan boshlab «Real Madrid» biror marta ham guruh bosqichidan chiqib ketmagan edi. Klub hamisha pley-off bosqichiga chiqqan, hattoki Evropa ligasida ham o'ynamagan.