Tunda “Bavariya” jamoasi bilan o'yinda juda yirik hisobda mag'lubiyatga uchragan “Barselona” klubi tanqidlar ostida qolib ketgani rost. Shunday bo'lsa-da, klub o'tmishida bundan ham yirikroq hisobdagi mag'lubiyat mavjud. Bugun Stadion.uz o'sha uchrashuvni yodga oladi.
1931 yilning 8 fevral sanasida “Atletik Bilbao” Kataloniya klubini “Bavariya”dan ham ayanchli ahvolga solib qo'ygan edi. Keling, hammasini boshidan boshlaymiz…
Biz yodga olgan musobaqa Ispaniyada hisob bo'yicha 3-milliy chempionatda bo'lib o'tgan. Avvaligi chempionatlarning birinchisida (1928/29) “Real” “Barselona”ni ikki ochkoga ortda qoldirib, chempionlikni qo'lga kiritgan bo'lsa, ikkinchi chempionatda “Atletik” “Barselona”ni 7 ochkoga ortda qoldirgancha g'oliblikni nishonlagandi. Shu sababli kelasi mavsumda chempionlik uchun kurash, asosan, “Atletik” va “Barselona” o'rtasida bo'lishi taxmin qilingandi.
Uchinchi bor o'tkazilayotgan chempionatda atigi 10 ta klub ishtirok etgani bois 18 ta turda g'olib nomi aniqlanishi lozim edi. Bunday vaziyatda har bir ochkoning qiymati bir necha barobar ortib ketishi turgan gap. Har qanday yo'qotilgan ochko yakunda chempionlikdan mahrum qilishi hech gap emasdi.
Ha, aytgancha, chempionatga dekabr oyida start berilgan. Sababi, kuzda “Barselona” Kataloniya chempionatida 10 ta o'yin o'tkazgan (8 ta g'alaba) bo'lib, faqat qishdagina milliy chempionat tasarrufiga kelib qo'shilardi. O'sha paytlardagi “Barselona”da Jim Bellami boshchiligidagi ingliz murabbiylar shtabi ish olib borayotgandi. Ispaniya chempionatining ilk turida kataloniyaliklar boshqa bir ingliz murabbiyi Fred Pentlend boshchiligidagi “Atletik” bilan to'qnash keladi. Murosasiz kechgan uchrashuvda Kataloniya klubi 6:3 hisobida ustun keladi va musobaqani g'alaba bilan boshlaydi.
Afsuski, omadli startdan so'ng “Barselona” birin-ketin ochko yo'qotadi. Avvaliga “Evropa” (XIX asr boshida Ispaniyada shunday nomli klub mavjud edi) bilan ochkolarni bo'lishib olgan bo'lsa, keyinroq o'z uyida “Real Sosedad”dan (1:4) mag'lubiyat qabul qilinadi. Keyin o'z uyida “Rasing” bilan durang va mehmonda “Arenas”dan (5:1) alamli mag'lubiyat. Biroz muddatdan so'ng “Espanol” bilan derbida (6:1) yana yirik hisobdagi mag'lubiyat. Ikkinchi davra arafasida “Barsa” “Real”, “Alaves” va “Union” klublari bilan ochkolarni bo'lishib oladi.
Ikkinchi davraga Bilbaoda “Atletik” va “Barselona” klublari to'qnashuvi start berishi lozim edi. O'yindan oldin Fred Pentlend “Barsa”ning barcha ojiz nuqtlarini yaxshilab o'rganib chiqadi va o'yinga ideal taktik sxema tanlaydi. Shu sababli “Atletik” ilk daqiqalardanoq hujumga tashlanadi.
O'sha davrlarda Evropaning eng yaxshi hujumchisi sanalgan Agusto Santos (yoki shunchaki Bata) 2-daqiqaning o'zidayoq “Barsa” darvozasini ishg'ol qiladi. Oradan besh daqiqa o'tib, Bata bu ishni yana takrorlaydi. Uchrashuvning bu tariqa boshlanishini kutmagan “ko'k-anorranglilar” oldinga tashlanadi. “Atletik” katta kuch bilan himoyalanayotgan bir paytda klubining barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchisi Roberto Echevarriya qarshi hujumni golga aylantiradi. O'yinning 28 daqiqasiga kelib Bata o'z hisobiga uchinchi golni yozdirib qo'yadi…
Shu o'rinda o'sha uchrashuv haqidagi turli afsonalar mavjud ekanligini alohida qayd etib o'tish joiz. Hozir ular orasidagi eng keng yoyilganlaridan birini keltirib o'tamiz.
Uchrashuv oldidan “Barselona” darvozaboni Ramon Lorens qornida og'riq sezgan. Shifokorlar o'ynay olishi haqida so'ragashganida barchasi joyida ekanligini aytgan, ammo darvozastdan 3-golni olib chiqqach, kiyinish xonasiga qornini changalagancha yo'l olgan. O'sha davrlarda zaxiradan futbolchi maydonga tushishi mumkin bo'lmagani sababli “Barselona” o'yinni bir kishi kam bo'lib davom ettirgan. Bir qarashda yirik hisobdagi mag'lubiyat tushunarli holdek ko'rinadi, lekin o'yin yakunlangani haqida qaydnomada 90 daqiqa davomida barcha futbolchi maydonda bo'lgani ko'rsatilgan protokol bugungi kungacha etib kelgan. O'sha uchrashuv haqida yozgan sport gazetalarining birortasida Lorensoning maydonni tark etgani haqida rasmiy ma'lumotlar yo'q. Bundan ko'rinib turibdiki, katta ehtimol bilan o'yin 90 daqiqa teng tarkiblar o'rtasida davom etgan.
Endi Bilbaoga qaytamiz. Birinchi bo'lim 6:1 hisobi bilan yakunlandi. Keyin ham Fred shogirdlari “Barsa”ni yanchib tashlashda davom etishdi. Ikkinchi taymning 9-daqiqasida Xuan Garisureta 7-golni kiritadi. Ko'p o'tmay Bata o'zining uchrashuvdagi beshinchi golini ham nishonlab yuboradi. Keyin esa "nafsiga erk berib", 6-7-gollarini ham “Barselona” darvozasiga yo'llab yuboradi. Shu tariqa tablodagi hisob 10:1 ko'rinishini oladi. Butun stadion o'z seviklilarini oldinga chorlar, murabbiy oldindan o'ylagan barcha rejalar amalga oshayotgan edi. O'yin yakunlanayotgan bir paytda kataloniyaliklar himoyachisi Xose Sastre o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'yadi. So'nggi daqiqalarda esa Xose Iraragori o'yinga yakuniy nuqtani qo'yadi. “Atletik” : “Barselona” — 12:1! o'sha uchrashuvdan so'ng Kataloniya klubi boshqa hech qachon hech kimga 11 ta gol farqi bilan mag'lub bo'lmadi.
Oradan ikki kun o'tgach, “Barselona” autsayder “Evropa”ga o'z uyida mag'lubiyatga uchradi. Ushbu mag'lubiyatdan so'ng Ramon Lorens anchagacha asosiy tarkibda ko'rinish bermadi. Uning o'rnini “tomat” laqabli Xuan Xose Noges egalladi.
Hafta so'nggida “Les-Korts” (o'sha davrlardagi “Barselona”ning uy stadioni) arenasida “Barselona” “Real Sosedad”ni yirik (5:1) mag'lubiyatga uchratadi va chempionlik uchun asosiy da'vogarning oyoqlariga “bolta uradi”. Omadsizlikka uchragan ingliz murabbiylar shtabi yirik hisobdagi g'alabaga qaramay, iste'foga chiqariladi va ularning o'rnini mahaliy murabbiy — Xosep Sapitter egallaydi. E'tiborlisi shundaki, chempionlik uchun kurashda Bilbao klubi “Rasing” va “Real Sosedad” bilan bir xil — 22 ochko jamg'aradi. Shu sababli kiritilgan va o'tkazib yuborilgan gollar inobatga olinadi. “Atletik” “Barselona”ga qarshi o'yindagi 12:1 natijasidagi g'alabasi evaziga barchadan o'zib ketadi va chempionlikni ketma-ket ikkinchi bor nishonlaydi. Ko'p o'tmay, Fred Pentlend shogirdlari Ispaniya kubogida (o'sha davrlarda "Prezident kubogi" deb atalgan musobaqa) ham zafar quchadi va oltin dublni amalga oshiradi.
Ha, aytgancha, “cho'kayotgan kema”ni qutqarish maqsadida tashrif buyurgan Xosep Sapitteri mavsum so'nggiga qadar 21 ochko jamg'aradi va musobaqa chempionidan bir ochko ortda qoladi. Agar o'sha 12:1 hisobidagi mag'lubiyat bo'lmaganida, balki, “Barselona” mavsumni chempion sifatida yakunlagan bo'larmidi?!
Yaxyoxo'ja Ulug'xo'jaev