Stadion.uz yangi mavsum arafasida turgan Ispaniya chempionati haqida fikr almashadi.
Ispan klublarining Evropadagi o'rni beqiyos. So'nggi 15 yil davomida ushbu yurt klublari 8 bor Chempionlar Ligasida g'olib chiqqan bo'lsa, naqd 9 bor Evropa Ligasining oltin medallarini o'zniki qilib oldi. Ushbu yurt terma jamoasi esa, 2 bor Evropa va bir bor Jahon Chempionligini qo'lga kiritdi. Umuman olganda, so'nggi 15 yil davomida naqd 40 ta sovrinni o'ziniki qilib olgan yurtda start olayotgan milliy chempionat boshlanmoqda.
«Real» o'z sovrinini himoya qiladimi?
Amaldagi chempion bir qarashda g'oliblik uchun asosiy da'vogar bo'lishi mumkin, biroq «Real»da chempionlikni himoya qilish borasida muammolar etarlicha. Ushbu so'nggi bor 2006/07 va 2007/08 mavsumlarda ketma-ket chempionlikni nishonlagan edi. Hozircha, Madrid klubi ushbu tryukni qayta takrorlay olgani yo'q. Bu vazifa Zidan shogirdlari uchun yana bir stimul bo'lib xizmat qilishi mumkin.
Shu o'rinda aytib o'tish joiz, «Barselona»ning bugungi ahvoli klubga qo'l kelishi mumkin. Kataloniya tomonlarda muammolar bisyor. Shunga qaramay, «Real»ning g'olibligi uchun asosiy omil sifatida uning yoshartirilgan tarkibini ko'rsatishimiz mumkin. Fede Valverde, Vinisius, Eder, Edogor, Rodrigo, Mendi va Asensiolar Zidan uchun maydonda «jang» qilishga ham tayyor. G'alaba uchun chanqoq yoshlar allaqachon zamonaviy «Real»ning bir bo'lagiga aylanib bo'ldi. Bundan tashqari, Eden Azar ham yangi mavsumda o'zini ko'rsatish uchun harakat qilishi aniq. Uning hali maydonda aytmagan so'zlari juda ko'p.
Eng muhim omil esa, jamoaning ulkan tajribaga ega «darg'alari» ham to'liq tarkibda «jang»ga kirishga shay. Afsuski, tanganing ikki tomoni mavjud. O'tgan mavsumda «porlagan» Karim Benzema tez orada 33 yoshni qarshi oladi. Maydon markazidagi Kroos va Modrichlarda tezlik pasayashini kuzatishimiz ham hech gap emas. Marselo va Ramoslar haqida biror narsa deyishga hali erta. Ular o'z klasslari evaziga yana kamida bir mavsumni ko'tarinki kayfiyatda o'tkazishga qodir.
«Qog'ozdagi gaplar»ga qaramay, «Real»da chempionlik uchun imkoniyat qolganlarnikidan yaxshiroq. Sababi, jamoa tarkibida raqobat mavjud va stabillik namoyish etishga qodir. Ayniqsa, uzoq davom etadigan musobaqada stabil harakat qilish katta naf beradi.
Dramatik o'tgan yoz «Barselona»ga qanday ta'sir ko'rsatadi?
Ayni damda, “yangi «Barselona»” haqida hech kim hech qanday fikrga ega emas. Sababi, Kuman hali jamoada kim qolishiyu, kim ketishini ham aniqlab olgani yo'q. Katta ehtimol bilan, Kuman yangi mavsumga yangi sxema bilan tayyorlanmoqda. Shu sababli, Messi u qadar ishtiyoq bilan harakat qilmasligi ehtimoli yuqori. Sababi juda oddiy. Bartameu Messini deyarli kuch bilan saqlab qoldi va bu omil natijalarga ta'sir ko'rsatishi aniq.
Bu qanchalar g'alati eshitilmasin, «Barselona» yangi mavsumda g'oliblik uchun kurash olib borishi mumkin, biroq ushbu klub mavsumni qanday o'tkazishi noma'lum. Afsuski, Ronald Kuman Pep Gvardiola emas. Shu sababli, qisqa muddatda katta inqilobni amalga oshirishni undan kutish biroz g'alati. Kelasi mavsumda jamoa tarkibida asosan Ter Shtegen, Pike, Lengle, Alba, Pyanich, Buskets, de Yong, Koutinyo, Grizmann, Dembele, Messi va Fatilarni ko'rishimiz aniq.
Kataloniya klubi Messi bilan birga, biroq undan super mavsumni kutish qay darajada to'g'ri? Ichki muhit buzilgan, Suares ketish arafasida, 10 oydan so'ng Messi ham jamoani tark etadi. Boz ustiga, Ronald Kuman qanday mavsum o'tkazishi ham katta savol ostida qolmoqda. Soddaroq qilib aytganda, ushbu mavsum «Barselona» uchun omadli kelishi mumkin. Shu o'rinda komediya hatto tragediya janridagi mavsum kuzatilishi ham hech gap emas.
«Atletiko» o'z printsiplarga sodiq qoladimi?
«Barselona»dan farqli o'laroq, kelasi mavsumda ham «Atletiko» zerikarli futbol namoyish etishda davom etadi. Shunga qaramay, Simeone «Barsa» va «Real»ning biroz kuch yo'qotganidan foydalanib qolishi mumkin. 2014 yilda ham aynan Simione asosiy raqiblarni dog'da qoldirishni uddalagan edi. Unda bu ishni qayta amalga oshirish uchun imkoniyat mavjud, ammo oson bo'lmasligi aniq. Sababi, yangi mavsumdan uning shtabida Xerman Burgosni ko'rmaymiz. «Atletiko»ning yutuqlariga ulkan hissa qo'shgan murabbiyning yo'qligi Simeone uchun kuchli zarba bo'lishi mumkin.
Shunga qaramay, chempionlik uchun kurashga kirish imkoniyati «Atletiko»da mavjud. Buning uchun klub o'z etakchilari : Saul, Partiy, Koke va eng muhim figura – Yan Oblakni jamoada saqlab qolishi lozim. Bundan tashqari, «matraschilar» safini Luis Suares to'ldirishi haqidagi mish-mishlar tasdiq topishi mumkin. 2014 yilda David Vilyani o'z safiga qo'shib olish orqali «Atletiko» chempionlikka erishgan edi. Balki, bu ishni takrorlashda Luis Suares yordam berar?
«Sevilya»Evropa Ligasi g'olibi! Bu chempionlik uchun yordam beradimi?
O'tgan mavsumni Andalusiya klubi kuchli to'rtlikda yakunlagan edi. «Atletiko» bilan bir xil ochko jamg'argan holda 4-o'rinni egallagan jamoa yakunda Evropa Ligasida ham g'alaba qozonishni uddaladi. Xuan Lopategi shogirdlarini Marca nashri Rafa «Benities»ning «Valentsiyasi» bilan qiyoslaganini inobatga olsak, «Sevilya»ni chempionlik uchun kurashdan chiqarib yubormaslik lozim.
Sifatli transferlarni amalga oshirishi bilan nom chiqargan Monchi allaqachon ishga kirishib ketgan. Bono va Susoning transferi sotib olindi. Ivan Rakitich ortga qaytarildi. Shuningdek, «Leganes»da o'zini ko'rsatgan Oskar Rodriges ham tarkibga qo'shib olingan. Ayni damda, Monchi Serxio Regilonning transferi borasida ish olib bormoqda.
Shu o'rinda, Lopotegining «Sevilya»si hujumkor jamoa ekanligini eslab o'tish darkor. «Sevilya» o'tgan mavsumda hujumkor jamoa bo'lmaganini unutmaslik lozim. Lopategi shogirdlari «Real»dan 14 ta kam gol kiritgan bo'lsa, «Barselona» bilan o'rtadagi farq 32 ta golni tashkil etmoqda. To'g'ri, De Yong hujumda chakki emas, biroq uzoq davom etuvchi mavsum uchun yana bir sifatli hujumchi kerak. Ayni damdagi tarkib bilan «Sevilya»ni ikkinchi o'rinda ko'rishimiz mumkin, biroq chempionlik uchun mo''jiza yuz berishi lozim.