Stadion.uz «Qirollik klubi»ning ijara asosida boshqa klublarda to'p surayotgan futbolchilari qanday ahvolda ekanligi bilan qiziqib ko'radi. Bugun transfer huquqi «Real Madrid»ga tegishli bo'lgan futbolchilarning boshqa jamoalardagi sarguzashtlari bilan qisqacha tanishib o'tamiz.
Braim Dias «San Siro»ni «yondirmoqda»
Ushbu ro'yxatimizdagi eng omadli mavsum o'tkazayotgan futbolchilardan biri aynan Dias desak, adashmagan bo'lamiz. Qahramonimiz 21 yoshda va u uning uchun o'yin amaliyoti barcha narsadan muhim. Shu bois, Braim mavsum boshida boshqa klubga ijara asosida yuborishlarini o'zi iltimos qilgan edi. «Qirollik klubi» futbolchini o'sishdan to'xtab qolmasligi uchun ham «Milan»ga ijara asosida jo'natib yubordi. To'g'ri, Pioli Diasni “A seriya”ning barcha o'yinlarida ham asosiy tarkibda maydonga tushirmayapti, biroq Evropa Ligasi musobaqasida u chinakamiga porlamoqda. Dias bu mavsumda allaqachon 3 ta gol va 2 ta assistni amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Bu mavsumda Dias 547 daqiqa maydonda to'p surishga ulgurdi. Bu uning Madriddagi o'tgan mavsumdagi natijasidan 10 barobar yaxshiroq degani.
Takefusa Kubo Evropa e'tiborida
Kuboning ketishi ikki tomonga ham foydali bo'ldi. Qahramonimiz «Vilyareal» safida o'zini sekin-asta erkin his qilib bormoqda. Unay Emiri yaponiyalik futbolchining imkoniyatlarini kashf etib bormoqda. Murabbiy Kuboga ayrim o'yinlardagina ishonch bildirmoqda, biroq yarimta imkoniyatdan yosh futbolchi unumli foydalanishni uddalamoqda. Ayniqsa, Turkiyaning «Sivasspor» klubi bilan o'yin alohida e'tirofga loyiq. O'sha bahsda, Kubo bitta gol va ikkita assist qayd etdi va o'yining eng yaxshi futbolchiga aylandi. Milliy chempionat o'yinlarida esa, Emiri Kuboga faqat «Kadis»ga qarshi o'yindagina maydonga tushish imkonini yaratdi. Kuboning maydondagi daqiqalari ko'proq bo'lishi mumkin edi, ammo «Valenmiya»ga qarshi o'yindagi qizil kartochka pand berib qo'ydi. Shunga qaramay, ortda qolgan davr mobaynida Kubo 12 bor maydonda ko'rinish berdi va umumiy hisobda 426 daqiqa to'p surdi.
Dani Sebalos Londonda «Rivojlanmoqda»
Sebalos boshqa ijaradagilardan farqli o'laroq, Londonda asosiy tarkib futbolchiga aylandi. Shu bois, uning maydonda o'tkazgan daqiqalari soni (610) qolganlarnikidan ancha ko'p. Vaholanki, o'tgan mavsumda Dani Emirini ishontira olmagan va ketish uchun jomadonlarini yig'ib qo'ygan edi. Mikel Artetaning klub tepasiga kelishi Sebalosga ikkinchi imkoniyatni taqdim etdi. Bu mavsumda «to'pchilar» 14 bor yashil maydonga chiqib kelgan bo'lsa, shu o'yinlarining 11 tasida qahramonimiz ishtirok etdi. APLning ortda qolgan 8 turi davomida Sebalos 4 bor asosiy tarkibda edi. Sebalos «Real»da o'z kelajagini ko'rmayapti. Shu bois, mavsum so'nggida uning transferini “Arsenal” sotib olishi ham hech gap emas.
Xesus Valexo
Xesus qolganlardan farqli o'laroq, oldiga u qadar katta maqsadlar qo'ymaydigan «Granada»ga o'tdi. Bir qarashda zerikarli, ammo aynan shu klub Xesusga barcha narsa berdi. Jamoa Zidan shogirdi uchun 810 daqiqa maydonda harakat qilish, o'zini klubning muhim a'zosi sifatida his qilish maydon bo'ylab to'liq erkinlikni taqdim etdi. Ayniqsa, uning jarohatlardan to'liq forig' bo'lgani o'zini yaxshiroq namoyish etishi uchun imkon yaratmoqda. Aslida, uni terma jamaoga ham chaqirishgan edi, biroq unda COVID-19 aniqlangani bois ikkita bahsda ham ishtirok eta olmadi.
Garet Beyl
Atmosferaning o'zgarishi ham hozircha Beylga yordam bermayapti. Qahramonimiz Londonga jarohat bilan etib keldi va ilk 6 ta turni o'tkazib yubordi. Joze bugungi kunda uelslik futbolchidan faqat Evropa Ligasidagina foydalanmoqda. Ilk 3 ta turning barcha o'yinlarida Beyl ishtirok etishga muvaffaq bo'ldi. APL da esa, faqat bir bor uni asosiy tarkibda o'yinga tashladi. Umumiy hisobda Beyl APLning 6 ta o'yinida ko'rinish berdi. Uning aktivida esa, 1 ta gol va yana shuncha assist mavjud. Maydonda o'tkazilgan 301 daqiqasi ko'p narsani hal etmasligi aniq. Shunday bo'lsada, oldinga tashlangan qadam hozircha mavjud. Afsuski, dunyo darajasidagi yulduzdan bundan ko'prog'ini kutishgan edi.
Borxa Mayoral
«Roma» Mayoralni ijara olganida, ko'pchilik uning asosiy tarkibda ko'rinish berishiga ishongan edi. Negadir «bo'rilar» futbolchini “A seriya”ning faqat birigina bahsida sinab ko'rishdi xolos. Eldor Shomurodovning jamoasiga qarshi bahsning 62 daqiqasida maydonga tushirilgan futbolchi asosan Evropa Ligasida ishonchli ko'rinmoqda. Mayoral bu mavsumda «Real» tarkibida o'yin o'tkazishga ulgurgan yagona ijaradagi futbolchi sanaladi.
Reynar o'yin amaliyotsiz qolmoqda
Ijaradagi yigitlar orasida Reynarning negadir omadi kelmadi. Klub ham undan xavotirda. 30 million evaziga qo'lga kiritilgan futbolchini «Borussiya Dortmund» o'yin amaliyoti bilan ta'minlamayapti. Vaholanki, nemis klubi yoshlarga imkon berishi bilan boshqalardan farq qilar edi. Reynar bor yo'g'i 105 daqiqa to'p surdi xolos. Boz ustiga, biror marotaba ham asosiy tarkibda ko'rinish bergani yo'q. Qahramonimiz eng ko'p kubogi bahsida – «Duysburg»ga qarshi to'p tepdi. Mayoral singari uning ham ijara muddati ikki mavsumni tashkil etadi. Shu bois, Madrid klubi o'z qarorini mavsum so'nggida qayta ko'rib chiqishi mumkin.