24 oktyabr kuni «Kamp Nou» stadionida La liganing 7-turidan o'rin olgan «Barselona» va «Real» jamoalari o'rtasida o'yin bo'lib o'tdi. Uchrashuv madridliklarning 3:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.
«Madrid» yarim himoyachisi Isko butun o'yinni zaxira o'rindig'ida o'tkazdi. U jamoadoshlari Marselo va Luka Modrich bilan o'zining jamoadagi o'rnini muhokama qilayotgan jarayonni operatorlar suratga olishdi. Isko suhbat davomida Zidandan norozi ekanini ma'lum qilgan.
«Agar u [Zidan] meni zaxiraga olmoqchi bo'lsa, o'yinning 50 yoki 60-daqiqasida, ba'zida esa tanaffusda zaxiraga oladi. Agar meni maydonga tushirmoqchi bo'lsa, 80-daqiqada tushiradi», — dedi Isko jamoadoshlariga.
Marselo esa uning so'zlariga kulib qo'ydi. Isko joriy mavsumda umumiy miqdorda maydonda 147 daqiqa harakat qildi.