«Real» koronavirus pandemiyasi tufayli futbolchilar, murabbiylar va klub xodimlarining ish haqini ikkinchi marta qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda ESPN xabar beradi.
Ta'kidlanishicha, klub rahbariyati shu yo'l bilan inqiroz ko'lamini biroz bo'lsa-da pasaytirmoqchi.
Qayd etish joiz, «Real» aprel oyida ham futbolchi va murabbiylar maoshlarini qisqartirgandi.
Xabarda aytilishicha, xavotirga soladigan qo'shimcha omil — bu La Liga rahbariyatining stadionlarga muxlislarning kirishiga yo'l qo'ymayotganidir. Bu o'z navbatida qo'shimcha mablag' tanqisligiga olib kelishi mumkin.
Ma'lumot uchun, Madrid klubi 2019/20 yilgi mavsumda Ispaniya chempionatida g'olib bo'ldi.