«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan Chempionlar ligasi guruh bosqichi 5-turi doirasida bo'lib o'tgan «Shaxtyor»ga qarshi o'yin (0:2) borasida o'z fikrini bildirib o'tdi.
«Birinchi bo'limda ajoyib o'ynadik, ammo vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Raqibga nisbatan yaxshi pressing qo'lladik, to'pni nazorat qildik, ammo to'p darvozaga kirishni istamadi. Shundan keyin ahvolimiz og'irlashdi.
Agar hisobni biz ochganimizda bu o'yin dinamikasini o'zgartirib yuborgan bo'lardi, ammo «Shaxtyor»ning goli bizga jiddiy zarar etkazdi. Biz o'yin davomida 2-3ta a'lo darajadagi vaziyatni yaratdik, ammo to'p ustunga tegdi.
Ha, salbiy natijalarimiz ko'payib ketdi, ammo vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo'li — oldinga intilish. Biz uchun bugungi bahs «final»ga teng edi. Biz bu uchrashuvga yaxshi tayyorgarlik ko'rgan edik. Shunchaki gol ura olmadik. Yana bitta o'yinimiz qoldi. Biz esa unda g'alaba qozonishimiz kerak.
Men optimistman. Vaziyat og'ir, ammo xarakter namoyish qilishimiz kerak. Shunday ahvolga tushib qolganimizdan afsusdaman. Kievda mag'lub bo'lishga munosib emasdik», — dedi Zidan UEFA rasmiy saytiga bergan intervyusida.