Bugunga belgilangan bahslar orasida markaziy uchrashuvlar etarlicha, natija etibori bilan ham, motivaciya etibori bilan ham eng markaziy o'yin Milanda “Inter” – “Real Madrid” jamoalari o'rtasida bo'lib o'tadi. B guruhi etibor bersangiz, u erda mazkur ikki jamoa 3 va 4-o'rinlarda joylashgan. ECHL boshlanishidan avval ushbu guruhda favorit deya atalgan jamoalar bugunga kelib pley-offga chiqish harakatida. Kata ehtimol bilan ertaga o'tar kechasi o'tkazildigan uchrashuv ko'p narsaga oydinlik kiritib beradi. “Inter” – “Real Madrid” o'yini haqida saytimiz xodimlarining tahminlari qanday? Ularning o'yin oldi bergan fikrlari va tahminiy hisoblari bilan tarnishing.
Sayt bosh muharriri Narzulla Saydullaev:
O'yin haqida: Aslida guruh favoritlari hisoblangan, ayni paytda esa so'nggi ikki o'rinni egallab turgan klublar o'rtasidagi bahs. Ikkala jamoa ham bugungi o'yinda borini beradi, aks holda guruhdan chiqishi deyarli imkonsiz bo'lib qoladi. Konte boshchiligidagi "Inter" o'z maydonida o'ynayotgani uchun kichik ustunlikka ega deb hisoblayman. Guruhdan "Borussiya" va "Inter" chiqsa kerak, menimcha.
Taxminiy hisob: 2:1 – “Inter” foydasiga.
Championat.asia ning ko'rinmas, ammo katta ishlarni bajaruvchi xodimi SHerzod Nurmatov:
O'yin haqida: Bu o'yin shubhasiz kunning markaziy uchrashuvi boladi. "Inter" jamoasining ushbu bahsdagi imkoniyatlarini yuqoriroq baholayman.
Taxminiy hisob: Taxminimcha milanliklar 1:0 hisobida g'alaba qozonishadi.
Fotomuxbirimiz Jahongir Fayzullaev, sayt xodimlari uchun “Petaj”:
O'yin haqida: Menimcha bugungi o'yinda haqiqiy jang bo'ladi. "Inter" jamoasining mag'lub bo'lishiga haqqi yo'q, sababi agar bugun jamoa yutqazadigan bo'lsa guruhdan qolib ketish ehtimoli juda yuqori bo'ladi. Imkoni boricha maydonda ter to'kadi futbolchilar. "Real Madrid"da imkoniyat yaxshi. Madridliklarda "Inter"ga qaraganda biroz engillik bo'ladi.
Taxminiy hisob: Menimcha "Inter" jamoasi kichik hisobda g'alaba qozonadi.
Milanshunos yosh xodimimiz Fahriddin Ro'ziev:
O'yin haqida: ECHLni yangi mavsumida “Real Madrid” kutilmaganda noqulay ahvolga tushib qoldi. Bugun Ramos va Benzema yo'q, lekin madridliklar g'alaba qozonishi shart. “Inter” uchun bu o'yin so'nggi umid. Yani maydondagi ayovsiz kurash oldindan kafolatlangan. Benzema va Ramossiz Real qiynaladi.
Taxminiy hisob: Taxminim - 2:2.
Har jabhada yoshlarga o'rin berilishi muhim deb hisoblaydigan Abdulaziz Iskandarov:
O'yin haqida: "Inter" va "Real Madrid" to'qnashuvida mehmonlarning imkoniyatini yuqori baholayman. Zidan shogirdlari ECHLni ko'ngildagidek boshlay olmagani hech narsani anglatmaydi va bundan fojea ham yasash kerak emas. Mana endi sekin asta madridliklar kim aslida kim ekanligini isbotlashmoqda. Yani uyg'onishmoqda deya olaman. "Inter" o'z maydonida o'ynaydi, tarkibda ijrochilar etarli darajada. Lekin nazarimda uyushqoqlik va xarakter gohida jamoaga etishmaydi. Agar bu o'yinda Konte Zidanni mag'lub etsa 5 ochko bilan oldinga o'tib oladi, Realni esa guruhdan chiqish imkoniyatlari pasayadi. Zidan bunga yo'l qo'ymasa kerak. Umuman olganda guruhdagi barcha jamoalarda keyingi bosqichga chiqish imkoniyati mavjudligini jadvaldan ham ko'rib olish qiyin emas. Jamoalar orasidagi ochkolar o'rtasida tafovut katta emasligini hisobga olsak birinchi va ikkinchi o'rin uchun kurash oxirgi turga qadar davom etadi.
Taxminiy hisob: Taxminim 2:3 - Real foydasiga.
Saytimizning Samarqand viloyatidagi muxbiri Furqat Po'latov:
O'yin haqida: Kunning markaziy o'yinida Italiya klubining kichik xisobda g'alabasini kutyapman. Sababi: Mezbonlik omili, madridliklar safida etakchilar Ramos va Benzemaning o'yinda ishtirok etolmasligi va milanliklarning guruxda sunggi o'rinda boryotgani.
Taxminiy xisob: 2:1 – “Inter” jamoasi g'alaba qozonadi.
Og'abek Samisov