Evropaning kuchli beshlik milliy chempionatlarida ishtirok etuvchi klublar yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettiroqda. Bugun bir qator o'rtoqlik o'yinlari bo'lib o'tadi.
Ular orasida eng qiziqarlisi Ispaniyaning ikki grandi — «Real» hamda «Barselona» to'qnashuvidir. Chempionlar xalqaro kubogining AQSh turnesida ishtirok etayotgan bu jamoalar o'zaro saf tortadi. Keyinroq ular Ispaniya Superkubogi g'olibini aniqlab berish uchun Ispaniyaning o'zida ikki o'yin o'tkazishi belgilab qo'yilgan. 13 avgust kuni «Real» Kamp Nou»ga, 16 avgust kuni esa «Barselona» «Santyago Bernabeu»ga tashrif buyuradi.
Chempionlar xalqaro kubogida bugun — 29 iyul kuni yana ikki qiziqarli o'yin bor. AQShda «Manchester Siti» va «Tottenhem» futbolchilari maydonga chiqib kelsa, Singapurda «Chelsi» Milanning «Inter» klubiga qarshi saf tortadi.
Xitoy turnesidan qaytib kelgan Londonning «Arsenal» klubi Emirates Cup turniri doirasida Portugaliyaning «Benfika» klubiga qarshi uchrashuv o'tkazadi.
29 iyul sanasidan faqatgina 1 ta rasmiy bellashuv joy olgan. Frantsiya chempionati starti oldidan mamlakatning ikki etakchisi — «PSJ» va «Monako» o'zaro Superkubok g'olibini aniqlab berish yo'lida raqobat olib boradi. «PSJ» Frantsiya Liga kubogi va kubogida zafar quchgan bo'lsa, monakolik futbolchilar mamlakat chempionatining oltin medalini qo'lga kiritgandi.