«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu Posuelo-de-Alakronga tashrif buyurib, soliqlardan bo'yin tovlaganlik ishi bo'yicha sudda ko'rsatma berdi.
Marca xabariga ko'ra, 32 yoshli portugaliyalik futbolchi sud majlisi zalini tushkun holatda tark etdi. U matbuot vakillari savollariga javob berishni istamay, zudlik bilan uyiga ravona bo'ldi.
Eslatib o'tamiz, Ronaldu Ispaniya prokuraturasi tomonidan 2011-2014 yillar davomida 14,8 million evro miqdoridagi soliqni to'lashdan bo'yin tovlaganlikda ayblangan.
Agar aybi isbotlansa, unga 2 yillik shartli qamoq yoki 14,8 mln evro miqdoridagi jarima jazosi tayinlanishi mumkin.