«Barselona» bosh murabbiyi Ronald Kuman La liganing 7-turi doirasida bo'lib o'tadigan «Real»ga qarshi o'yin oldidan o'z fikrini bildirib o'tdi.
«O'ylashimcha, har ikkala jamoa katta bosim ostida turibdi. Ertangi o'yinga avvalgi natijalarning ta'siri bo'lmaydi. «Real», ehtimol, so'nggi 2ta o'yinda o'z darajasida to'p tepmagan bo'lishi mumkin. Bu esa ularning "klasiko"ga sust ishtiyoq bilan kelishini anglatmaydi.
«Real» – tajribali futbolchilarga ega ajoyib jamoa. Bu jamoa bosimdan qanday chiqib ketishni yaxshi biladi. Ular g'alaba qozonish kerakligini tushunib turishibdi.
Na ularda, na bizda motivatsiya borasida muammo bo'lmaydi. «Real» tez taslim bo'ladi, deb o'ylamayman. Aksincha. Ramosning maydonga tushishi ular uchun muhim ahamiyatga ega. U ajoyib markaziy himoyachi. Uning maydonda bo'lishiga ularga ta'sir ko'rsatadi.
"Klasiko" – hamisha muhim voqea. Biz to'g'ri yo'lda ketayotganimizni isbotlash va o'zimiz ishonch hosil qilish uchun o'z uyimizda g'alaba qozonishni istaymiz», – dedi Kuman.
Eslatib o'tamiz, "el-klasiko" 24 oktyabr, shanba kuni Toshkent vaqti bilan 19:00da boshlanadi.