Stadion.uz transfer oynasi chog'ida hal etilmagan masalalar haqida fikr almashadi.
«Real Madrid» Mbappeni sotib oladimi?
Madrid klubi so'nggi 40 yil ichida ilk bor yozda transferlar uchun pul sarf etmadi. Bundan ikki xil xulosaga kelish mumkin. Birinchisi jamoa o'z yoshlariga ishongan holda avlodlar almashinuvini boshidan kechirmoqda, yoki kelasi mavsumdagi bomba transferlar uchun pul jamg'armoqda. Sababi, qishda biror bir grand jamoadan etakchi futbolchini qo'lga kiritish mushkul.
Xo'sh, Kilian mavsum so'nggida «Real» bilan shartnoma imzolaydimi? Mbappe allaqachon 2021 yilda jamoani tark etishini rasman e'lon qilib bo'ldi. PSJ esa, o'z super iqtidorini atigi 100 million evro evaziga qo'yib yubormoqchi emas. Umuman olganda bu mavzu haqida soatlab suhbat qurish mumkin. Katta ehtimol bilan, kelasi mavsum startida Mbappening transferi barcha nashrlarning muqovasidan o'rin olishi aniq.
«Siti» yana qaysi himoyachilarni sotib olmoqchi?
Pep Gvardiola «shaharliklar» tepasiga kelgach, deyarli 500 million evroni himoyachilar uchun sarf etib yubordi. Pep o'z o'yin falsafasiga to'liq mos tushuvchi himoyachini izlashda davom etmoqda. Avvalroq sotib olingan Stounz, Mendi, Konsele, singari himoyachilar o'ziga bildirilgan ishonch va sarf etilgan pullarni oqlay olmadi. Aynan «Siti»ning transfer bozoridagi chaqqonligi sababli sifatli himoyachilarning transfer summasi keskin ko'tarilib ketgani ham haqiqat.
Yozda klub Natan Ake va Ruben Diashlar uchun deyarli 100 million evro sarf etdi. Shu o'rinda qiziqarli savol tug'iladi. Yosh, kuchga to'la va hali to'liq qotib qolmagan universal himoyachilarning transferi Gvardiola uchun so'nggisi bo'ladimi? Vaholanki, ayni damda sayyoramizdagi eng iqtidorli himoyachilarni «Siti» qo'lga kiritdi. Yoki Pep kelasi mavsumda ham 50-60 million evro evaziga biror bir himoyachini jamoaga qo'shib oladimi? Bu savol ham mavsum so'ngiga qadar ochiq qolishi aniq.
«Barselona» qishda ishga kirishadimi?
Kataloniya super klubi yozda transfer oynasida faol bo'lishga intildi. Shunday bo'lsada, bu ularga foyda keltirdi deb bo'lmaydi. Rakitich, Vidal, Artur, Semedu, Suares singari tug'ma jangchilar klubni tark etdi. Ularni o'rnini to'ldirish uchun esa, klub byudjetida pul yo'q edi.
Shu bois, jamoa kamida qishga qadar markaziy hujumchi borasida muammolarga duchor bo'lishi mumkin. Bretueytga hurmat saqlagan holda shuni aytishimiz mumkin-ki, ushbu vaziyatda «Barsa» uchun qishdagi transfer juda muhim. Bir nechta frontda kurash olib boruvchi super klub safida albatta sifatli yakunlovchi bo'lishi lozim.
Yozda jamoa Depay, Veynaldum va Erik Garsiyalarning transferi ustida ish olib bordi, biroq yakunda Usman Dembelening klubda qolishi hammasini barbod qildi. So'nggi ma'lumotlarga qaraganda, jamoa Dembeleni 45 million evro evaziga qo'yib yuborishga tayyor. Xo'sh, ushbu transfer qishda Depay yoki Veynaldumning Kataloniyaga ko'chib kelishi uchun etarli bo'ladimi?
Depay va Veynaldum shartnomaga ko'ra o'zining klubdagi so'nggi mavsumlarini o'tkazmoqda. Agar, qishda «Barselona» 10-25 million evro atrofidagi summani taklif etsa, bu transferlar amalga oshadimi? Yoki yozga qadar jamoaning rejalari o'zgarib ketadimi?
Messi ketadimi?
«Barselona» jamoasi haqida gap ochilgan bo'lsa, Messi tushib qolgan vaziyat haqidagi savollar bilan murojaat etmaslikning imkoni yo'q. Tan olish lozim, Leo yozda klubdan ketishga juda yaqin kelgan edi. Hatto «Siti» jamoasining Tvitterdagi rasmiy sahifasi tez orada o'zga sayyoralik futbolchining transferi e'lon qilinishi haqida anons ham berdi. Shaxsiy shartnoma va yangi g'oyalar haqida yozildi. Kataloniyalik blogerlardan ayrimlari u bilan xayrlashuv videolarini ham tarmoqlarga joyladi, ammo yakunda u qoldi.
Ispan nashrlari «Barselona» Leoni kuch bilan jamoada saqlab qoldi deb hisoblamoqda. Yana kimlardir esa, u o'z shartnomasini to'liq ado etib klubni erkin tark etish niyatida ekanligi haqida xabar tarqatmoqda. Aslida, Bartameu Leoga uni istagan vaqta qo'yib yuborishga va'da bergan edi, biroq so'zining ustidan chiqa olmadi. Uni qo'lga kiritishni istagan klubdan klasuladagi 700 million evroni talab qildi. Oqibatda, futbolchi uchun asosiy da'vogar bo'lib turgan «Siti» bir qadam ortga chekindi.
«Shaharliklar» Gvardiolaning falsafasi 100 foiz natija berishi va klub Evropada tengsiz bo'lishi uchun Messi kerak ekanligini yaxshi anglab turishibdi. Shu bois, mavsum so'nggida yiliga 25 million evrolik maosh taklif etishsa, ham ajablanmang! Leo zamonamizning eng kuchli futbolchisi! Ha mayli, ikkitasidan bittasi! Bu status va Evropa Chempionlar Ligasi oltin medallari uchun «Manchester Siti» hamma narsaga tayyor, faqat uning klubdan ketishi qanday ro'y beradi? Mana savol nimada. Leo jamoa bilan rasmiyatchilik uchun shartnomani yana 2 yilga uzaytirgan holda 100 yoki 150 million evro evaziga boshqa jamoaga o'tadimi yoki katta bonus evaziga Angliyaga ko'chib ketadimi? Balki, Kuman boshchiligidagi jamoa natija ko'rsatsa, abadiy klubda qolar? Umuman olganda, bu transfer haqida savollar juda bisyor. Javoblarga esa, oliy hakam - vaqtgina javob bera oladi.
Kulibali qachon Neapolni tark etadi?
E'tiborlisi shundaki, Kalidu Kulibalining boshqa jamoaga o'tishi haqidagi mish-mishlar ikki mavsumdan beri davom etmoqda. O'tgan yili uning Parijdan uy sotib olgani va tez orada oilasi bilan ko'chib borishi haqida «Lʼequipe» ma'lumot bergan edi. Yozda esa, «The Sun» senegallik himoyachini «Liverpul» bilan shartnoma imzolashi aniq bo'lgani haqida yozdi. Transfer oynasining so'nggi 3 kuni ichida esa, «Siti» allaqachon Kulibali bilan shaxsiy shartnoma borasida kelishuvga erishgani haqida ma'lumot tarqatishdi. Yakunda esa, futbolchi Italiya nashrlari uchun jamoada abadiy qolishga tayyor ekanligini ma'lum qilib intervyu berdi.
Ayni damda, uni qo'lga kiritishni istagan jamoalar 70 million evrodan voz kechishi lozim. «Siti» hali sinovdan o'tmagan Diash uchun deyarli shuncha pulni sarf etayotgan bir paytda, nima uchun Kulibalini grandlar sotib olmasligi kerak?
Qahramonimiz to'liq sinovlardan o'tgan, ruhan grand klublarda to'p surishga tayyor futbolchi. Uning darajasi allaqachon "A seriya«nikidan o'zib ketgani bor gap, ammo transfer haqida hozircha biror narsa deb bo'lmaydi. "Siti", "Yunayted", PSJ jamoalari unga bo'lgan qiziqish hali so'nmagani haqida ma'lumot berishmoqda. Balki, mavsum so'nggida nihoyat Kulibali boshqa jamoaga o'tar?! Agar De Laurentis yana ishga aralashsa, biz butun yoz mobaynida uning ehtimoliy jamoalari haqida yozishga majbur bo'larmiz?! Hozircha, hech narsa ma'lum emas.
Suares effekt beradimi?
Luis Suaresning «Barselona»ni tark etgani ko'pchilikni xafa qilgan bo'lsa, uning "Atletiko"ga o'tishi ko'pchilikni ajablantirdi. O'z vaqtida David Vila shu ishni amalga oshirgan va yakunda bu qaror o'zini to'liq oqlagan edi.
«El pistalero» aslida «Yuventus» bilan shartnoma imzolashi lozim edi, biroq bu transfer amalga oshmay qoldi. Italiya nashrlari uning transferi haqida turlicha bayonot bergani uchun vaziyat 100 qanday ko'rinish olgani haqida ma'lumotga ega emasmiz. Asosiysi, Luis hozir "Atletiko" futbolchisi.
Bu transfer Diego Simeonening biroz eskirgan uslubiga ikkinchi hayot baxsh etadimi? Shu savol ko'plab «La Liga» muxlislarining e'tibor markazida turibdi. «Barselona»dan Davidni klub sotib olganida, chempionlikni nishonlagan edi. Balki, Luis ham «matraschilar»ni yangi pog'onaga olib chiqar? U bilan jamoaning juda xunuk xayrlashgani esa, hujumchiga qo'shimcha kuch bag'ishlashi turgan gap. Xayrlashuv kechasida Bartameuning qo'lini siqib qo'yishni ham o'ziga ep ko'rmagan hujumchi "Atletiko« safida »Barselona«ga »zarar" etkaza oladimi? Mana bu savolning javobini ham mavsum davomida bilib olishimiz mumkin.
Beyl qaytadimi?
Beylning «Tottenhem»ga ijara asosida qaytishi Daniel Levining g'alabasi deb tan olindi. Uelslik futbolchini 40 foiz maoshini to'lab berish evaziga Londonga olib kelgan Levi marketing sohasida katta yutuqqa erishgani bor gap, ammo bu maydonda qay darajada naf berishi noma'lum.
Hozirgi damda «Tottenhem»ning tarkibi chakki emas. Keyn va Son deyarli har bir o'yinda gol urib «shporlar»ning hujumkor jamoaga aylanganini namoyish etmoqda. Jamoa ortiqcha muammosiz Evropa Ligasi yo'llanmasini hal etdi. «Chelsi»ni kubok bahsidan chiqarib yubordi. «Manchester Yunayted»ni «Old Trafford»ga «ko'mib» yubordi. Umuman jamoa o'sish bor, biroq Beylni biz hali maydonda ko'rganimizcha yo'q.
Uels futboli qiroli Londonda o'zini ko'rsata oladimi? Mana bu savol APL muxlislarini qiziqtirayotgani aniq. To'g'ri, Garet Madridda deyarli futbolga bo'lgan qiziqishini yo'qotib qo'ydi, ammo Joze Mourino va «Tottenhem» unga ikkinchi imkoni taqdim etmoqda. Xo'sh, qahramonimiz bu imkoniyatdan qanday foydalanadi? Uni hech bo'lmasa bir mavsum avvalgi darajasida ko'ramizmi?
Sancho o'zi nima qilmoqchi?
Jeydon Sanchoning «Manchester Yunayted» bilan shartnoma imzolashi haqida xabarlar yozda shu qadar urchib ketdiki, hatto muxlislar zerikib ham ketishdi. Bundesligada chinakam to'ntarishni amalga oshirgan o'spirin qandaydir ikki mavsum ichida o'z transfer summasini 15 dan 150 million evroga qadar oshirib oldi.
U bilan ko'plab klublar qiziqib qoldi, biroq barchasidan ko'ra «qizil iblislar» transferga yaqinroq kelishdi. Hatto, Dortmund klubiga 100 million evro ham taklif qilishdi, ammo bundan ish chiqmadi. Dortmundliklar talab qilgan 120 million evro pandemiya chog'ida «qizil iblislar»ga «og'irlik» qildi. Xo'sh, kelasi mavsumda nemis tilini to'liq o'rgana olmayotgan Sancho vataniga qaytishni juda istamoqda. U yozdayoq do'stlari Reshford va Lingardlar bilan bir jamoada to'p tepishni istagan edi. Uning Germaniyadagi sarguzashtlari kelasi mavsumda barham topadimi? Bu savolga ham kelasi mavsum avvalida javob olishimiz mumkin.
Bonus
«Valensiya»ga nima bo'ldi?
Hamkasbimiz Bobur Akmalov muxlislik qiluvchi «Valensiya» jamoasi pandemiya sababli moliyaviy qiyin ahvolga tushib qoldi. Jamoa vaziyatdan chiqib ketish maqsadida o'z etakchilarini sotib yuborishni boshladi. Hatto, jamoa sardori Dani Parexo uchun ham maosh to'lashni istamadi.
To'liq yoshlarga suyangan jamoaning ahvoli endi qanday kechishi noma'lum. Futbolchilar ikki mavsumdan beri EChLda to'p surayotgan klubga o'z maoshlarini veksel shaklida to'lash variantini ham berishdi, biroq bu muammoning echimiga aylanmadi. Ispaniya futbolida o'z o'rniga ega bo'lgan klub bankrotlik arafasida turibdi. Xo'sh, bu mavsumda «ko'rshapalaklar» qanday ishtirok etishadi? Barchasini yuqorida ta'kidlaganimizdek vaqt ko'rsatadi.
Ya . U