Ayni damda Beyl transfer olamidagi eng ko'p mish-mishlarga sabab bo'layotgan futbolchi sanaladi. Allaqachon golfch laqabini ortirib olgan vinger haqida latifalar to'qib chiqarish urfga kirgan. Vaholanki, Garet Britaniyadan tashqarida eng sermahsul to'p surgan futbolchi sanaladi. Bugun Beylning eng yorqin gollari va uchrashuvlarini yodga olamiz.
Erta, ammo ishonchli debyut
2006 yilning 17 aprel sanasida Garet «Sautgempton» klubi safida professional futboldagi debyut uchrashuvini o'tkazadi. 16 (275 kunlik) yoshli o'spirin «Millioul»ga qarshi uchrashuvda juda ishonchli harakat qiladi. Oqibatda, ko'p o'tmay Uels milliy terma jamoasidan ham taklif oladi. Bir oydan so'ng, hali 17 yoshga to'lmagan Beyl Uels milliy terma jamoasi safida Trinidad va Tobagoga qarshi maydonga tushadi. O'sha uchrashuvdan so'ng, butun Britaniya nashrlari yangi Giggzning paydo bo'lgani haqida bong urishni boshlaydi. «Sautgempton» klubi qo'li kaltaroq bo'lgani uchun Beylni ushlab qolishni istamaydi va uni «Tottenhem»ga 5 million funt evaziga sotib yuboradi.
Uels, Golf, Madrid
«Real Madrid» jamoasi sobiq futbolchisi Predrag Myatovich Beylning terma jamoaga bo'lgan munosabatini juda chiroyli tasvirlagan edi:
“O'ylashimcha, Beyl o'zgacha inson. U biroz g'alatiroq yigitdek ko'rinadi. Uning hayolida doimo Uels terma jamoasi birinchi planda. Keyin golf va undan keyin «Real Madrid» klubi!”
Tan olish lozim, Beyl hech qachon Madrid klubi muxlislari bilan iliq munosabatda bo'lmagan. Klub miqiyosida 7 hafta maydonga tushmagan bo'lsada, Vengriyaga qarshi Evro 2020 musobaqasi saralashida to'p surish uchun vataniga etib kelgan Beylni qanday yaxshi ko'rish mumkin? Madriddagi muxlislardan farqli o'laroq, Beylni Uelsda juda hurmat qilishadi. Shu sababli, Uels terma jamoasining o'yinlarida «Uels, Golf, Madrid» deb yozilgan bannerlarni ko'rishimiz mumkin.
Shaxsiy sovrinlar
2011 yilda Beyl Angliyada professional futbolchilar talqiniga ko'ra yilning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etiladi. Oradan 2 yil o'tib, bir yo'la uchta yo'nalishda «tumanli albion»ning eng yaxshi futbolchisiga aylanadi. Bu tryukni Ronaldudan boshqa hech kim uddalay olmagan edi. Bugungi kunga qadar Beyl bu ishni eplagan so'nggi futbolchi sanaladi.
Dunyoning eng qimmat futbolchisi
Beylning fantastik o'yini va «Tottenhem»ning EChLdagi ishonchli o'yinlari uelslik futbolchining xalqaro maydondagi «oshiqlari» sonini keskin ortib ketishiga sabab bo'ladi. Beyl borasida eng yaxshi taklifni «Manchester Yunayted» jo'natgan bo'lsada, futbolchi «Real»da to'p surishni istaydi. Shu tariqa, 2013 yilda qahramonimiz o'sha davrdagi rekord summa (85 million funt sterling) evaziga Madridga ko'chib o'tadi.
EChLdagi omadli Beyl
Ayrim futbolchilarning o'z musobaqalari mavjud. Kimdir ichki birinchilikda o'zini yaxshi his qilsa, boshqalar terma jamoada ishonchliroq ko'rinadi. Beyl esa, Evropa Chempionlar ligase bilan yaxshi «chiqishadi». Beyl Madriddagi ilk mavsumidayoq ushbu musobaqaning oltin medallarni qo'lga kiritadi. Uning “Atletiko”ni «sindirgan» goli yakunda «Real» uchun uzoq kutilgan «Desima»ni amalga oshirishida ko'mak beradi. Qahramonimiz keyinroq ushbu musobaqada yana 3 bor chempion bo'lishga muvaffaq bo'ladi. Ular haqida biroz keyinroq.
Evro 2016
Katta ehtimol bilan Beyl ham Jorj Best va Rayn Giggz singari katta musobaqada ishtirok etmagan yulduzlar qatoridan o'rin olishi lozim edi, ammo UEFA qit'a birinchiligidagi ishtirokchilar sonini oshirdi. Oqibatda, Uels Evro ishtirokchisiga aylandi. Beyl esa, bu imkoniyatdan maksimum darajada foydalandi. 58 yillik tanaffusdan so'ng, katta musobaqada ishtirok etgan Uels guruhdan chiqibgina qolmay, play-offda Belgiyani dog'da qoldirishga ham muvaffaq bo'ldi. Beyl esa, 3 ta gol kiritib jamoaning chinakam etakchisiga aylandi. Beyl boshchiligidagi Uelsni faqat bo'lajak chempionlargina to'xtatib qolishni uddaladi. Portugaliya va Uels o'rtasidagi o'yindan so'ng, Ronaldu Beylni quyidagi so'zlari bilan ko'nglini ko'targan edi:
«Sen qahramonsan! Sen bilan vatandoshlarining faxrlanadi!»
Ispaniya kubogi finalidagi «mo''jiza gol»
Yangi jamoada o'zini nimalarga qodir ekanligini ko'rsatishning eng oson uslubi qanday? Beyl bu savolning ideal echimini topdi. Qahramonimiz azaliy raqib – «Barselona» darvozasini deyarli bir o'zi ishg'ol qildi va Ronaldusiz «Real» bilan ham «Barselona»ni mag'lub etish mumkinligini ko'rsatib berdi. Deyarli markazdan katta tezlikda jarima maydonchasiga yorib kirgan futbolchi jamoasi uchun muhim g'alabani keltiradi. O'yindan so'ng, taniqli Marca nashri : «Beyl o'ziga sarf etilgan 100 millioni bitta gol bilan oqlab yubordi» deb yozgan edi.
Maykon? Kim U?
Garet Beylning transfer summasini 100 million evroga chiqib ketishiga sabab bo'lgan uchrashuvni eslab o'tmaslik mumkin emas. Sezganingizdek gap «Inter»ga qarshi o'yinlar haqida bormoqda. «Juzeppe meatstsa» arenasidagi ilk uchrashuvda «Tottenhem» birinchi bo'limni 4:0 hisobidagi mag'lubiyat biln yakunlaydi. Ikkinchi taymda esa, Xarri Rednapp himoyadagi Beylni vingerga ayalantiradi. Aynan o'sha o'zgarish Garet uchun chinakam inqilob qilishi uchun imkon yaratadi. Ikkinchi bo'limda qanotdagi reydlari orqali 3 bor raqib darvozasini ishg'ol qilgan uelslik futbolchisal bo'lmasa «shporlar»ni mag'lubiyatdan qutqarib qolishi mumkin edi. 201 yilda sayyoramizning eng kuchli qanot himoyachisi sanalgan Duglas Maykon esa, naqd 8 bor yakka-kurashlarda Beylga mag'lub bo'ladi. Bu ham etmaganidek, tezlik bobida barchadan chaqqon sanalagan Maykonni qahramonimiz har safar uning ustunligi sanalagan tezlik evaziga dog'da qoldiradi. E'tiborlisi shundaki, Londondagi uchrashuvda «Tottenhem» ortiqcha qiyinchiliksiz «Inter»ni mag'lub (3:1) etadi. Beyl yana vinger sifatida maydonga tushadi va o'z hisobiga ikkita assistni yozdirib qo'yadi.
EChL tarixidagi eng buyuk gollardan biri
2018 yilga qadar Beyl allaqachon uch bor Evropa Chempionlar ligasida g'alaba qozongan edi, biroq aynan so'nggi final uning uchun qadrliroq. Sababi, Garet maydonga tushganidan 3 daqiqa o'tib musobaqa finallaridagi eng chiroyli golni «Liverpul» darvozasiga kiritadi. 15 metr masofadan «qaychi» uslubidagi zarba tablodagi hisobni 2:1ga o'zgartiribgina qolmay, ruhiy ustunlikni Madrid klubi tomoniga o'tishiga sabab bo'ladi. Fantastik goldan so'ng, «Real» raqibga bosim o'tkazishni boshlaydi va Karuisning xatosi sababli Beyl o'zining finaldagi ikkinchi golini ham kiritadi. Aynan o'sha o'yindan so'ng, Beylning antemuxlislari soni Madridda keskin kamayib ketgan edi.
P.S
Afsuski, Garey Beyl Messi yoki Ronaldu singari o'zining so'nggi mavsumlarini yuqori darajada o'tkaza olmadi. Tinimsiz jarohatlar, klub rahbarlari bilan mojarolar uning yashil maydondagi imkoniyatlarini kamaytirib yubordi. Ayni damda, ingliz va ispan nashrlari Beylning orga – «Tottenhem»ga qaytishi haqida yozmoqda. Balki, bu transfer amalga oshar?! Balki oshmas?! Nima bo'lgan taqdirda ham Beylning futbol tarixiga o'z ismini «oltin harflar» bilan yozdirib qo'yganini unutmaslik lozim.