La Liga o'zining eng qiziqarli pallasiga kirib bormoqda. Grand jamolar asta sekin o'zini o'nglab olyapti, peshqadamlar safida borayotganlar esa bundan buyog'iga dosh bera olish haqida o'ylab qolishgan. 12-tur o'yinlari boshlanar chog'da o'tgan turga nazar tashlaymiz va biroz eslab olamiz.
Peshqadam “Real Sosedad” ochko yo'qotishni boshladi, kamiga o'z uyida. Undan ochko olgan jamoa ham anoyilardan emas, kimsan 3-o'rinda borayotgan “Vilyarreal”. “Barselona” o'zini tiklab olmoqda, dastlab ECHLda muddatdan avval guruhdan chiqish, o'tgan turda esa “Osasuna” ustidan g'alaba. Madridning Reali muammolar girdobida. O'z uyida “Alaves”ga uchralgan mag'lubiyatdan so'ng seshanba kuni ECHL doirasida Ukrainada “SHaxtyor”ga ham imkoniyatni boy berib qo'ydi. “Atletiko” esa o'zi uchun qiyin bo'lgan bahsda “Valensiya”ni mag'lub etishga erishdi. Qisqa qilib aytganda intriga turdan-turga ortib bormoqda. Keling, endi 12-tur o'yinlari tafsilotlariga to'xtalsak.
Turning dastlabki o'yini – “Atletik Bilbao” – “Selta”
Jumadan shanba oqshomiga o'tar kechasi o'tkaziladigan bahs uyqudan voz kechib tomosha qilishga arziydi, ishonavering. Ha, turnir jadvalida ikki jamoaning o'rinlari orasida farq kattadir, lekin ochkolar hisobidan olib qarasak 3 ochko farq. Mazkur o'yindagi “Selta”ning g'alabasi jamoani “xavfli zona”dan chiqarib yuborishi, bilbaoliklarni esa aksincha, pastga tushirib yuborish ehtimoli yuqori. Mehmonlarning o'tgan turdagi ishonchli g'alabasi (“Granada” ustidan 3:1) hamda mezbon jamoaning “Xetafe” bilan o'yindagi ochko yo'qotishi bu o'yinda g'alaba suv va havodek zarurligini anglatishi turgan gap.
O'zaro o'yinlar: 112 o'yinning 60 tasida “Atletik Bilbao” g'alaba qozongan bo'lsa, 29 tasida “Selta”ning qo'li baland kelgan. 23 o'yinda esa tomonlar murosa ko'chasini tanlashgan.
Jamolarning jarohatlangan futbolchilari: Peru Nolaskoayn (“Atletik Bilbao”). David Xunka, Serxio Alvares, Kevin Vaskes, Emre Mor (“Selta”).
Markaziy uchrashuv – “Sevilya” – “Real Madrid”
Turning markaziy o'yini sifatida qayd etilayotgan mazkur bahs shanba oqshomida bo'lib o'tadi: Toshkent vaqti bilan 20:15. Prevyu avvalida qayd etganimizdek muammolar girdobiga tushib qolgan “Real Madrid” so'nggi o'tkazgan ikki raqibidan kuchliroq jamoaga qarshi maydonga tushadi. Turnir jadvalida oldinma keyin ketayotgan jamoalarni bor yo'g'i 1 ochko ajratib turibdi. Madridliklar mehmon bo'ladigan maydonda esa chorshanba kuni “CHelsi” jamoasi 0:4 hisobida “Sevilya”ni “ko'rdim demadi”. Jangovar kechishi kutilayotgan o'yin turning bezagiga aylanishi tabiiy.
O'zaro o'yinlar: Bu jamoalar o'zaro 165 bahsda maydonga chiqishgan. 89 bor “Real Madrid”ning qo'li baland kelgan bo'lsa, 48 o'yinda “Sevilya” ustun kelgan. 28 uchrashuvda esa durang natija qayd etilgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Serxio Eskudero, Suso, Karlos Fernandes, Bono, Markos Akunya (“Sevilya”). Federiko Valverde, Luka Yovich, Alvaro Odriosola, Daniel Karvaxal, Serxio Ramos (“Real Madrid”).
Yana bir intrigasi yuqori bahs – “Kadis” – “Barselona”
Yuqorida tarifini keltigan o'yinni markaziy deya atadik, biroq bu uchrashuv ham jamoalarning egallab turgan o'rni hamda oxirgi natijalari bilan olib qaraganda ajoyib kechishi kutilayotgan bahs. “Kadis” 11 o'yin o'tkazib 15 ochko bilan 6-pog'onada borayotgan bo'lsa, “Barselona” 9 o'yindan keyin 14 ochko bilan 7-o'rinni band etishgan. Kataloniyaliklar uchun yana bir ustunlik, ular ECHLda muddatdan ilgari pley-offga chiqib bo'lishdi. Endi bemalol La Ligaga etibor qaratishlari mumkin. Bu o'yinda “Kadis”ga oson bo'lmaydi. Mazkur uchrashuv 5 dekabrdan 6 dekabrga o'tar kechasi Toshkent vaqti bilan 01:00 da bo'lib o'tadi.
O'zaro o'yinlar: Jamoalar 24 bor o'zaro kuch sinashishgan bo'lsa, shu o'yinlardan 2 tasini “Kadis”, 19 tasini esa “Barselona” enggan. 3 o'yinda esa tomonlar teng kelishgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Xose Mari, Entoni Losano, Alvaro Negredo, Augusto Fernandes, Kala (“Kadis”). Ansu Fati, Serxi Roberto, Jerar Pike, Ronald Arauxo (“Barselona”).
O'tgan turda “Real Madrid”ni yutgan “Alaves” peshqadam “Real Sosedad” ga qarshi
Haftaning yakshanba oqshomi ham bedor o'tkazilishga arziydi, axir bu vaqtda ham futbol bor. O'tgan turda ochko yo'qotgan “Real Sosedad” aynan 11-turda Madridda Realni mag'lub qilgan jamoaga qarshi. Mehmonlarga bundan buyog'iga oson bo'lmaydi, grand jamoalar “uyg'onishmoqda”, ikkinchi o'rindagi “Atletiko” bilan oradagi farq 1 ochko, ochko yo'qotish mumkin bo'lmagan o'yinlar esa oldinda. “Alaves” 13 ochko bilan 13-o'rinda. So'nggi bahsdagi g'alabadan ilhomlanib bu turda ham yana shu ssenariyni takrorlashi mumkin. Barchasini esa dushanbaga o'tar kechasi soat 01:00 dan boshlanadigan o'yinda ko'ramiz.
O'zaro o'yinlar: 47 o'yinning 16 tasi “Alaves”, 22 tasi esa “Real Sosedad”ning g'alabasi bilan yakunlangan. 9 ta bahsda esa durang qayd etilgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Pere Lons, Manu Garsiya, Burgi (“Alaves”). Aser Ilyarramendi, Arits Aranbarri, Luka Sangali, David Silva (“Real Sosedad”).
Turning so'nggi o'yini – “Eybar” – “Valensiya”
Yuqorida o'yinlar anonsini keltirganimizda jamoalarning o'rni biri yuqorida bo'lsa, boshqasi pastroqda edi. Bu uchrashuv esa o'rtameyona jamoalar bahsi desak adashmaymiz. Dushanbadan seshanbaga o'tar kechasi 01:00 da boshlanadigan o'yinda 12 ochko bilan 14-o'rindagi “Valensiya”, o'zidan 1 ochko va 2 o'rin yuqoridagi “Eybar”ga qarshi bahs olib boradi. O'tgan turda o'z maydonida “Valensiya” “Atletiko”ga imkoniyatni boy berib qo'ydi, “Eybar” esa mehmonda “Betis”ni mag'lub qilishga erishdi. Mazkur turdagi g'alaba esa jamoalarning o'rin almashish imkoniyatini ham berishi mumkin.
O'zaro o'yinlar: La Liga doirasida o'tkazilgan 12 o'yinning 5 tasini “Eybar” enggan bo'lsa, 4 tasida “Valensiya”ning qo'li baland kelgan. 3 uchrashuvda esa tomonlar durangga imzo chekishgan.
Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari: Pedro Bigas, Paulu Oliveyra, Pedro Leon, Kike, Xose Anxel (“Eybar”). Xose Luis Gayya, Denis CHerishev, Muktar Dyakabi (“Valensiya”).
Ushbu turda shuningdek quyidagi uchrashuvlar ham o'tkaziladi:
05.12 18:00 (Toshkent vaqti) “Levante” – “Xetafe”
05.12 22:30 (Toshkent vaqti) “Atletiko Madrid” – “Valyadolid”
06.12 18:00 (Toshkent vaqti) “Granada” – “Ueska”
06.12 20:15 (Toshkent vaqti) “Osasuna” – “Betis”
06.12 22:30 (Toshkent vaqti) “Vilyarreal” – “Elche”
12-turning qiziqarli kechishi kutilayotgan uchrashuvlar anonsini o'qidingiz, bilib oldingiz. Dam olish kunlarida yoqimli xordiq va ajoyib futbol uchrashuvlari tomoshasini tilaymiz, intrigali bahslar hali oldinda, ishonavering.
Og'abek Samisov tayyorladi