Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

"Inter" hamda "Real" libosida maydonga tushgan yulduzlar

.
- Yuklab olish

"Inter" hamda "Real" klublarining asrimiz avvalida erishgan yutuqlari anchayin salmoqli darajada. Evropa chempionlar ligasining ham asosiy favoritlaridan deya e'tirof etilgan paytlari endi porlab chiqayotgan yosh yulduzlar aynan mana shu ikki klub safida o'ynashni orzu qilishgan. O'z navbatida ikkala taraf mutasaddilari tomonidan o'zaro qimmat transferlar ham amalga oshirib turilgan. Biz esa "nerradzuri" hamda "qaymoqrang" futbolkalarda to'p tepgan mashhur yulduzlar xususida to'xtalib o'tamiz.

Luis Ronaldo

Braziliyalik mashhur iqtidor bir mamlakatning o'zaro prinsipial jamoalarida o'ynagan kamdan kam futbolchilar qatoriga kiradi. Ronaldo "El Klasiko"lar paytida har ikki tomon sharafini himoya qilishi bilan birga "A" Seriyadagi azaliy raqiblar "Inter" hamda "Milan" libosida ham maydonga tushishga muvaffaq bo'lgan. Lekin braziliyalikning omma nazariga tushishi-yu, faoliyatidagi eng diqqatga sazovor hodisalari baribir "Inter" va keyinchalik "Real" klublarida kechgan desak yangilishmaymiz. Qo'lga kiritgan ikkita "oltin to'p"iga ham aynan yuqoridagi ikki klub safida o'ynab yurgan kezlari ega chiqqan. Luis Ronaldoning "Inter"ga o'zgacha xizmatlari singgan. Haligacha uni yorqin xotiralar bilan eslashadi. Ronaldo "ko'k-qoralar" tarkibiga 1997 yili kelib qo'shilganidan xabaringiz bor. U debyut mavsumidayoq barchani hayratga sola boshlagan. 25 ta goli bilan "A" Seriya to'purariga aylangan futbolchi keyinchalik o'sha mavsum uchun "yil o'yinchisi" unvonini ham qo'lga kiritadi. Erishgan "oltin to'pi" orqali muxlislar endi uning ismiga qo'shib "fenomen" laqabini ham ishlatishni boshlashadi. Ronaldo "nerradzurilar" safida yildan yilga o'z darajasini oshirib borgan. O'sha paytdagi klub tarkibi ham barcha mezonlarga muvofiq ravishda eng optimal ko'rinishda edi. Lekin Ronaldoning "Inter"da kechgan 5 yili to'laqonli uning uchun atalmadi. U klubda yulduzlik davrlarining faqatgina 2-3 yilini o'tkaza olgan xolos. Keyinchalik esa tizzasidan olgan og'ir jarohati sabab navbatdagi mavsumlarning juda katta qismini lazaretda o'tkazishiga to'g'ri keldi. Lekin faoliyati davomidagi mana shu qisqa davr ichida u o'ziga qo'yilgan barcha talablarni etarlicha oqlay oldi deyishimiz mumkin. 89 ta uchrashuvda 59 bor raqiblari darvozasini ishg'ol etganligi, uning uchun klub muzeyidagi tarixiy hujumchilar ro'yxatidan joy ajratilganligi va bitta "Oltin to'p" sovrini uning "Inter" safidagi faoliyatini yuqori darajada baholash uchun asos bo'la oladi.

Ronaldoning "Inter"ni tark etishida bir qator omillarni sanab o'tish mumkin. Avvalo, buni jismoniy holat bilan bog'lash mantiqan to'g'ri. O'z sport formasini orttirilgan turli xil jarohatlar sabab muttasil ravishda pastlab borishi klub shtabida bir qator e'tirozlarga sabab bo'lgan. Qimmat summaga xarid qilingan Ronaldoning sekin-asta asosiy tarkibdan uzilib borayotgani o'sha paytdagi bosh murabbiy Ektor Kuperga doim ham manzur kelavermagan. Natijada, ikkala tomon o'rtasida jiddiy konfliktlar paydo bo'la boshladi va Luis endi o'ziga yangi klub qidirmasa bo'lmas edi. Bu borada esa eng oqilona tanlov, shubhasiz "qirollik klubi" bo'lgan. O'yin uslubi tobora pasayib, e'tibordan chetda qolayotgan yulduzlarni bitta jamoaga jamlayotgan "Real" tarkibidan so'zsiz "Ronaldoga joy topildi. Lekin jarohatlardan to'lig'icha tiklanib ulgurmagan futbolchi uchun yangi klubida endi avvalgi super o'yinlarini qaytarishi qiyin edi. To'g'ri, klubga o'tgan yili u o'zining ikkinchi "Oltin to'pi"ni qo'lga kiritdi. Lekin uni klub miqyosida emas, balki JChdagi fenomenal o'yinlari hosilasi sifatida qabul qilsak to'g'riroq bo'ladi. U bundan keyingi mavsumlarini xuddi Zidan, Figu va Roberto Karloslar singari o'rtacha tempda yakunlab qo'ya qoldi.

Luish Figu

Figuning har ikkala klub safidagi holatini ko'rib, Ronaldoniki bilan mutlaqo teskari vaziyat guvohiga aylanishimiz mumkin. Chunki Luish eng yulduzli onlarini aynan "qirollik klubi"da o'tkazadi. Lekin bu erda o'tgan 5 yil uning uchun jiddiy ruhiy sinov vazifasini o'tab berdi. Azaliy raqib sanalgan "Barselona"dan Madridga ko'chib o'tgan portugaliyalik yulduzning dastlabki "Klasiko"larda ishtirok etishi juda qiyin kechdi. Muxlislar tomonidan yangrayotgan haqoratlar, son mingta ko'tarib olingan bannerlar va unga uloqtiriladigan buyumlar Figuni borgan sari ruhiy tomondan "ezib" kelardi. Natijada, yaqinlashayotgan qarama-qarshiliklarda uning maydonga tushish xohishi keskin pasayib ketdi, u bundayin holatlarni keyinchalik jarohat va jismoniy tayyorgarlik past ekanligidan deya bahona bilan to'ldirib ketishga majbur bo'ldi. Misol uchun, 2001/02 yilgi mavsum yarim finalida bo'lib o'tgan "Klasiko"da Figu o'z jamoasiga yordam bera olmagan. Lekin u debyut mavsumidayoq omadli startni amalga oshirgan. Uning 2000 yilda qo'lga kiritgan "Oltin to'pi" asosan sobiq jamoasidagi mehnatlari uchun berilganini ham alohida ta'kidlab o'tish joiz. Keyinchalik Luish yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, EChL g'olibiga aylandi, bir yil o'tib La Liga bosh sovrinini ham yutib oldi. 2013 yilda uning nomi klubning xorijlik 11 futbolchilari ro'yxatiga ham kiritildi. Figu "Real Madrid" tarixidan munosib o'rin egallagan.

Asosiy yulduzlik pog'onalaridan pastga tushib borayotgan Figu keyinchalik "Real"ni tark etishga qaror qiladi, 2005 yilda u "nerradzurilar" safiga kelib qo'shiladi. Lekin bu erda o'tgan 4 yil uning uchun shunchaki vaqt o'tkazish va murabbiylik jarayoniga tayyorlanib olish davriga aylandi. Figuga asosiy tarkibdan unchalik joy berilavermasligi uni jahlini chiqarmagan. Aksincha, u "Inter"ga faoliyati davomidagi qolgan klublarga qaraganda ko'proq mehr qo'yadi. Ketar chog'ida ham o'z intervyusida: "Men futboldan ketyapman, lekin "Inter"dan emas" degan jumlalarni aytib o'tgani ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak. Klubga o'z vatandoshi Mourino kelgach u shartnomasini yana uzaytirishga qaror qildi va "Inter" 2010 yilda "Skudetto"ga ega chiqqan payti qaydnomada Figu ham bor edi. Jamoasiga unchalik ko'p foydasi tegmagan bo'lsa-da "nerradzuri" muxlislari portugaliyalik futbolchini yorqin xotiralar bilan eslashadi.

Klaran Zeydorf

Tan olish kerak, biz Zeydorfni na "Real"da va na "Inter"da kashf qilmaganmiz. U asosiy yulduzlik davrlarini Milanning bosh jamoasida o'tkazgani ko'pchilikka sir emas. Lekin shunga qaramay u "Blankos" tarkibida muhim o'yinlarda maydonga tushib, eng kerakli gollarni ura olgan, shaxsiy sovrinlar borasida ham bu erda maqtansa bo'ladigan ko'rsatkichlarni qayd etgan. Ayniqsa, dastlabki o'tgan 3 mavsum uning uchun anchayin omadli yakunlangan. Debyut mavsumida La Ligani, ikki yil o'tgach esa Chempionlar Ligasini yutgan Zeydorf allaqachon klubning lider futbolchisiga aylanib ulgurgan edi. Lekin jamoaga Zidanni olib kelishni maqsad qilgan rahbariyat rejalaridan Klaran joy olmagan edi. Tabbiyki jamoa bosh postiga Gus Xidding kelgach, u va shtab o'rtasida keskin noroziliklar yuzaga keldi va endi uning Appenin yarimoroliga ko'chib o'tishiga to'g'ri keldi.

1999 yili "Inter" safiga kelib qo'shilgan Zeydorf o'ziga sarflangan millionlarni umuman oqlay olmadi desak ham bo'laveradi. Balki bu yosh bilan bog'liq jarayondir, lekin uning "ko'k-qora" futbolka ostidagi yorqin o'yinlarini ko'pchilik muxlislar hatto eslay ham olishmasalar kerak. Faqatgina iste'fosidan biroz oldinroq Italiya kubogida "Latsio" darvozasiga kiritgan goli bizga biroz bo'lsa-da eski Zeydorfni tanitgandek bo'lgan edi.

Samuel Eto'o

Kamerunlik mashhur yulduz o'ynab chiqmagan klubi qolmadi deya yozishgandi bir paytlar. Garchi bu erda biroz mubolag'a ishlatilgan bo'lsa-da to'g'ri ma'noda ham biz Eto'o yozuvi tushirilgan naq 14 xil jamoa futbolkasini sanab berishimiz mumkin. Albatta, ularning har birida futbolchi o'zgacha ishtiyoq bilan maydonga tushgani ham bor gap. Dastlab, Eto'oning professional faoliyatini boshlagan klubi haqida gapiradigan bo'lsak, balki hali yosh bo'lgani uchunmi u erda biz yulduz Samuelni ko'rmaganmiz. Buni mavsumlar oralig'ida uning "Leganes" va "Espanol" klublariga ijaraga berib yuborilganidan ham anglash qiyin emas. Balki ushbu hodisalar dastlabki berilgan imkoniyatlardanoq yosh yigitchaning ishonchni etarlicha oqlay olmaganidan kelib chiqqandir. Nima bo'lgan taqdirda ham biz 30 ta uchrashuvda atigi 4 tagina gol urgan Eto'oning Madriddagi safarini katta karerasi oldidan yuzaga kelgan kichik omadsizlik ko'rinishida baholashga mutlaqo haqqimiz bor. Chunki..

Chunki Eto'o undan keyingi mavsumlarini chinakamiga yondirib tashladi. Ayniqsa, "Inter"da. Klubni Zlatan Ibragimovich tark etgach, unga o'rinbosar sifatida taklif etilgan kamerunlik qisqagina 3 mavsumi ichida sovrinlarni qalashtirib tashlagani xamon muxlislar yodida. Ayniqsa, uning uchun omadli yakunlangan 2009/10 yilgi mavsumda futbolchi Chempionlar Ligasi, "Skudetto" va Italiya kubogini qo'lga kiritdi. Natijada, turli xil jamoalar tarkibida ketma-ket "trebl" qayd etgan yagona futbolchiga aylanib oldi. Uning "Inter"ga singgan xizmatlarini yuqori baholash mumkin, u bu klubiga sodiq o'yinchi, uni boshqalar bilan taqqoslashlarini unchalik ham xushlayvermaydi. "Iltimos qilaman, mendan Zlatanni talab qilmang. Mening o'yin uslubim bu faqat menda bor", - degan edi Samuel bir intervyusida. Garchi kamerunlik yulduzning "Barsa" safidagi individual sovrinlari ko'pdir, lekin "ko'k-qora" libosdagi Eto'o barcha muxlislarning qalbida insoniylik jihatidan alohida hurmatga loyiq shaxs hisoblanadi.

Yusufbek tayyorladi.

BestMaster
3 Noyabr 2020, 20:30
inter, hamda, real, libosida, maydonga, tushgan, yulduzlar,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads