Stadion.uz futbol olamidagi eng mashhur futbolchilarning yoshlikdagi «kumirlari» bilan yaqindan tanishtirib o'tadi.
Bugungi kunda dunyo futbol muxlislarining ko'nglidan joy egallagan futbolchilarga havas qilmaydigan yosh futbolchilar bo'lmasa kerak. Vaholanki, o'z vaqtida bugungi yulduzlar ham yashil maydondagi futbolchilarga havas qilishgan va maydonda ularning harakatlarini takrorlashga urinishgan. Sababi, yosh futbolchilar doimo kimgadir o'xshash intilishadi. Xosh, zamonamizning eng afsonaviy futbolchilari yoshlikda qaysi yulduzlarning o'yinidan zavqlanishgan? Qaysi futbolchilar ularni ilhomlantirgan? Bugun ushbu savolga atroflicha javob berib o'tamiz.
Leonel Messi – Pablo Aymar
Bunga ishonish qiyin, ammo sayyoramizning eng kuchli ikkita futbolchisidan biri kamtarin Aymarning o'yinlarini yoshlik chog'larida sevib tomosha qilgan ekan. Ko'pchilik, Messining kumiri barcha argentinalik bolakaylar sinari Maradona deb o'ylagan bo'lishi mumkin, biroq aslida Leo «Valentsiya» bilan «mo''jiza» ko'rsatgan Pabloning personal muxlisi bo'lgan ekan.
Messi Aymarni bejizga o'zi uchun «ilhom parisi» etib tanlamagan. Gap shundaki, Pablo «River Pleyt» safida Argentina chempionatida o'zining chaqqonligi bilan barcha raqiblarni dog'da qoldirish orqali dong taratgan. O'sha chog'larda, Leo endigina katta futbolga kirib kelayotgan bolakay edi. Keyinroq Aymar Evropaga yo'l oldi, biroq kutilganidek super yulduz darajasiga chiqa olmadi. Messi esa, yoshlikdagi «qahramonini» unutib yubormadi.
“Agar hozir qaysi futbolchilarning o'yinlarini tomosha qilganimni so'rasangiz eslay olmasligim aniq. Agar mendan faqat birgina ismni aytishimni talab qilsangiz, hayolimga birinchi bo'lib Pablo Aymar keladi. Men uning o'yinlarini tomosha qilib katta bo'lganman.”
Afsuski, Aymar turli jarohatlar va boshqa muammolar sababli yuqori darajada uzoq to'p sura olmadi. O'z vataniga qaytdi va ikki mavsum Argentina klublarida harakat qildi. Keyin butsalarini mixga ilib yuboradi. Uning katta arenalarni tark etganini birov bildi, birov esa bilmay qoldi.
Serxio Ramos – Paolo Maldini
Ispaniyalik futbolchi o'zi aslida tirik afsona sanaladi. Shunga qaramay, uning ham o'z qahramoni mavjud. Ispaniya futbolida yuzlab super futbolchilar bo'lishiga qaramay, Ramos o'zi uchun Paolo Maldinini «kumir» deb tanlab olgan. Paolo nafaqat «Milan», balki butun boshli Italiya futbolining ramzi sanalgan O'tgan asr oxiri va yangi asr boshida Maldini qanotda va markazda super ishonchli o'yinni bilan millionlab bolakaylarda himoyachi bo'lishga ishtiyoq uyg'otgan.
E'tiborlisi shundaki, Ramos o'z qahramoni bosib o'tgan yo'ldan adashmay kelmoqda. U ham Maldini singari faoliyatini qanot himoyasida boshlagan va 30 yoshdan keyin markazda to'p surdi. Ramos ham Maldini singari o'z jamoasining sardori va barcha zamonlardagi eng yaxshi himoyachisiga aylandi. Eng muhimi esa, Ramos ham Maldini singari o'z jamoasining etakchisiga aylandi. Uning so'zlari ham jamoadoshlari uchun qonunga aylanadigan bo'ldi.
Futbolchi o'zining ijobiy xislatlarining ko'pini Paolodan olganini yashirib o'tirmaydi. Bu mavzu haqida uning fikriga e'tibor qarating:
“Men ham «Real»da Paolo «Milan»da ijro etgan rolda bo'lishni istayman. Bu men uchun juda katta sharaf. Maldini doimo men uchun maydondagi o'rnak va namuna bo'lgan. Buni hech qachon yashirmaganman. U men ko'rgan himoyachilar ichida eng zo'ri. “
Zlatan Ibrahimovich – Ronaldo
O'z ramziy jamoasida naqd 11 ta Zlatanni maydonga tashlagan egoist futbolchining "kumiri" bor ekanligini juda ko'pchilik uchun yangilik bo'lishi mumkin. Shved 15 yildan beri o'zining nimalarga qodir ekanligi haqida so'zlashdan charchamayapti.
Hademay 40 yoshni qarshi oluvchi futbolchining maydondagi harakatlariga qoyil qolmaslikning imkoni yo'q. Ibra shu yoshida ham o'sishdan, o'rganishdan, moslashishdan to'xtamayapti. Xo'sh, uni bolalikda qaysi futbolchi o'z o'yinlari bilan zavqlantirgan? Ibra kimga o'xshashga intilgan?
“Men bolalik paytlarimda Ronaldoga o'xshashni juda istaganman. Uning maydondagi harakatlari sehrli edi go'yo. Men uning o'yinlarini tomosha qilar ekanman, futbolchi bo'lishga qaror qilganimni sezmay ham qolganman. Ayniqsa, 1998 yildagi JCh finali xotiramda yaxshi saqlanib qolingan. O'shanda, Men sevgan Ronaldo va Zidan maydonda to'qnash kelgan edi. Bunday sportchilarning maydondagi harakatlarini tomosha qilish barchaga ham nasib etavermaydi.”
Ibrahimovichning faoliyatini kuzatib bormaydiganlar uchun bu ma'lumot yangilik bo'lgan bo'lsa, ajab emas. Har xolda, Ibra-Kadabra ham kimgadir o'xshashga harakat qilgani juda qiziq. Tan olish lozim, Ronaldo nafaqat o'z zamonasining, balki barcha zamonlarning eng yaxshi hujumchisi edi. Ibrahimovichning didiga qoyil qolmaslikning imkoni yo'q.
Eden Azar – Zayniddin Zidan
Juda ko'plab yosh futbolchilar orzu qilishni yaxshi ko'rishadi. Ushbu orzularning eng etib bo'lmasi esa, o'z "kumiri" bilan bir jamoada to'p surish yoki uning qo'l ostida mashg'ulot o'tkazish desak, adashmagan bo'lamiz. Eden Azar sportchilar oilasida tavallud topgani bois, professional sportchilarni erta taniy boshlagan.
Uning aytishicha, otasi ham Zidanning personal muxlisi bo'lgan ekan. E'tiborlisi shundaki, qahramonimiz «Real»ga o'tishidan avval ham Zidanni o'zi uchun ideal futbolchi deb tanlab olganini bir necha bor ta'kidlagan va u bilan birga ishlash orzusi ekanligini ma'lum qilgan edi. Taqdirning sovg'asini qarang-ki, Eden «Real Madrid»da Zidan bilan uchrashishga muyassar bo'ldi.
Afsuski, bu uchrashuv hozircha omadli chiqmoqda deb bo'lmaydi. Sababi, Eden o'z «kumiri»ning ishonchini oqlay olganicha yo'q.Hozir e'tiboringizga Eden Azarning «Chelsi»dagi ilk intervyularidan birini taqdim etamiz.
“Qachonlardir men ham u singari ajoyib futbolchi bo'lib etishishi istayman. Uning maydonda fikrlashi, qaror qabul qilishi va ijro etishi fantastik darajada! Men Zidanni juda ham hurmat qilaman. U mening yoshligimdagi va bugungi kundagi ideal futbolchi sifatida xotiramda abadiy qoladi.
Andres Inesta – Pep Gvardiola
Yoshligidagi orzusiga erishgan yana bir tirik afsonani eslab o'tish lozim. 2008 yilda Pep Gvardiola «Barselona» bosh murabbiy sifatida tanishtiriladi. Pep yosh va hali tajribasiz bo'lgani uchun undan juda ko'p narsa kutishmagan edi,biroq sobiq futbolchi fantastik natijalar bilan barchani hayratda qoldirishga muvaffaq bo'ldi.
Andres Inesta esa, futbolchilar ichida barchadan ko'proq xursand bo'ldi desak, adashmagan bo'lamiz. U yoshligidan Pep Gvardiolaning o'yinlarini ko'rib katta bo'lgan, aynan u singari yarim himoyachi bo'lishga qaror qilgan edi.
“Biz «La Masiya»da unga juda havas qilar edik. U tug'ma etakchi va chinakam «jangchi». Afsuski, u bilan birga uzoq muddat to'p surmoqchi edim, bu orzuyim amalga oshmadi. Shunga qaramay,uning qo'l ostida katta mashg'ulot o'tkazish baxtiga muyassar bo'ldim. U mening yoshligim va bugungi kunimning qahramoni.”