Ispaniya futbolining statistika bo'yicha mutaxassislari La liganing 86 yillik tarixidagi eng yaxshi futbolchilarini aniqlashdi.
Ispaniya futboli statistikasi va tarixi tadqiqotlar markazi (CIHEFE) tomonidan olib borilgan hisob-kitoblarga ko'ra, "Barselona" hujumchisi Lionel Messi Ispaniya futboli tarixida eng yaxshi futbolchi deb topildi. "Real" forvardi Krishtianu Ronaldu esa ushbu reytingda bor-yo'g'i 17-pog'onani band etdi. Argentinalik futbolchi 545 ball to'plagan bo'lsa, portugaliyalik o'yinchi hisobida 415 ball jamg'arildi.
Ikkinchi o'rin "Real" afsonasi Raul Gonsalesga nasib etdi (528 ball). Raul 1994-2010 yillar davomida "Qirollik klubi" sharafini himoya qilgan. "Barselona"ning yana bir vakili Sesar Rodriges (524 ball, 1941-1960 yillarda o'ynagan) 3-o'rinni band etdi.
Ushbu reytingda tuzishda turli omillar inobatga olingan: o'yinlar soni, o'ynagan daqiqalar, gollar (jumladan, penaltidan), avtogollar, qizil kartochkalar.