Stadion.uz Portugaliya terma jamoasi va «Yuventus» klubi futbolchisi Krishtianu Ronalduning eng sara iqtiboslarini taqdim etadi.
*
“Barselona” men borib qo'shilishim mumkin bo'lgan Er sharidagi eng so'nggi klub.
*
Kechirasizlar, hatto Yaratgan Egamni ham barcha yaxshi ko'rmaydi. Xo'sh, endi meni yomon ko'ruvchi insonlar ko'p ekanligidan nega xafa bo'lay?
*
Doimo o'ylagan narsam haqida fikr bildiraman. Balki, shu odatim uchun ham meni juda ko'pchilik xush ko'rmas…
*
Yaqinda o'g'lim mendan eng so'nggi rusumdagi telefon olib berishimni iltimos qildi. Unga rad javobini berdim. Agar inson o'zi uchun hamma narsaga ruxsat bersa, hayot izidan chiqib ketishi turgan gap.
*
Ba'zan baland sakrash uchun bir qadam ortga tashlashga to'g'ri keladi…
*
Men orzular og'ushida hayot kechiraman. Hech qachon orzularim meni tark etishini istamagan bo'lar edim.
*
Men imkonsiz ishlarga qo'l urishni xush ko'raman. Axir taqdir menga taqdim etgan hayot yo'lidan chiqib ketishim ham imkonsiz edi-ku!
*
O'ylashimcha, mening eng kuchli jihatim ruhan juda mustahkam ekanligim. Sababi, aynan ruhiy quvvatim sababli har mavsumda eng zo'r futbolchi bo'lishga intilaman.
*
Mashhurlik meni o'zgartirmadi, degan insonlarga hech qachon ishonmang! Sababi, zarracha mashhurlik kelsa, u o'sha insonning hayot tarzini o'zgartirib yuboradi.
*
O'zingiz uchun qonunlar yarating va unga amal qiling. Tartib va intizom ortidan ulkan g'alabalar keladi.
*
Super futbolchi bo'lish uchun ikkita qoidaga amal qilish lozim. Birinchisi o'z vaqtida va to'g'ri ovqatlanish bo'lsa, ikkinchisi uyquni rejim asosida yo'lga qo'yish. Bir qarashda kichik detallar, biroq super darajaga chiqish uchun aynan shu omillar birinchi o'rinda yordamga keladi.
*
Har bir futbolchi o'sishni istasa, uni bundan o'zidan boshqa hech kim to'sib qolishga qodir emas.
*
Doimo optimist bo'lish lozim. Ko'tarinki kayfiyat o'z ishingni professional tarzda amalga oshirishda ko'mak beradi.
*
Fergyuson mening sportdagi otam edi. Aynan u mening futbolchilik kareramda inqilobni amalga oshirgan shaxs.
*
Yodimda bor, endigina “Manchester Yunayted”ga kelgan chog'imda raqam tanlashimni iltimos qilishdi. Biroz tortinib 28-raqamni so'radim. Shunda Ser Aleks : “Yo'q, sen 7-raqamda to'p tepasan” dedi. Murabbiyning ishonch bilan menga afsonaviy raqamni topshirganini ko'rgach, yuragimda olov paydo bo'ldi. Keyinroq bilsam, bu ishonch kreditlari ekan. Umid qilamanki, bu kreditlarni to'liq oqladim.
*
Mendan avvalroq ham yosh futbolchilar “Manchester Yunayted” bilan katta g'alabalarga erishgan. Bu omil meni sira qo'rqitmaydi. Aksincha, u ertangi kunga bo'lgan ishonchimning ortishiga sabab bo'ladi.
*
Mashg'ulotlar chog'ida futbolchilar bajarishi juda mushkul bo'lgan fintlarni mashq qilar edim. Bir kuni ularni Skoulzga ko'rsatdim. U indamadi va menga 50 metr naridagi eshikni ko'rsatdi va birinchi urinishdayoq to'pni o'sha eshikka tekkazishini aytdi. Men ishonmadim, biroq Pol birinchi urinishdayoq bu ishni uddaladi. Keyin men urinib ko'rdim. 10 ta urinish ham befoyda ketdi. Skoulz mening terlab ketganimni ko'rdi va kulib maydonni tark etdi.
*
“Real” bilan shartnoma imzolaganimda, xuddi oila a'zolarimdan ayrilgandek o'zimni his etgan edim.
*
Men Madriddagi hayotimdan doimo minnatdor bo'lganman. Agar jamoa imkon berganida, yana 10 yillik shartnomaga imzo chekkan bo'lar edim.
*
Men hech qachon shaxsiy statistikam uchun to'p tepmaganman. Barcha kiritgan gollarim ortida jamoamning g'olib bo'lishi uchun qilgan mehnatlarim yotibdi.
*
Ha, bizda mashina, uy va juda ko'p pul bor, ammo hech kim bu narsalarga erishish uchun biz bosib o'tgan yo'l haqida fikr yuritmaydi?!
*
Barcha futbolchilar xatoga yo'l qo'yadi. Faqat buyuk futbolchilar alamli mag'lubiyatlardan so'ng yana oyoqqa turib harakatda davom etishi mumkin.
*
Agar 2016 yildagi Evropa chempionati oldidan kimdir birorta gol kiritmasang, Portugaliya chempion bo'ladi desa, men musobaqada ishtirok etmagan bo'lar edim.
*
Jarima zarbalarim siri? Hech qanday sir yo'q. Zarba oldidan darvozaga qaramayman va qani, Krishtianu, zarba yo'lla, deyman.
*
Leo bilan solishtirishlari o'rinli, biroq biz dushmanlar emasmiz. Men uni o'zimni yanada kuchli qilishga majburlagan inson sifatida qabul qilaman. Shu o'rinda men ham uning yanada kuchli bo'lishi uchun turtki bo'lganman.
*
Nima uchun men Messiga hasad qilishim kerak? Axir, men Krishtianu Ronalduman va hech kim men singari sovrinlar yutish borasida rekord o'rnata olmaydi!
*
“Barselona” ajoyib jamoa, biroq ular boshqa sayyoradan kelmagan. Ular ham biz singari oddiy futbolchilar.