Stadion.uz Madrid superklubi amalga oshirayotgan ijara siyosati haqida fikr almashadi.
So'nggi yillarda “Real” o'z futbolchilarini ijaraga berishni san'at darajasiga olib chiqdi desak, adashmagan bo'lamiz. Ushbu siyosat ikki omilga suyanadi. Ulardan birinchisi o'z futbolchisini boshqa klubda kuchliroq bo'lishini kutish bo'lsa, ikkinchisi — futbolchilarni ijara asosida transfer summasini balandlatib transferga qo'yish. Misol uchun Maskarell, Alvaro Medran, Burguy, Diego Lorente, Raul De Tomas, Oskar Rodriges, Filipp Linxart, Lukas Torro, Alberto Soro, Dani Gomes, Xorxe De Frutos va Xavi Sanchesklub akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo'lsada, asosiy jamoaga kira olmadi. “Real” ularni qo'ldan boy berish o'rniga o'rinli ijaralardan foydalandi va ushbu yigitlarning barchasini boshqa klublarga sotib yubordi. E'tiborlisi shundaki, ushbu transferlardan jamoa naqd 70 million evro sof daromad ham oldi.
Keling, yorqinroq misol keltiraylik. Ashraf Hakimiy “Borussiya Dortmund” safida fantastik mavsum o'tkazdi va “Inter”ga 40 million evroga sotib yuborildi. Bundan tashqari, agar klub istasa Regilonning transferidan ham 30 million evro ishlab olishi mumkin. Birinchi omil borasida tushuncha bera oldik. Keling, endi o'z futbolchilarini ijaralar asosida qay darajada kuchaytirib olish mumkinligini “Real” misolida tomosha qilamiz. Ayni damda, klub safidagi 11 futbolchi ijarada to'p tepish orqali asosiy jamoa e'tiborini tortgan.
Xo'sh ular kimlar?
Ayni damda, “Real” sayyoramizning eng qudratli klublaridan biri sanaladi. Shu sababli, jamoa tarkibidagi raqobat ham juda kuchli. Boshqa jamoadagi futbolchilar ijaraga berib yuborilsa, o'zlarini chetga uloqtirib yuborilgandek his etishi turgan gap, ammo “Real”da vaziyat birmuncha o'zgacha. Ushbu klub futbolchilari asosiy jamoaga loyiq ekanligini isbotlash maqsadida ijarada ikki hissa ter to'kishga intiladi. Boshqa klubga ijara asosida ketgan futbolchilar ortga kuchli bo'lib qaytishni oldiga maqsad qilib qo'yadi. Bugungi kunda ushbu tizim fantastik natija qayd etmoqda. Transferlardan kelib tushgan pullar o'z yo'liga. Asosiysi, “Real Madrid” ijara “operatsiyasi” orqali asosiy tarkibni kuchaytirib bormoqda. Amaldagi Ispaniya chempionlari tarkibida naqd 8 ta futbolchi o'z vaqtida ijaraga berib yuborilganidan xabaringiz bormi?
Dani Karvaxal – “Bayer”
Aslida “Real” o'z himoyachisini rasman nemis klubiga sotib yuborgan edi, biroq bir mavsumdan so'ng deyarli sotib yuborilgan summa evaziga uni ortga qaytaradi. Sababi, Danining transfer shartnomasida qayta sotib olish bandi mavjud edi. “Qirollik klubi” bu imkoniyatni qo'ldan boy berishni istamadi. 2013-yilda “Bayer” futbolchisiga aylangan Dani fantastik mavsumni o'tkazdi va Madridga qaytarildi. “Real”ning ushbu qarori o'zini to'liq oqladi. Karvaxal 7 mavsumdan beri jamoaning asosiy futbolchisi sanaladi.
Karlos Kazemiro – “Portu”
Tan olish lozim, Kazimironing Portugaliyaga qilgan sayohati katta naf keltirdi. “Ajdarlar” safida o'yin amliyotiga ega bo'lgan Karlos qisqa muddatda futbolchi sifatida o'sishga erishdi. Ortga qaytgach, “Real”ning markazdagi uchligidan biriga aylandi.
Lukas Vaskes – “Espanol”
Lukas “Real”ning asosiy tarkibiga kira olmagach, avvaliga Kataloniya klubiga ijaraga berib yuborildi. Bir mavsumdan so'ng, “Espanol” uni sotib oldi, ammo ijara tizimidagi qayta sotib olish imkoniyati “Real Madrid”da qoldi. Kataloniya klubida yana bir mavsum to'p surgach, jamoa uni to'liq sotib oldi. To'g'ri, Vaskesni super yulduz yoki asosiy figura deb bo'lmaydi, biroq qahramonimiz Zidanning o'yin sxemasida o'ziga joy topa oldi. Uning hisobida “Real” tarkibida o'tkazilgan 200 ta o'yin mavjud ekanligini inobatga olsak, ushbu transfer ham to'liq o'zini oqlagani ma'lum bo'ladi.
Marko Asensio – “Espanol”
“Real” Markoni “Malorka”dan sotib olgach, darrov asosiy jamoaga jalb etishni istamadi. O'z uslubiga sodiq qoldi va “Espanol”ga bir mavsumga ijaraga berib yubordi. Asensio Primeroga tezda moslashib oldi va ilk mavsumdayoq 15 ta assist va 4 ta golga mualliflik qildi. Mavsum so'nggida esa, “Real” uni ortga qaytardi va boshqa qo'yib yubormadi.
Federiko Valverde – “Deportivo”
“Real” klubining o'yin falsafasiga tobora moslashib borayotgan Federiko ham o'z vaqitda “Deportivo”da ijara asosida to'p tepgan edi. Urugvaylik futbolchi Ispaniyaga moslashishi va yangi hayot tarziga ko'nikishi uchun “Real” ortiqcha bosimsiz sharoit yaratib berishga qaror qiladi va bu qaror yakunda o'zini to'liq oqladi.
Andrey Lunin – “Leganes”
Lunin 3 mavsumdan beri turli klublarda ijara asosida harakat qildi. E'tiborlisi shundaki, ukrainalik kiper o'zini yo'qotib qo'ymadi va oxirigacha kurash olib bordi. Yangi mavsumdan boshlab, “Real” uni rasman jamoaning ikkinchi darvozaboni deb e'lon qildi.
Martin Edogor – “Real Sosedad”
Martin ham Lunin singari o'z o'rnini topgunga qadar ancha “sarson” bo'lishiga majbur bo'ldi. Gollandiya klublaridagi ijaralardan so'ng, “Real Sosedad” Edogorni to'liq qayta kashf etdi. Ispan nashrlarining ma'lum qilishicha, norvegiyalik futbolchi tez orada Luka Modrichning o'rnini egallaydi.
Shuningdek, yana 4 futbolchi ortda qolgan mavsumni boshqa klubda o'tkazdi va ayni damda jamoa ixtiyorida bo'lib turibdi. “Arsenal”da harakat qilgan Dani Sebalos, “Sevilya”dan qaytgan Regilon, Bundesligadan qaytib kelgan Borxa Mayoral va “Bavariya” ixtiyorida bo'lgan Alvaro Odrisola. E'tiborlisi shundaki, ushbu futbolchilarning 3 tasi uchun mavsum ajoyib o'tdi. Dani Sebalos “Arsenal” bilan Angliya Kubogida zafar quchdi. Odrisola Myunxen klubi bilan EChLda zafar quchdi. Regilon esa Evropa Ligasi oltin medallini qo'lga kiritdi. Katta ehtimol bilan Madrid klubi ularni sotib yuboradi, ammo ayni damda ushbu yigitlar rasman “qirollik klubi” futbolchilari sanaladi.
Kelasi mavsumda “Real” kimlarni ijaraga beradi?
Chap qanot himoyachisi Fran Garsiya “Rayo Valekano”ga “ravona” bo'lgan bo'lsa, Xesus Valexo “Granada”ga yo'l oldi. Braziliyalik yarim himoyachi Rayner “Borussiya Dortmund”ga ikki mavsumga ijaraga berib yuborildi. Jamoaning kelajakdagi super yulduzi bo'lishi kutilayotgan Kubo esa, “Vilyareal”da bir mavsum to'p tepadi. Yaqin yillar ichida bu yigitlar katta o'yinlarda o'zini ko'rsatgancha, “qirollik klubi”ga qaytishi yoki klub uchun katta daromad olib kelishiga ishonchimiz komil.