Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

"El klasiko"larda yomon start olgan murabbiylar

.
- Yuklab olish

"El klasiko" larning barchasi o'zgacha tarixga ega, alohida nomlar bilan eslanadi. Ushbu bahsning mavqeyi shu qadar baland nuqtaga etib ulgurganki, u maydonda harakat qiluvchi futbolchilardan tortib murabbiylar shtabigacha alohida mas'uliyat yuklaydi. Bugungacha o'tkazilgan har bir uchrashuvga nazar soladigan bo'lsak, o'yinlarning so'nggi natijasi jamoa bosh murabbiylari kelajagini ham qat'iy belgilovchi hukmga aylanib kelganligini ko'rishimiz mumkin. Zero, "klasiko"da qoqilgan klubning mavsum davomidagi keyingi ishtirokini taxminiy baholash qiyin bo'lmay qoldi. Ko'rinib turibdiki, bu safar har ikkala klub murabbiylarining "El klasiko"dagi eng omadsiz debyutlari xususida to'xtalib o'tamiz.

5. Ernesto Valverde (1:3 - 2017)

Ispaniyalik ushbu mutaxassis Katalonlar shtabida unchalik ham yomon taassurot qoldirmagan. 2016/17 yilgi mavsum yakunlangach iste'foga chiqarilgan Luis Enrike o'rniga olib kelingan Valverdedan klub mutasaddilarining umidi katta edi. Tengsiz hujum triosiga ega klubning Neymardan ajralishi butun Kataloniyani xavotirga solib qo'ygani ko'pchilikka sir emas. Yangi mavsumdan faoliyatini boshlagan Ernesto ushbu katta bo'shliqning o'rnini to'ldirib bermaslaridan turib ish boshlashi qiyin edi. O'zi ham buni chuqur tushungan mutaxassis mavsum kutilganidek juda og'ir kechishini bilib turardi. Bartomeu esa o'tgan mavsumdagi barchasining kompensatsiyasi uchun birgina Dembele xaridi bilan murabbiylar shtabini aldab qo'ya qoldi. Dastlabki jiddiy "Klasiko"sida "Kamp Nou"da tor-mor etilish Valverde uchun katta bosim bo'lib, muxlislarning endi hafsalasi pir bo'layotgan paytlari edi. Lekin Ernesto muhim pallada o'zini yo'qotib qo'ymadi. 1:3 ning og'ir yuki mavsumoldi rejalarga jiddiy ta'sir etgan bo'lsa-da, keyingi qarama-qarshilikda har qalay mag'lub bo'lmadi. To'g'ri, "Barselona"ning EChLni erta tark etganida murabbiyning qator kamchiliklarini yashirib bo'lmaydi. Biroq, 93 ochko jamg'arib jamoasi bilan mamlakat chempioniga aylangan Valverde mavsum davomida azaliy raqibini hatto ikkinchi o'ringa ham yaqinlashtirgani yo'q. Shunday ekan, "Klasiko"da imkoniyatni boy bergan murabbiyning birinchi mavsumining o'zidayoq jamoasini qayta shakllantira olganini ham alohida e'tirof etgan holda reytingimizga ispaniyalik mutaxassisni omadsiz murabbiylar ichidan omadli a'zo sifatida joylashtiramiz.

4. Kike Seten (0:2 - 2020)

"Barsa"ning ham "klasiko"lardagi muvaffaqiyatsizliklari "qaymoqranglilar"nikidan aslo kam emas. Klub Gvardiola jamoani tark etganidan so'ng Luis Enrike davridagina uzoq kutilgan treblni qo'lga kiritdi. Undan so'ng murabbiylik postiga kelgan Ernesto Valverde faoliyati ham unchalik yomon kechgani yo'q. Har qalay mamlakat chempionliklari qo'lga kiritildi. Lekin, Messi va rahbariyat, shuningdek rahbariyat va jamoa a'zolari o'rtasidagi kelishmovchiliklar boshqa bir shaxs, Kike Seten davrida avjiga chiqa boshladi. Albatta, "Betis" darajasidagi murabbiyning Katalonlar qo'yayotgan talablarni bajarishiga deyarli hech kimning ko'zi etmasdi. Lekin o'sha yarim yilning o'tishi ham "Barsa" uchun juda og'ir kechdi. Butun jamoa to'liq rahbariyat bilan teskari tarafga aylanib olgan va Messi individual mahorati evazigagina qutqarib yurgan o'yinlari bilan klub evromaydonlarda uzoqqa bora olmas edi. Joriy yilning 2-martida o'tkazilgan "el klasiko" ham turnir jadvalidagi holatni biroz bo'lsa-da "Real"ga og'dirgani holda klubdagi Bartomeu bilan bog'liq ishonchsizliklarni yana bir marotaba suv yuziga qalqitib chiqardi. Bu rolda bosh murabbiyning ham aybi kam emas. Seten faoliyati davomida muhim uchrashuvlarda qo'pol xatolarga yo'l qo'ydi. Ayniqsa, "Santyagu Bernabeu"da kechgan bahsda Breytueyt bo'yicha qilgan qarori juda ko'pchilik tomonidan tanqid qilinib, mag'lubiyatga asosiy sabab sifatida ko'rsatildi. Umuman olganda, Zidanning chempionlik yo'lida klubini tiklab borayotgan qadamlari Setenning jar yoqasiga kirib borayotganligi bilan teskari proportsianal edi. Agar ispaniyalik mutaxassis o'zaro qarama-qarshilikda balki yutkazmaganida, o'z po'stidagi sovuq haroratni biroz yumshatgan bo'larmidi?!


3. Xulen Lopetegi (1:5 - 2018)

Ha, "Real"ning o'zaro o'yinlardagi yirik mag'lubiyatlari raqibga solishtirganda biroz ko'proq. Omadsiz start boshlab olgan murabbiylar qatorida Xulen Lopategi nomi ham bor. To'g'ri, ispaniyalik mutaxassisning bugungi kunda qayd etayotgan natijalari uni bunday salbiy qiyofada shakllantirmasligi ham mumkin. Aslida buni xolislik jihatidan to'g'ri holat sifatida baholasak ham bo'ladi. Lopategining birgina aybi qaror chiqarishda biroz shoshqaloqlikka yo'l qo'yganligi va o'z yo'lida sobit tura olmaganligi bo'lsa kerak. Terma jamoalar bilan ishlashda Yulenga tan bermasdan iloj yo'q. Mamlakatning U-19 hamda U-21 yoshlarini qit'ada tengsiz qilgan murabbiy mahoratini ortiqcha izohlab o'tirish shart emas. Shundan so'ng JCh oldidan milliy termani qabul qilib olgan Lopategiga musobaqada qatnashish nasib etmadi. Atrofidagilarining bildirayotgan ortiqcha takliflariga ko'nib murabbiysiz qolgan "Real"ni boshqarishni tanlagan inson o'zini bundan keyin nimalar kutayotganligini tasavvur ham qilolmagan bo'lsa keak. Mana shu hodisadan keyin klub boshiga yaqin o'n yillik ichidagi eng musibatli kunlar kela boshlaydi. O'z bazasidan asosiy yulduz va to'purar Ronaldu hamda ketma-ket 3 marotaba Evropa taxtini zabt etgan, jamoaning ich-ichiga ruhiy singgib ketgan Zidanning yo'qligi ustiga kelgan yangi murabbiydan rahbariyat nimalarni kutayotganligini tasavvur qilavering. Usiz ham terma jamoa muxlislaridan turli tan'a va malomatlarni qabul qilib olayotgan Xulen uchun katta missiya qiyinchilik tug'dirdi. Ketma-ket uchralayotgan mag'lubiyatlar va kundan kun yangilanayotgan turfa antirekordlar ketidan belgilangan "El klasiko" ushbu murabbiyga har tomonlama kuchli bosim berdi. O'yin davomida total mag'lubiyatga uchragan Madrid jamosida endi har qanasiga Lopategini ushlab qolish uchun sabablar qolmagan edi. 1:5 esa barcha muammolarni ochiq holda yuzaga chiqarib yubordi. Ispaniyalik tajribali murabbiyning barcha davrlardagi faoliyatiga hurmat saqlagan holda aytishimiz mumkinki, "Real" darajasi milliy terma jamoa darajasidan tubdan farq qiladi, kerak bo'lsa bir bosh ustun ham turishi mumkin. Shunday ekan, klub ustidan jiddiy qaror chiqariladigan muhim pallada murabbiy bilan bog'liq shoshma-shosharlik katta fojialarga olib kelishi mumkinligiga bitta jamoa misolida guvoh bo'ldik. Tan olish kerak, Lopategi davridan so'ng emirilgan klubni Zidanning o'zi ham shakllantirishga qiynalmoqda.

2. Rafael Benites (0:4 - 2015)

"Klasiko"lar tarixidagi "Real"ning yana bir yirik mag'lubiyati Rafa Benites qo'l ostidagi davrlarga to'g'ri keladi. Ushbu natija murabbiy darajasi va tarkib e'tibori bilan Mourino qayd etgan ko'rsatkichdan sira ham farq qilmaydi. Lekin ikkisining ham o'xshash jihati - mag'lubiyat "Barselona"ning trebl qayd etganidan so'ng sodir bo'lganligida. Shunga qaramay Benitesning Messisiz qolgan jamoaga qarshi bahsini har qanaqasiga oqlashning iloji yo'q. Tarkib borasidagi tanlovda ham ispaniyalik mutaxassis jiddiy xatolarga yo'l qo'ydi. O'sha mavsumlardan boshlab markazda mustahkam bog'ichga aylanib borayotgan Modrich, Kazemiro hamda Kross uchligidan braziliyalik pleymeyker kutilmaganda tushib qoladi. Muhim uchrashuv oldidan amalga oshirilgan bunday rotatsiya albatta, ko'pchilik muxlislarga manzur kelmadi. O'zi uchun noodatiyroq hisoblangan 4-2-3-1 sxemasida harakat qilgan "qaymoqranglilar" "Santyagu Bernabeu"da barcha imkoniyatlar bo'yicha ham azaliy raqiblaridan ortda qolishdi. Amalda esa o'tkazib yuborilgan javobsiz 4 ta to'p farqi Benites kursisining qimirlay boshlaganiga ogohlik qo'ng'irog'i sifatida jarangladi. Undan keyingi uchrashuvlardagi ketma-ket takrorlanuvchi muvaffaqiyatsizliklar "Real"ning ahvolini tobora yomonlashtirib borayotgan edi. Natijada, yil boshiga kelib baribir rahbariyat ispaniyalikka iste'fo berishga majbur bo'ladi. Uning o'rniga olib kelingan tajribli Karlo Anchelotti qancha mehnat qilmasin Benites qoldirib ketgan kemtiklarni to'laqonli yopishga kuchi ham vaqti ham etmas edi. Madrid jamoasining katta farq bilan chempionlik kurashidan chiqib ketishida kuzdagi o'zaro bahsning asorati anchayin jiddiy bo'lgan deb ayta olamiz. O'yin amaliyoti biroz kamroq bo'lgan Karlo otaning esa klubini EChL finaliga olib chiqishiga menimcha muxlislarning o'zi ham ishonishmagan bo'lsalar kerak.

1. Joze Mourino (0:5 - 2010)

Biz Mourni o'zi boshqargan turli klublaridagi o'zgacha g'alabalari bilan kashf etib bo'lganmiz. Ayniqsa, portugaliyalik mutaxassisning "Chelsi" hamda "Inter" jamoalarida erishgan yutuqlari alohida tahsinga sazovor. Uning "Real"dagi faoliyatini ham yomon davom etgan deb bo'lmaydi. Lekin ilk "klasiko"sida emas. Qisqa qilib aytganda, klub rahbariyatining o'ziga qo'ygan katta mas'uliyatini Joze etarlicha his qila olmadi. Zero, o'shanda madridliklarda endigina yangi avlod shakllanayotgan, rekord summadagi qimmat transferlarga imzo chekilgan hamda yangi tarkib uchun stabil formadagi kuchli murabbiy izlanayotgan davrlar edi. Parallel tomondan Mourino o'sha payt uchun "qaymoqranglilar" tanloviga ayni mos tushadigan darajada edi. U va qo'l ostidagi "nerradzuri"larni 2010-yilda to'xtatishning iloji topilmadi, asta-sekinlik bilan Evropani zabt etgan Mour uslubi Peresga yoqa boshladi. Yuzaga kelgan mantiqni qarangki, Madrid klubiga Ispaniyada kun bermayotgan samoviy "Barselona"ni ham katta o'yinda tor-mor etgan inson aynan Jozening o'zi edi. Bu tomondan Peresni murabbiy transferi borasida xatoga yo'l qo'ydi deb ayta olmaymiz, albatta. Rekord summa evaziga Madridga olib kelingan mutaxassis ustidan klub prezidenti endi jiddiy talablar qo'yishiga etarlicha asoslar bor edi. Birinchi galda murabbiyning o'zi uchun ruhiy tomonlama xotirjamlikni his etib olish, shuningdek butun ommaga o'z mahoratini ko'rsatib qo'yish uchun ham 29-noyabr sanasi Joze uchun g'oyat ahamiyatli sanalardi. Buning ustiga, o'tgan mavsum treblga erishgan va bu yil ham o'sha missiya tomon ildam odimlayotgan "Barsa" ustidan qozonilajak g'alaba allaqachon orzuga aylanib borayotgan va bajarilishi shart bo'lgan yumush edi. "La Masiya" yigitlaridan qo'rqinchli tarkib yasab olgan "ko'kanorranglilar"ni to'xtatib qolish Mour uchun balki chempionlik poygasida kutilmagan imkoniyat yaratib berar edi. Lekin u buning uddasidan chiqa olmadi. Buyog'iga esa yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, markaziy bahsda g'oliblikka erishgan jamoa mavsum so'nggini ham bir xil tempda yakunlab qo'ya qoldi. Tablodagi 5:0 hisobi butun Madrid uchun tushirilgan alamli tarsaki edi. So'nggi dekadada qayd etilgan ushbu eng yirik mag'lubiyat aynan Mourinodek diqqanafas insonning peshonasiga yozilgani bir tomondan uning uchun juda katta saboq bo'lsa, boshqa tomondan ochilmagan eshikni ochish uchun qayta berilgan imkoniyat edi. Portugaliyalik mutaxassis endi buyog'iga o'tkazilgan "Klasiko"larni yondirib tashlashi lozim edi. U va Pep hamda Ronaldu va Messi o'rtasidagi kurash intrigasi kelasi yillar keskin oshib ketdi. O'sha davrlar miqyosida mamlakat chempionligi har ikkala jamoa uchun har qanday xalqaro sovrindan ham ko'ra yuqori planga aylandi. Muxlislar "oltin to'p" uchun kechadigan jiddiy raqobatni bitta turnirda ko'rishga ham o'rganib qolishdi. Katta urinishlar evaziga qo'lga kiritilgan 2012 yilgi LaLiga chempionligi Mourino siymosini yanada yuqoriroqqa olib chiqishi mumkin. Lekin eng qimmat tarkibi bilan quturgan Ronaldusi bo'la turib ham ilk debyutdagi sharmandali mag'lubiyat Jozeni har qanaqasiga oqlay olmaydi. Zero, bundan keyingi o'zaro prinsipiallik qay suratda davom etganligi barchamizga ma'lum.


Yusufbek tayyorladi

BestMaster
23 Oktyabr 2020, 16:00
klasikolarda, yomon, start, olgan, murabbiylar,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads