"Real" himoyachisi Serxio Ramos faoliyatidagi eng sevimli gol qaysi ekanini aytdi.
"Umid qilaman, faoliyatim hali uzoq davom etadi va men yana ko'p gollar uraman. Rekordlar va statistika — bu ajoyib, ammo eng muhimi — jamoa g'alabasi. Gollarim men uchun farzandlarim kabi. Ularning ichidan eng sevimlisini tanlash qiyin. Lekin men uchun Lissabonda "Atletiko" darvozasiga urgan golim muhim ahamiyatga ega. O'sha gol faoliyatimga aniqlik kiritib bergan", - dedi Ramos "Marca" nashriga bergan intervyusida.
Ramos Chempionlar ligasining mavsum-2013/2014dagi finalini nazarda tutdi. O'shanda ispaniyalik futbolchi bahsning 90+3-daqiqasida hisobni tenglashtirib, o'yinni qo'shimcha bo'limlarga o'tkazgan edi. Qo'shimcha taymlarda esa "Real" yana 3ta gol urdi, EChL g'olibiga aylangan edi.
34 yoshli Ramos 2005 yildan beri "Real" sharafini himoya qiladi. U barcha musobaqalar doirasida 659ta o'yinda maydonga tushib, 100ta gol va 40ta assist muallifiga aylandi. Uning "Madrid" bilan shartnomasi 2021 yilning yozida yakuniga etadi.