«Real» bosh murabbiyi Zayniddin Zidan «Manchester Siti»ga qarshi bo'lib o'tgan o'yindan keyin fikr bildirar ekan, himoyachi Rafael Varanni qo'llab-quvvatladi.
«Ushbu mavsumda yuqori bahoga loyiqmiz. Varanni koyimang. Biz boshimizni baland ko'targan holda yangi maqsadlar sari intilamiz. Yigitlarga shunday dedim. Ushbu bahs borasida bahona topishga hojat yo'q. Biz borimizni berdik, ammo ba'zida bu ham kamlik qiladi.
Biz bugun xafa bo'ldik, ammo bu futbol. Mag'lubiyatni qabul qilishdan boshqa ilojimiz yo'q. Bizda vaziyatlar bo'ldi, ulardan foydalana olmadik. Ushbu mavsumda 95% bahslarda muvaffaqiyatli harakat qildik. Jamoa yutqazgan paytda barcha sababini qidiradi.
Yutqazgan paytingda, tan olish kerak, nimadir etishmaydi. Bu to'qnashuvda hal qiluvchi palla birinchi o'yinda yutqazganimiz bo'ldi. Bizda to'qnashuv taqdirini o'zgartirish imkoniyati bor edi, ayniqsa, ikkinchi bo'limda hisob 1:1 bo'lib turganida. Yana gol urishimiz mumkin edi. Ammo biz bahona qidirmaymiz. Men "Siti"ni g'alaba bilan tabriklayman va o'z shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman», — dedi Zidan.