Pep Gvardiola sayyoramizdagi eng kuchli va omadli murabbiy sanaladi. Uning o'yin uslubi deyarli mukammal, biroq u haqida hamkasblari qanday fikrda? Feleks Magat uni Messisiz hech narsaga qodir emas deb hisoblaydi. Uning ustozi Belsa va boshqa zamonaviy futboldagi etakchi murabbiylar Pep haqida qanday fikrda? Bugun ushbu savollarga qisqacha javob berib o'tamiz.
Feleks Magat: ( «Bavariya», «Gamburg», «Volfsburg» va "Shalke 04) jamoalari sobiq bosh murabbiyi)
«Barselona»da sovrinlarning barchasini deyarli Messi yutgan desak, adashmagan bo'lamiz. Pepning sistemasi Leosiz hech qachon effekt bermasligi aniq edi. Agar Gvardiola Messisiz ham nimadir uddalay olganida, allaqachon «Bavariya» yoki «Manchester Siti» bilan Evropa chempionlar ligasida zafar quchgan bo'lar edi.
Uning taktikasiga keladigan bo'lsam, aytarli hech narsa yo'q. Muxlislar bir jamoa to'pni va o'yinni nazorat qilishini uzog'i bilan 20 daqiqa tomosha qilishi mumkin, keyin zerikib ketadi. Bu uslub maksimal foyda keltirishi uchun juda qimmat va texnikasi kuchli futbolchilar lozim.
Andrea Pirlo : («Yuventus» bosh murabbiyi)
Gvardiola - yangi avlod murabbiylari uchun chinakam namuna! Har kimning o'z g'oyalari mavjud.
Marselo Belsa: («Lids» jamoasi bosh murabbiyi)
Men o'zimni Pepning ustozi deb hisoblamayman. Aslida ham shunday. Agar er yuzida o'z g'oyalari bilangina mashg'ul bo'ladigan yagona murabbiy bo'lsa, bu Pep! E'tibor bergan bo'lsangiz, uning jamoasi ko'rsatayotgan futbol boshqalarnikiga umuman o'xshamaydi. Batamom o'zgacha uslub. Birinchi navbatda uning fikrlash doirasi juda keng ekanligini aytib o'tish lozim.
Boz ustiga, muammolarni qisqa fursatda hal etishda ham unga teng keladigani yo'q. Siz kimnidir maqtamoqchi bo'lsangiz, buni argumentlarga suyangan holda amalga oshirishingiz lozim. U futbolni umuman boshqa ko'z bilan ko'radi va maydonda juda erkin qarorlar qabul qiladi. Shu bois, uni o'zgacha deb atayman.
Mikel Arteta : ("Arsenal" jamoasi bosh murabbiyi)
Gvardiola menga 15 yoshimdan beri ta'sir ko'rsatib kelmoqda. Biz u bilan futbolchilik chog'larimda tanishganmiz. «Barselona» sharafini birga himoya qilganmiz. Tan olish lozim, murabbiylik va shaxsiy hayotimni qurishimda uning ijobiy o'rni yaqqol ko'zga tashlanadi.
Uning klub personallari, futbolchilar va atrofidagilar bilan samimiy munosabatda bo'lishiga qoyil qolmaslikning imkoni yo'q. Murabbiy sifatida undan o'rganadigan narsalarim juda ko'p. U bilan birgalikda juda ko'p yoqimli va og'ir damlarni birga o'tkazdik. Shunday bo'lsada, uning oldida elkama-elka turib ortirgan tajribamning bahosi yo'q. Men barchasi uchun Xosepdan minnatdorman. Hozirda murabbiylik faoliyatimni olib borayotganim ham uning mehnatlari samarasi.
Yurgen Klopp : («Liverpul» bosh murabbiyi)
U men uchun dunyoning eng kuchli murabbiyi. U qaerda ishlashidan farqli o'laroq, futbol rivoji uchun ulkan hissa qo'shishga muvaffaq bo'lgan. Uning jamoalari juda jozibali futbol namoyish etadi. U shaxs sifatida mendan kuchli. Biz bir-birimizni hurmat qilamiz, ammo maydonda doimo g'alaba uchun harakat qilamiz.
Zayniddin Zidan: («Real Madrid» klubi bosh murabbiyi)
Top darajadagi murabbiylar juda ko'p, biroq Pep eng zo'ri. U o'z darajasini «Bavariya», «Barselona» va «Manchester Siti»da isbotlab kelmoqda. Ko'pchilik undan kuchliroq murabbiylar bor deb hisoblaydi, ammo men uchun Pep birinchi raqamli murabbiy. Uning faoliyati chinakam shedevr.
Erik Ten Xag: ("Ayaks" bosh murabbiyi)
Pep Angliyadagi faoliyatida atigi bir bor xatoga yo'l qo'ydi. U APLning shiddati va jismoniy imkoniyatlariga to'g'ri baho bermagan edi. Ana shunda, u o'zi sevgan futbolni uch-to'rtta jismonan baquvvat futbolchilarsiz bu erda namoyish etib bo'lmasligini anglab etdi. Shu bois, uni qaysarlar safiga kiritish noo'rin. To'g'ri, u o'z o'yin falsafasida qaysar, ammo qarorlar chiqarayotganda adekvat bo'lishga intiladi. Shu bois, u hali-hamon eng kuchli mutaxassis sifatida qadrlanadi. Hech kim Pepni unutib yubormaydi. Sababi, shu qadar ko'p sovrin yutdi, biroq uni jamoasining o'zgacha o'yinlari bilan xotirlashadi. Yohan Kroyf uni futboldan zavq olishga o'rgatgan. U Germaniyada, Ispaniyada va Angliyada ham futbolga moslashdi. Keyin esa, sovrinlar yutishni boshladi.
Karlo Anchelotti: («Everton» klubi bosh murabbiyi)
Gvardiola - fantastik murabbiy! U bilan aloqalarimiz juda yaxshi. Asosan matbuot anjumanlarida ko'rishib qolamiz. Pep futbol olamidagi daho. Uning jamoalari ham boshqalardan ajralib turishining sababi shunda deb o'ylayman. Biz u singari murabbiy bilan bir zamonda raqobatlashayotganimizdan xursand bo'lishimiz lozim.
Ole Gunnar Sulsher: («Manchester Yunayted» klubi bosh murabbiyi)
Aslida, uning «Barselona»dagi faoliyatidayoq barchasi kundek ravshan edi. Dunyo futbolida inqilob qilgan yosh murabbiy sovrinlarni birin-ketin yutishni boshlab yubordi. U chinakam zamonamiz qahramoni! U bilan raqobatga kirishish esa, men uchun katta sharaf.
Lotar Matteus: (Sobiq murabbiy, «Oltin to'p» sovrini egasi)
Menimcha, Pep doimo katta uchrashuvlarda o'zgacha tryuk namoyish etmoqchi bo'ladi. «Barselona»da bu ish amalga oshgan. Sababi, klubning DNKkasi buni to'liq amalga oshirishga imkon yaratar edi. Shu bois, Kataloniyada deyarli barcha narsa amalga oshdi. U hali-hamon har bir o'yinda bundan ham kuchliroq bo'lishini ko'rsatmoqchi bo'ladi. Balki, shu bois, «Siti» va «Bavariya»da EChLni yutishning imkoni bo'lmagandir.