Stadion.uz Evropaning eng kuchli birinchiliklaridagi etakchilar bilan tanishtirib o'tadi.
Ayni damda, Angliya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va Frantsiya chempionatlarida kutilmagan voqealar sodir bo'lmoqda. Oktyabr oyi bo'lishiga qaramay, chempionlik uchun asosiy da'vogar bo'lib turgan klublar turnir jadvalidagi o'rni biroz boshqacharoq ko'rinish olmoqda. Kuchli beshlikda kimlar peshqadamlik qilmoqda?
APL
«Tumanli albion» o'zining shiddatli o'yinlari bilan boshqa chempionatlardan tubdan farq qiladi, biroq mavsum oldidan «Everton»ning bu qadar ishonch bilan kurashga kirishini hech kim taxmin qilmagan edi. Karlo Anchelotti shogirdlari mavsumni juda yaxshi boshlashdi. To'g'ri yo'lga qo'yilgan selektsiya va murabbiy faktori sekin-asta yuzaga chiqib kelmoqda. 5 ta turdan so'ng, musobaqa jadvalini boshqarib borish hech narsani anglatmaydi, biroq «Everton»ning o'yinlarida mazmun va oldindan o'ylagan reja shundoqqina ko'rinib turibdi.
Bu quvonarli albatta. Sababi, barcha mavsum boshida «Liverpul» va «Siti» o'rtasidagi navbatdagi kurashni kutgan edi. «Everton» esa bunga qarshi ekanligini darrov namoyish etdi. Shuningdek, "Aston Villa" klubini ham alohida e'tirof etish lozim. Birmingem klubi o'tgan mavsumda APLda zo'rg'a jon saqlab qolgan edi. Endi esa, 4 ta turda 4 ta g'alaba qozonishga muvaffaq bo'lmoqda. Boz ustiga, zaxirasida ham bitta o'yin mavjud.Grilish boshchiligidagi jamoa «Liverpul» va «Lester»ga qarshi nimalar namoyish etganini barchamiz ko'rdik.
Grandlarga nima bo'ldi? «Siti» o'z uyida «Lester»dan 5 ta gol o'tkazib yuborgan bo'lsa, «Manchester Yunayted» «Tottenhem» oldida tiz cho'kishga majbur bo'ldi. «Chelsi» hali shakllanmagan proekt ekanligini ko'rinib turibdi. "Arsenal« va »Tottenhem" yaxshi boshladi, biroq ochko yo'qotishni kanda qilmayapti. Umuman olganda, APL bu mavsum o'zgacha o'yinlarga boy o'tishi turgan gap.
«Liga 1»
Frantsiya birinchiligida ko'pchilikning e'tibor markazida turuvchi «Lion», «Marsel» va PSJ negadir sust harakat qilmoqda. O'tgan mavsumda EChLning yarim finalida to'p surgan klublar ochki yo'qotishni ancha erta boshlab yuborgani bor gap. E'tiborlisi shundaki, «Liga 1 da etakchilik ularga nasib etganicha yo'q.
Vaholanki, musobaqaning 7 ta turi ortda qoldi. Turnir jadvalida »Lill« yaqqol peshqadamlik qilmoqda. 5 ta g'alaba va ikkita durang sababli klub PSJdan oldinda bormoqda. E'tiborlisi shundaki, »Lill"ning g'alabalarida turk futbolchilarining hissasi ulkan. Zeki Chelik, Yusuf Yazidji va Burak Yilmazlar jamoaning asosiy futbolchilari sanaladi. To'purarlar poygasida Burak 7 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda.
«La Liga»
«Real» Sosedad«ni o'tgan yili deyarli bir o'zi tortib yurgan Martin Edegor »Real«ga o'tgach, ko'pchilik mutaxassislar jamoa o'yinida pasayish kuzatilishini taxmin qilgan edi.
Kutilmaganda, klub David Silva bilan shartnoma imzoladi va avvalgi tempni ushlab oldi. Tog'ri Ispaniyada 6 tur davomida 6 bor peshqadam nomi o'zgardi, ammo grandlar ham ishonchli o'yin namoyish etmayapti. »Valensiya«da kadrlar muammosi mavjud, »Barselona« Messini katta ehtimol bilan qishda boy beradi. »Real" esa, avlodlar almashinuvini boshidan o'tkazmoqda. Boz ustiga, Madrid klubi mavsumni transferlarsiz boshladi.
Bundesliga
Bu erda ham Evropa chempionlar Ligasida zafar quchgan «Bavariya»ni birinchi pog'onada ko'rmaysiz. Shunga qaramay, ular «RB Leypsig»dan atigi 1 ochko ortda kelishmoqda. Bu kichik farqdek ko'rinar, ammo trebldan so'ng, Myunhen klubida motivatsiya biroz kamayib qolgandek go'yo. Ayniqsa, «Xoffenxaym»dan uchragan yirik mag'lubiyat so'zimizga isbot bo'la oladi.
«Bavariya» EChLdan so'ng, deyarli dam olgani yo'q. Shu bois, mavsum boshida ko'p ochko yo'qotishi mumkin. Bu esa, ancha tajriba to'plab olgan «buqalar»ga yakunda qo'l kelishi hech gap emas. Shunday ekan, Germaniya birinchiligini tomosha qilishda davom etamiz. Orda qolgan 4 ta turdan so'ng, «Bavariya» ortda bormoqda.
"A seriya"
«Milan» 21 asrdagi eng yaxshi startini amalga oshirdi. E'tiborlisi shundaki, «Rossonerilar» so'nggi bor 1995 yilda ketma-ket 4 ta turdagi g'alaba bilan chempionatni boshlagan edi. Boz ustiga, 4-turda azaliy raqib «Inter» dog'da qoldirildi. Ketma-ket «Skudetto»ni o'ziniki qilib borayotgan «Yuventus»ning ahvoliga havas qilib bo'lmaydi. Turinb super klubi ketma-ket ikkita durang qayd etdi va musobaqa jadvalida «Napoli» bilan 5-o'rinni bo'lishib turibdi.
E'tiborlisi shundaki, agar «Napoli» «Yuventus»dan texnik mag'lubiyat qabul qilib olmaganida, turnir jadvali boshqacha ko'rinish olgan bo'lar edi. Agar ushbu 3 ochko «Yuve»ga olib berilmaganida, Turin super klubi ayni damda 11-pog'onada borayotgan bo'lar edi.
O'tgan mavsumda ahvol qanday edi?
O'tgan mavsumning 19 oktyabr sanasida Angliyada «Liverpul» raqiblaridan 6 ochkoga ilgarilab ketgan va turnir jadvalida yakka peshqadam edi. Ispaniyada esa, «Barselona» va «Real Madrid» qolgan raqiblaridan o'zib ketgancha birinchi o'rinni bo'lishib turar, eng yaqin raqib "Atletiko« bilan farq ikki ochkoni tashkil etgan edi. Italiyada allaqachon »skudettoni« »Yuventus«ga topshirib bo'lishgan bo'lib, jamoa barcha raqiblarini mag'lubiyatga uchratishga ulgurgan edi. Frantsiyada esa, PSJ »Marsel«dan 5 ochko ilgarilab ketgancha chempionlik uchun dadil qadam tashlagan edi. Germaniyada esa, »Borussiya M« birinchi pog'onani egallab turgan. Bu Niko Kovachning »Bavariya«sidagi muammolar sababli yuzaga kelgan vaziyat. Klub tepasiga Xans Ditter Flik kelgach, nemis mutaxassisi tezda vaziyatni o'z holiga qaytargani ko'pchikning yodidan ko'tarilmagan bo'lsa, ajab emas.