Bugun Evropa CHempionlar Ligasi kunning markaziy uchrashuvida "Inter" o'z uyida "Real Madrid"ni qabul qiladi. Aynan shu bellashuvda har ikki jamoaning taqdiri hal bo'ladi. Mag'lubiyatga uchrasa milanliklar bor etiborini sekin A Seriyaga qaratsa ham bo'laveradi. Deyarli shunday vaziyat Zidan shogirdlarida ham. Agar bugun ular mag'lub bo'lsa, pley-off yo'llanmasi uchun kurashish juda qiyin bo'ladi. Evropa Ligasi bu jamoalar uchun muhim, maqsadli musobaqa emasligini hisobga olib aytyapmiz.
Xo'sh, bugungi o'ta muhim o'yinda "Real" muvaffaqiyatga erishishi va og'ir o'tgan yilni yaxshi kayfiyatda yakunlashi uchun bevosita tasir ko'rsatishi mumkin bo'lgan jihatlarga to'xtalib o'tsak.
Himoyada tartib o'rnatish
Pandemiyadan keyingi davrada "Real Madrid" aynan himoyadagi ishonchli o'yini evaziga La Liga va Ispaniya Superkubogida muvaffaqiyat qozongandi. Krishtianu Ronaldu ketganidan keyin Zidan "Yuventus"dagi davri orqali italiya futbolidan olingan tajribasi, mahoratini ishga soldi va himoya qo'rg'oniga alohida etibor qaratdi. "Madrid" 51 uchrashuvda 43 ta gol qo'yib yubordi, bu har o'yinga o'rtacha 0,8 tadan to'g'ri keladi. Bu esa o'z navbatida "Bernabeu"da Krishtianu gollarni taxlab tashlaydigan davr bilan solishtirilgandagi urilgan to'plar kamomatini yopib ketgandi.
Bu mavsum esa himoya mustahkamligi qaergadir "ketib qoldi" shekilli: 12 o'yinda 17 ta to'p o'tkazib yuborildi, har o'yin o'rtacha - 1,4 tadan gol. Bu raqamlar nafaqat himoyadagilarning o'yini, balki raqibga bosim o'tkazib, imkon qoldirmasligi (yoki aksi) mumkin bo'lgan jamoaviy harakatlarning ham "ko'zgusi"dir.
Raqobatbardosh Dani Karvaxal
"Madrid" uchun oxirgi haftalarning eng yaxshi yangiligi – bu Dani Karvaxalning qaytishi. Futbolchi tizzasidagi jarohatdan taxmin qilinganidan ertaroq forig' bo'ldi. Dani "Real" uchun o'ng qanotda almashtirib bo'lmas lateral. Qaytganidan keyin birinchi o'yindayoq bunga sabablar etarli ekanligini ko'rsatib qo'ydi: u himoyada ishonchli harakat qilib, hujumlarga faol qo'shila oladi, aynan uning uzatmasidan keyin Mariano boshi bilan raqib darvozasini ishg'ol qildi. Karvaxalning profesionalligi va g'oliblik DNK "Madrid"ga Ramos yo'qligida juda as qotishi turgan gap.
Benzema va Ramos yo'q. Golni kim uradi?
"Madrid"ning muammolari nafaqat himoya, balki hujum chizig'i bilan ham bevosita bog'liq. Hozir Zidan shogirdlari hisobida 22 ta gol mavjud, o'rtacha - 1,8 tadan. Ushbu ko'rsatkichni o'tkazib yuborilgan gollar bilan taqqoslasak "Real Madrid" muxlislari uchun u qadar quvonchli vaziyat bo'lmaydi. Gollar etishmovchiligi Krishtianu Ronaldu ketganidan buyon gapiriladi, portugaliyalik ketganidan keyin Karim Benzema klubning eng yaxshi to'purari: 2018/19-yilgi mavsumda 30 ta gol, 2019/20-mavsumda - 27 ta va bu mavsum 6 ta to'p. Ikkinchi o'rinda jamoa sardori – Serxio Ramos – markaziy himoyachi. Krishtianu ketgach, "Madrid" hujum chizig'idan hech kim etakchilikni qisman bo'lsada, o'z bo'yniga ola bilmadi. Vaholanki CR7 Italiyaga yo'l olayotganda Beyl, Asensio, Azar, Vinisius, Rodrigo, hech bo'lmasa Yovich va Marianodan bundanda yorqinroq, sermahsulroq o'yin kutishgandi. Ammo... Savol ochiqligicha qolmoqda.
Muhim futbolchining qaytishi: +1/-2
"Madrid" "Vilyarreal"ga qarshi Ramos, Kazemiro va Benzema – o'z chizig'ida o'ta muhim bo'lgan va o'yin qurilishini hal qiluvchi uch futbolchisiz o'tkazdi. Ularning har biri bugungi davrda "Real" uchun o'ta muhim o'yinchi sanaladi. Serxio Ramos va Karim Benzema muammolardan xalos bo'lib ulgurmagan bo'lsada, Kazemiro qaydnomaga kiritildi. Braziliyalik – maydon markazidagi muhim figura, "Madrid"ga "Seramika"da aynan uning ishonchli harakatlari etishmadi desak mubolag'a bo'lmaydi. Tarkibda Kazi bilan Zidan jamoasi biroz boshqacharoq harakat qiladi.
"CHelsi"dagi Eden Azar qachon "qaytarkin"?
Tezkor, vertikal harakatlanuvchi va doim raqib himoyasini qiyin holatga solib qo'yadigan futbolchini "Madrid"da hozircha ko'rib ulgurmadik. Azarning "CHelsi"dagi vaqtlaridagi o'yinlarini sog'inganlar faqatgina YouTube orqali tomosha qilish bilan kifoyalanishmoqda. Jarohatlar Edenga yangi klubda o'z imkoniyatlarini to'liq ko'rsatish, transfer summasini oqlash va yulduzlik maqomiga loyiq bo'lishga imkon bermadi. Azar "Vilyarreal" bilan o'yinni asosiy tarkibda boshladi, lekin u raqib himoyasidagi balansni buza olmadi hamda qanotdan bir nechta uzatmalari bilan yodda qoldi.
"Penalti"dan ehtiyot bo'lish
So'zimiz avvalida himoyachilarning o'yini, undagi muammolar haqida to'xtalgandik, lekin "Real Madrid" uchun yangi muammo paydo bo'lgandek: oxirgi ikki o'yinda "Qirollik klubi" darvozasiga 4 ta penalti belgilandi va barchasi golga aylantirildi. Tibo Kurtua har safar zarba yo'nalishini topayotgan bo'lsada, niyatiga eta olmadi. Umuman olganda belgiyalik posbon hech qachon bu borada alohida ustunligi qayd etilmagan. Qayd etib o'tamiz, "Madrid" darvozasiga o'tgan mavsum ikki bor penalti belgilangandi va ularning birini Kurtua qaytarishga erishgandi. Ispaniya Superkubogi doirasida "Atletiko"ga qarshi bellashuvda.
G'oliblik ruhiyati
Bugun maydonga tushadigan aksariyat futbolchilar ikki yil avval Kievdagi ECHL finalida ham o'ynagan. G'oliblik ruhiyati va Evropaning top jamoalari ("Bavariya", "Yuventus", PSJ) taslim etilganligi haqidagi xotiralar "Qirollik klubi"ga "Inter" bilan bo'ladigan qiyin o'yinda yordam bersa ajabmas. Zinedin Zidan futbolchilarini kuchli raqibga qarshi muhim bellashuvlarga qanday tayyorlashni, ruhlantirishni biladigan mutaxassis.
Omonjon To'xtamirzaev tayyorladi