Assalomu alaykum, Mehmon!
Kirish Ro'yxatdan o'tish
" FUTBOL TV " yangiliklar !!
Cristiano Ronaldo Barcelonga o'tmoqchi....
Futbol Tv jonli efir !!!

Luka Modrich: «Hammadan kuchli ekanmiz g'alaba qozonaveramiz»

«Real» yarimhimoyachisi Luka Modrich Marca nashriga eksklyuziv intervyu berdi.

.
- Yuklab olish

Xorvatiyalik Luka Modrich yangi-yangi g'alabalarni ko'zlamoqda. Madridning «Real» jamoasi yarimhimoyachisi navbatdagi chempionatga qaratilgan yig'inlarga kirishishdan oldin Marca nashriga eksklyuziv intervyu berdi.

U suhbat jarayonida xususan, yakunlangan mavsumda qayd etilgan «oltin dubl», «Madrid» gerbining ahamiyati, shuningdek, ta'tildan so'ng eng shimarib ishlashga tayyorligi haqida gapirdi.

- Luka, bugungi «Madrid»ning «oltin dubl»ga erishishida aynan nima asosiy omil bo'ldi? Umuman, avvalgi «Real» va hozirgisi o'rtasida qanday yaqqol farqli tomonlari bor?

- Shaxsan men avvalo, murabbiy xizmatlarini alohida ta'kidlayman: u har bir futbolchining nimalarga qodirligini yaxshi bilishini amalda isbotladi. Shuning evaziga mavsumning hal qiluvchi pallasiga eng yuqori sport formasida etib keldik. Menimcha, jamoamiz ayni shu jihatda avvalgilaridan farqlandi. Zero, oldingi mavsumlar finish marrasida charchoq alomatlari yaqqol sezilgandi. Demakki, Zidan oqilona rotatsiya siyosati bilan umumiy holatni ijobiy tomonga o'zgartirdi. Natijada futbolchilar ham, murabbiylar ham ortiqcha qiynalmadilar. Muhimi, Zidan qaysi futbolchini maydonga tushirmasin, u ishonchni oqlab, jamoaga imkon qadar yordam berdi. Xullas, «oltin dubl» qayd etishimizda to'g'ri rotatsiyaning o'rni katta bo'ldi.

- Xo'sh, siz to'p surgan eng yaxshi tarkib shumi yoki...?

- Dabdurustdan aniq javob berishim qiyin, ammo g'alabalarimiz salmog'ini nazarda tutsak, eng yaxshisi bo'lsa kerak. Chunonchi, tarkibdan o'rin olgan 24 nafar futbolchining har biri birinchi darajali professional ekanligiga shubha yo'q.

- Umuman, avvalgi mavsum o'zingiz uchun qanday yangiliklarni kashf etdingiz?

- Aytarli yangilik yo'q, shunchaki, jamoaviy harakatlar har narsadan ustun ekanligiga ishonchim ortdi. Mana, futbolchilar, klub atrofidagi xodimlar yagona maqsad yo'lida birlashsalar, engilmas kuch shakllanishini amalda ko'rdik. Bosh murabbiy ayni shu jihatni birinchi o'ringa qo'ydi va biz uning g'oyalariga to'liq ishondik. Muhimi - jamoa!

- Chempionlar Ligasi finalini qayta tomosha qildingizmi?

- To'liq emas, faqat yorqin lahzalarni qayta ko'rdim, to'g'ri bir necha marta.

- ChLda g'alaba taqdim etgan 3ta finaldan nimalarni alohida qayd eta olasiz?

- Eng avvalo, yana jamoa ruhiyatini. Bizga hech qachon taslim bo'lmaslik va har qanday holatda ruhni tushirmaslik qo'l keldi. Endi har bir final to'g'risida alohida to'xtalsam, desima (10-g'alaba) yo'lidagi bahsni deyarli boy berganimizga qaramay, so'nggi soniyalargacha vaziyatni o'zgartirishga ishondik, harakatdan to'xtamadik. Keyin jamoa qat'iyatini namoyon qildi: ichki xotirjamlik evaziga «San Siro»dagi penaltilar seriyasini o'z foydamizga hal etdik. Oxirgi finalda ham jamoaviy ruh, xarakter va to'liq kuch sarflash bosh rolga chiqdi.

- Kardiff stadioni maydonida g'alabani xotirjam nishonlay olmadinglar. Bundan hayron qolmadingizmi?

- Ha, ha, hammasi aralashib ketdi: oilalarimiz, muxlislarimiz bilan ko'ngildagidek bayram qilolmadik, sovrinni ularga ko'rsatolmadik... Axir maydon suratkashlar, operatorlar va jurnalistlar bilan to'lib ketdiki, hattoki, harakatlanish ham mushkulotga aylandi. Xullas, bizni tinch qo'yishmadi, biroq eng muhimi - g'alaba qozonganimiz.

- Ortga nazar tashlasak, siz uchun «Madrid»dagi ilk mavsum ancha og'ir kechgandi.

- Aslida hech qachon o'z kuchimga shubha bilan qaragan emasman - «Madrid»­da o'z o'rnimni topishimni bilardim. Faqat debyut mavsumiga mavsumoldi tayyorgarligisiz kirishgandim. Ya'ni klub safiga mavsum boshlanishi arafasida qo'shildim, shunga qaramay, nimalarga qodirligimni ko'rsatishni istadim. Ha, talab o'ta jiddiy edi va oson bo'lmasligini, barchasi o'zimgagina bog'liqligini teran tushunardim. Eng muhimi, og'ir lahzalardan ham lazzatlandim. Zero, qiyinchilik odam ishonchini yanada mustahkamlaydi. Tabiatan muvaffaqiyat qozonish yo'lida yanada ko'proq ishlashga moyilman. Shuni nazarga olsak, «Madrid»dagi yo'lim boshida kuzatilgan qi-yinchiliklar meni tobladi, ko'p narsaga o'rgatdi.

- Shuncha ko'p sovrin yutishga ulgurganingizga qaramay, yangi g'alabalarga ishonch va ishtiyoqni qanday saqlab qolyapsiz?

- Hammasi juda oddiy. Agar 1-2 marta zafar quchsang, g'alaba ta'miga shunchaki, o'rganib qolasan... Natijada o'z-o'zidan yanada ko'prog'iga erishish haqida o'ylaysan. Demoqchimanki, yangi-yangi zafarlarni ko'zlash futbolchi ishtiyoqini kuchaytiradi, uni g'alabalardan aslo zeriktirmaydi. Yana bir tomoni, doimo eng yaxshilar qatorida yurishga intiladigan, barcha sovrinlarga ega bo'lishni ko'zlaydigan klubda to'p surayotganim ham ishtiyoqni bir maromda ushlab turishimni taqozo etadi.

- O'tgan mavsumdagi g'alabalardan so'ng bo'lajak chempionat «Madrid» uchun ancha og'ir kechmasmikan?

- Menimcha, yo'q. To'g'ri, bu borada faqat o'zim uchun javob beraman - olg'a yurishdan to'xtamaslikni maqsad qilganman, ayni payt mavsumoldi tayyorgarligi boshlashni intiq holda kutyapman, to'liq kuch bilan ishlashga tayyorman. G'alaba onlaridagi hissiyotlarni yana-yana tuyishni xohlayman va o'ylaymanki, yangi mavsum jamoamiz uchun oxirgisidan-da omadliroq kechadi. Bunday ishonchning boisi shuki, har qanday vaziyatda ham, g'alaba qozonishdan charchamaymiz. Klub bunga sira yo'l qo'ymaydi, muxlislar yondashuvi ham.  To'g'ri, g'alabalar tez unutiladi, ammo sen yil davomida hech narsa yutolmasang,  o'z salohiyatingga nisbatan shubhalar tug'iladi - eng yomoni shu. Demakki, ozgina bo'shashishga ham haqqimiz yo'q. Boshqacha aytganda, ulkan zafarlar yo'lida bor imkoniyatlarni ishga solishimiz, umumiy yondashuvni bir maromda saqlab turishimiz shart. Chunonchi, tushunarliki, g'alaba umrbod davom etmaydi va hozir jamoamiz kuchli ekan, nega endi zafarlarni zafarlarga ulamasligimiz kerak?

- Rotatsiya siyosati sizni ham chetlab o'tmadi. Zero, a'lo darajadagi sport formasiga ega bo'lguningizga qadar to'liq 90 daqiqa barqaror to'p surolmasdingiz. Balki aynan rotatsiya tufayli ham mavsumni ko'ngildagiday tugatgandirsiz...

- Bu fikrga qo'shilish mumkin, qaysidir ma'noda. Tan olaman, mavsum davomida ba'zi o'yinlarni o'tkazib yuborganim finish marrasiga yaqin vaqt tetik bo'lishimga ko'mak berdi. Umuman, bu masalada murabbiy va ma'murlar bilan ko'p gaplashdim, jismoniy tayyorgarlik mutaxassislarining sport formasini yaxshilash bo'yicha bergan ko'rsatmalariga to'liq amal qildim. Shuningdek, hech narsadan ortiqcha bezovtalanmadim, chunki klubning barcha xodimlariga ishonaman.

- Ayniqsa, Kardiff finalida qoyilmaqom darajada to'p surdingiz.

- Ha, hammasi o'xshadi. Misol uchun, vaziyatlardan birida to'pni olib qo'yib, Karvaxalga uzatdim va u qayta o'zimga berdi. Shunda bunday imkoniyatdan unumli foydalanish zarurligini tushunib, darhol Krishtianu tomon keskin uzatmani amalga oshirdim, o'sha hujum nima bilan tugagani barchaga ayon.

- Qizig'i, boshida bunday rotatsiya muvaffaqiyat keltirishiga ishonmasligingizni aytgandingiz. Voqealarning omadli rivojidan so'ng fikringiz o'zgardimi?

- Darhaqiqat, keng rotatsiyaning samara keltirishiga shubham bor edi: goh o'ynaysan, ba'zida o'ynamaysan va nimalarnidir o'tkazib yuborasan... Ammo Zidan yakunda o'z g'oyasi ish berishini isbotladi - aynan rotatsiya tufayli sovrindor bo'ldik. Jamoa to'g'ri rotatsiyaga nechog'li ehtiyoj sezishini endi to'liq tushundim. Yoqimli tomoni, barcha o'yinchilar g'alabaga o'z ulushlarini qo'shishdiki, bu ham ahillikni mustahkamladi.

- «Madrid»da xuddi Xorvatiya termasidagi kabi 10-raqam ostida to'p surishni xohlarmidingiz?

- Bunday savolga bir necha yil avval «Ha» javobini berardim, hozir esa raqamlar ahamiyati yo'qolgan. Xususan, menga 19-raqam ham yoqadi va uni o'zgartirishdan ma'no ko'rmayapman.

- Xuddi Ozil va di Mariya kabi «Real Madrid»dan o'z ixtiyoringiz bilan ketishingiz ham mumkinmi?

- Eh, «Madrid» bilan xayrlashish oson emas. Axir bu klubdan ketishing pastga sho'ng'ish hisoblanadi. To'g'ri, ketganlarda shunga yarasha sabablari bor, lekin men bunday yo'l tutish fikridan yiroqman. Futbolda umumiy vaziyat tez o'zgarsa-da, jamoada qolish uchun har narsaga tayyorman.

- Chindan ham, «Madrid»dan ketish mushkul, biroq jamoada mustahkam joy olish undan-da qiyin. Yangi mavsumda tarkibga Lorente, Ernandes va Valexo kabi yosh iqtidorlar qo'shiladilar. Agar ixtiyor sizda bo'lganida, yana qaysi transferlarni amalga oshirishni xohlardingiz yoki hozirgidan kuchliroq tarkib tuzish imkoni yo'qmi?

- Aniq gap aytish qiyin. Klub so'nggi yillarda bir qator yosh futbolchilar bilan shartnoma tuzib, kelajak uchun mustahkam poydevor yaratdi. O'zi hozirgi jamoani yanada kuchaytirishga qodir futbolchini topish va uni taklif etish oson emas. Umuman, jamoaga nima kerakligini rahbarlar va murabbiylar bilishadi - ular qabul qilgan qarorlarni to'liq qo'llab-quvvatlaymiz.

- Ayni payt og'ir mavsumoldi yig'inlarida zimmangizga tushadigan yuklamalarni ko'tarishga tayyormisiz? «MYu», «Barselona» va «Manchester Siti»ga qarshi kechadigan nazorat o'yinlari, keyin 2ta superkubok bahsi. Mavsum startiga qadar etarlicha maydonga tushasizlar...

- Albatta, mashg'ulotlar jarayoni engil bo'lmaydi. Hammamiz oldinda o'tgan yildagidan ham og'irroq mavsumoldi uchrashuvlari kutib turganini yaxshi anglab turibmiz. Ammo ishimiz shu va barchasini bosib o'tib, yangi mavsumga mukammal tarzda tayyorgarlik ko'rishimiz lozim. Bir tomondan, mavsum arafasida murakkab uchrashuvlar orqali sinovdan o'tishimiz foydalidir. Qolaversa, har bir futbolchi «MYu» yoki «Barsa»ga qarshi bahsda maydonga tushishni istaydi - bular benazir raqiblar.

- «Qaymoqranglilar» libosida g'alaba qozonish imkoni yuqoriligini qalban his qilasizmi? Boshqacha aytsak, maydonda klub gerbi ham yordam beradimi?

- Shubhasiz, «Madrid»ning buyukligi alohida ishonch uyg'otadi: maydonga tushar ekansan, g'oliblik hissini tuyasan. Lekin muvaffaqiyat uchun ramzning o'zi etarli emas, avvalo, harakatlaring bilan g'alabaga munosibligingni ko'rsatishing kerak. Raqiblarning bizga hurmat bilan qarashlari tayin, ular shuning barobarida «Real»ni engish uchun 200 foiz kuch sarflashadi. Jamoa ramzi esa buyuk jamoada o'ynayotganingni eslatib turadi. Deylik, «Real Madrid» ChL yoki «Qirol kubogi» finaliga chiqsa, deyarli har safar g'alaba qozonadi. Mana, ChLni olaylik: «Real» o'zi ishtirok etgan so'nggi 6ta finalning barchasida kubok sohibiga aylandi.

- Faoliyatingizni aynan «Madrid»da tugatish variantiga qanday qaraysiz? Umuman, necha yoshgacha o'ynamoqchisiz?

- Ochig'i, buni hozircha o'ylaganim yo'q va aniq muddatni aytolmayman. Ammo hozirgidek ishlab, o'zimni nazorat qilib borsam, raqiblarni hali ko'p zeriktirsam kerak. Faoliyatimga «Madrid»da nuqta qo'yish masalasiga kelsak, bu asosiy orzum, ammo hammasi ishlarim qanday davom etishiga bog'liq. Tushunarliki, «Madrid»­da talab juda baland va unga javob berish uchun doimo eng yuqori darajada bo'lish shart. Bordiyu, buni uddadolmasang, senga nisbatan shubha tug'iladi. Qaytaraman, agar hozirgidek ishlasam, yana ko'p yillar a'lo saviyada o'ynashim aniq.

- Yakunda Mamich bilan bog'liq mojaroga oydinlik kiritsangiz...

- O'ta murakkab va noqulay vaziyat, ammo vijdonim toza. Bu mavzuda boshqa gapirishni istamayman. Hammasi ancha yillar avval sodir bo'lgan, hozirgi voqealarni kuzatish esa og'ir. Hayotimda ko'plab muammolarga uchradim va ishonchim komil, bunisini ham engib o'taman. Hammasi tez orada ijobiy yakun topishiga ishonaman.

- Xo'sh, milliy terma jamoangiz haqida nima deya olasiz?

- Hozircha bir to'xtamga kelganim yo'q, ko'ramiz. Ayni payt bor e'tiborim mavsumoldi tayyorgarligiga qaratilgan.

BestMaster
28 Iyul 2017, 11:50
modrich, «hammadan, kuchli, ekanmiz, galaba, qozonaveramiz»,
Ulashish
Yangilik yoqdimi? Do'stlaringiz bilan ulashing:
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!
Online
© UzFIFA Group© RealFC.NET - 2017
iks
ads