Ispaniya superkubogi musobaqasi Saudiya Arabistonida o'tkazilmasligi mumkin. Bunga Saudiyada COVID-19 sababli ishqibozlarning stadionlarga kiritilmayotgani sabab sifatida ko'rsatilmoqda.
Bu esa tomonlar o'rtasida tuzilgan shartnoma bandlari bo'yicha jiddiy iqtisodiy yo'qotishga olib kelishi mumkin. Shu bois, Ispaniya futbol federatsiyasi turnirning o'tkazilish sanasini (13-17 yanvar) o'zgartirmagan holda, uni Ispaniyada o'tkazish variantini ko'rib chiqmoqda.
Musobaqaga qur'a tashlash marosimi hali o'tkazilmadi. Turnirda «Real», «Barselona», «Atletik» va «Real Sosedad» jamoalari ishtirok etishadi.
«Real» va «Barselona» klublari La liganing o'tgan mavsumida chempion va vitse-chempionga aylanishgan bo'lsa, «Atletik» va «Real Sosedad» Ispaniya kubogi finaliga etib borishgan.
Ispaniya futbol federatsiyasi Saudiya Arabistoni bilan Superkubok mezbonligi borasida 3 yillik shartnomaga ega. Shartnomaning umumiy qiymati 120 million evroga teng.